FVV aholini ogohlikka chaqiradi

    Havo haroratining keskin oʻzgarishi, kunlarning sovishi issiqlik taʼminoti — isitish jihozlariga boʻlgan ehtiyojni oshiradi. Zero, isitish manbalaridan notoʻgʻri foydalanish oqibatida is gazi bilan bogʻliq koʻngilsiz hodisalar, eng achinarlisi, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelib, insonlar qurbon boʻlishi mumkin.

    FVVning xabar qilishicha, statistik maʼlumotlarga qoʻra, ob-havo keskin sovigan kunlarda sodir boʻlayotgan favqulodda vaziyatlarning aksariyati is gazidan zaharlanish holati bilan bogʻliq. Ushbu zaharli gaz xonadonlarimizda foydalaniladigan tabiiy va suyultirilgan gaz, koʻmir, oʻtin va boshqa shu kabi yoqilgʻi manbalarining toʻliq yonmasligi natijasida paydo boʻladi.

    Is gazi rangsiz va hidsiz boʻlib, nafas yoʻllari orqali qonga soʻrilganda organizmni, xususan, markaziy asab tizimini jiddiy zararlashi bilan xavfli. Inson is gazi bilan zaharlangan havodan nafas olib tursa ham hech narsani sezmaydi, shu bois, is gazidan zaharlanib, vafot etish ehtimoli yuqori.

    Olib borilgan tahlillarga koʻra, is gazidan zaharlanish holatlari koʻp kvartirali uylardagi xonadonlarni isitishda gaz plitasidan foydalanishda, aholi xonadonlarida esa pechlar moʻrilarining oʻz vaqtida tozalanmasligi, tutun yoʻllari va fortochkalarning yopib qoʻyilishi, chet ellarda ishlab chiqarilgan isitish pechlari, nostandart va qoʻlbola isitish vositalaridan notoʻgʻri foydalanish oqibatida, uyni isitishda ochiq holdagi koʻmir va oʻtin choʻgʻlaridan foydalanish natijasida yuzaga kelishi mumkin.

    Gaz bilan bogʻliq koʻngilsiz holatlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish choralari:

    — gaz va muqobil yoqilgʻi (koʻmir, oʻtin neft mahsulotlari va boshqalar) turlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya eting;
    — nostandart (qoʻlbola yasalgan) yoki sertifikatga ega boʻlmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanmang;
    — isitish pechlari dudburonlarining toza va soz holatda boʻlishini taʼminlang;
    — gaz yoki boshqa muqobil yoqilgʻiga moslashtirilgan isitish pechlari hamda suyultirilgan uglevodorod gaz balonlarini (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirmang;
    — oshxonada oʻrnatilgan tabiiy gazda ishlovchi gaz plitalaridan xonalarni isitish maqsadida foydalanmang;
    — xonalarni isitishda ochiq olov (koʻmir va oʻtin choʻgʻlari)dan foydalanmang;
    — havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarning ochiq va ishchi holatda boʻlishini taʼminlang.

    Xonadonlarga gazni aniqlovchi qurilma oʻrnatish tavsiya qilinadi. Bu kutilmaganda is gazi va tabiiy gaz sizib chiqish holatlarini darhol aniqlash hamda bartaraf etish imkonini beradi.

    Gaz ballonlarini issiqlik manbaiga yaqin joyda qoldirmaslik lozim.

    Agar xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan foydalanmang, darhol xonani shamollatish chorasini koʻring. Bu haqda “104” raqami orqali gaz xizmatiga, yongʻin sodir boʻlgan taqdirda, yongʻin-qutqaruv xizmatining “101” yoki “1050” telefon raqamiga xabar bering, — deyiladi xabarda.