1-2-iyul kunlari Nukusda sodir boʻlgan tashvishli voqealar tobora murakkablashib, keskinlashib borayotgan bugungi dunyoda ijtimoiy barqaror-lik va hamjihatlikni asrash masalasi naqadar jiddiy vazifaga aylanayotganini yana bir bor namoyish etdi.
Keyingi yillarda butun Oʻzbekistonda boʻlgani kabi Qoraqalpogʻiston diyorida ham keng koʻlamli ijtimoiy islohotlar amalga oshirildi. Xususan, davlat rahbarining Qoraqalpogʻistonga oʻtgan yilgi tashrifi chogʻida maʼlum qilinganidek, sanoatni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan ikki yuzdan ortiq loyihalar bajarildi, “Qoraqalpoq sement”, “Texnik global”, “Nukus polimer”, “Vegateks global” kabi oʻnlab korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari oshirildi.
Aholining koʻplab ijtimoiy muammolarini tizimli bartaraf etish choralari koʻrildi, fuqarolarni ichimlik suvi bilan taʼminlashga xizmat qiladigan quvur va inshootlar barpo qilindi. Qoraqalpoq davlat sanʼat muzeyining qayta jihozlanishi, oʻlkashunoslik muzeyi va iqtidorli bolalar maktabi binolarining qad koʻtarishi, istirohat bogʻi va sport majmuasining bunyod etilishi oʻlka turmushini yanada jonlantirdi.
Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filiali negizida Qoraqalpogʻiston tibbiyot institutining tashkil etilishi, Navoiy davlat konchilik instituti, Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti filiallarining ish boshlashi qoraqalpoq yoshlarining taʼlim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
Biroq iyulning ilk kunlarida boʻlib oʻtgan voqealar ushbu zafarlarni “hazm qila olmaydigan”, barqarorlikni izdan chiqarishga moyil boʻlgan, asrlar davomida hamjihatlikda umrguzaronlik qilib kelgan ikki xalq orasiga nifoq solishga intiladigan davralar mavjudligini koʻrsatmoqda. Bu davralar Oʻzbekistonda har qanday eʼtiroz va takliflarni bayon etishning qonuniy va taʼsirchan ijtimoiy mexanizmlari yaratilgan bir sharoitda jamoatchilikni noqonuniy namoyishlarga chaqirdi va shuning bilan jiddiy tartibsizliklarning yuzaga kelishiga sabab boʻldi.
Bugun davlat rahbarining tezkor va samarali choralari ikki qardosh xalqning birdamligi va yakdilligi sharofati bilan vaziyat barqarorlashdi. Lekin ijtimoiy barqarorlik va hamjihatlikni, oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari jipsligini, millatlararo totuvlikni asrash vazifasi dolzarbligicha qolmoqda. Ijtimoiy ziddiyatlar, ixtiloflar, tahlika va tahdidlarni boshidan oʻtkazgan Yaqin Sharqning qator mamlakatlari, qoʻshni davlatlarning achchiq tajribasi bizdan bu vazifaga masʼuliyatli yondashishni, ogohlik va hushyorlikni oshirishni, bir-birimizga nisbatan sabrli-oqibatli boʻlishni, turli voqea va jarayonlarga qonuniy yoʻllar bilan munosabat bildirishga odatlanishni talab etmoqda. Shu munosabat bilan biz barcha vatandoshlarni ogoh va hushyor boʻlishga, diyorimizning eng ardoqli qadriyatlari – tinchlik va osoyishtalik, xotirjamlik va birdamlik, hamjihatlik va oʻzaro totuvlikni koʻz qorachigʻidek asrashga chorlab qolamiz.
Dilmurod NABIYEV,
Qarshi davlat universiteti rektori, professor