Biroq shu masalada toʻgʻri anglamga kelishning oʻzi ham alohida mavzu. Mazkur tushuncha mohiyatini kimdir milliy liboslar aks etgan lavhalarda, kimdir oʻzbek tilida tayyorlangan materiallarda, yana kimdir milliy taomlarda deb bilyapti. Ayrim sanʼatkorlar milliylikni ulugʻlayapman deb yerga urayotgani ham asl mohiyatni bilmaslikdan kelib chiqyapti. Milliy kontent deyishga arzigulik ish qilayotganlar esa xalqning madaniyati, urf-odati, anʼanalari, tili, tarixi va qadriyatlarini aks ettiradigan materiallargina milliy kontent boʻla oladi, degan fikrda. Ziyoli qatlam vakillari ham bu turdagi kontentlar milliy oʻzlikni saqlash, yosh avlodga singdirish, dunyoga oʻzligimiz bilan tanilishimizda muhim ahamiyatga egaligini eʼtirof etadi.

Aslida-chi, milliy kontent oʻzi qanaqa boʻlishi kerak? Xoʻp, uni yarata olyapmiz ham dey­lik. Biz milliy kontent deyayotgan chiqishlar nima uchun ommalashmayapti? Ular ham koʻp­ning eʼtiboriga tushishi, muhokamalar maydonida boʻlishi, boshqa kontentlar oqimiga qoʻshilib ketishi uchun qanday yoʻl tutsak toʻgʻri boʻladi?

Ochiq aytish kerak, bu savollarga aniq yechim yoʻq. Biroq qarashlar, takliflardan kelib chiqib muayyan maqsad sari borish mumkin. Shu maʼnoda, milliy kontent yaratish jarayo­nida qatnashayotgan ijodkorlar, ziyolilar va xolis kuzatuvchilarning bir guruhi bilan suhbatlashdik. Oʻzaro fikr almashildi, takliflar bildirildi.

Millat sifatida yashab qolishning muhim shartlaridan biri

Vohid LUQMONOV, “Madaniyat va maʼrifat” telekanali rahbari:

— Darhaqiqat, soʻnggi yillarda “mil­liy kontent” degan jumla urfga kirgan istilohlardan biriga aylandi. Uni yara­tish istagida jiddu jahd qilayotganlar koʻpligini aytmaysizmi? Mamlakatimizda ikki mingdan ziyod ommaviy axborot vosi­tasi faoliyat yuritayotgan, ularning 700 dan oshigʻini internet nashrlari tashkil etayot­gan, ushbu ommaviy axborot vositalarining asosiy qismi oʻz mediamahsulotlarini, zamonaviyroq aytganda, mediakontentini oʻzbek tilida tayyorlayotgan boʻlsa, unda mil­liy kontent yaratish ehtiyoji qayerdan paydo boʻldi? Oʻzbek tilli ommaviy axborot vosi­talarining siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, ijtimoiy, taʼlimga oid yoki koʻngilochar mavzulardagi kontentlari milliy emasmi?

Prezidentimiz 2024-yil 12-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida belgilab bergan milliy kontent yaratish vazifasi va bugun biz tushunayotgan milliy kontent oʻrtasida qanday farq bor? Milliy kontent nima, u qanday boʻlishi kerak?

Davlatimiz rahbari “milliy kontent” de­ganda Oʻzbekistonning milliy manfaatlari­ni koʻzlagan holda dunyo va mamlakat ichidagi voqea-hodisalarga sof milliy nuqtayi nazar­dan baho bera oladigan axborot maydonini na­zarda tutgani shubhasiz. Yaʼni milliy kontent millatning madaniyati, urf-odatlari, tili, tarixi, dini, qadriyatlari va maʼnaviy mero­sini aks ettiruvchi mediamakondir.

Shoʻrolarning “shaklan milliy, mazmunan sotsialistik” degan mafkuraviy shiori oqi­batida milliy sanʼatimiz, adabiyotimizni boy berishimizga bir bahya qoldi. Biroq hanuz shaklga zoʻr berib, mazmunni unutib qoʻyayotgan­dekmiz. Yoʻqsa, davlatimiz rahbari Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining 2023-yil 22-dekabrdagi yigʻilishida “Oʻzimizga bir savol berib koʻraylik: biz hozirgi keskin sha­roitda gʻoyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi? Mana, bu­gun maʼnaviy-maʼrifiy sohada masala qanday oʻtkir va koʻndalang boʻlib turibdi. Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy oʻylantiradi­gan, tashvishga soladigan savollar. Agar biz bu yorugʻ dunyoda “oʻzbek”, “Oʻzbekiston” degan nom­lar bilan yashab qolishni istaydigan boʻlsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish boʻyicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech boʻladi”, demas edi.

Milliy kontent yaratish bugungi global dunyoda millat sifatida yashab qolishning eng muhim shartlaridan biridir. Afsuski, hozir biz “milliy” deb atayotgan juda koʻplab mediamahsulotlar ijtimoiy tarmoqlarda bemaza qovunning urugʻidek koʻpayib ketgan. Bemaza videomateriallar, telekanallarning efir vaqtini toʻldirayotgan teleserial va telenovellalarning aytilishigina milliy, xolos.

Mana, men ham misolni aynan shu nuqtadan keltiryapman. Negadir biz “milliy kontent” deganda asosan, badiiy filmlar, teleserial va telenovellalarni tushunyapmiz. Aslida, chuqur ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy tahlil­larga ixtisoslashgan axborot maydonlariga ehtiyoj katta. Bugun ijtimoiy tarmoqlarga joylanayotgan iqtisodiy kontentlar yoʻq emas. Lekin kam. Aksariyat nashrlar jahonda roʻy beradigan siyosiy jarayonlar haqida global mediamakondagi axborotni tarqatish bilan­gina shugʻullanmoqda. Vaholanki, milliy manfaatlarimiz nuqtayi nazaridan tahlil qilin­gan siyosiy axborotlarga talab oshib bormoqda.

Qisqasi, milliy axborot makonida yagona — milliy manfaatlarimizga xizmat qiladigan axborot muhitini yaratish vaqti allaqachon kelgan.

Milliy kontent yaratish mavsumiy tadbir emas

Muhtarama ULUGʻOVA, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan mada­niyat xodimi:

— Oʻzbekiston hayotning barcha jabhasi­da rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga chiqib borayotgani xalqaro miqyosda dalillar bilan eʼtirof etilmoqda. Demak, jahon­ning turli minbarlarida koʻhna va navqiron diyorimiz ramzi boʻlgan bayrogʻimiz hilpi­rab turgani kabi jahon mediamaydonida hayotimiz koʻzgusi boʻlgan oʻzbek mediasi va­killarining soʻzi, ovozi milliy qadriyat­larimiz, xalq donoligi, urf-odatlarimiz, tilimizning keng imkoniyatiyu jozibador­ligi, tabiat va turmush uygʻunligining za­mon bilan hamnafas koʻzgusi sifatida namo­yon boʻlishi kerak.

Toʻgʻri, Alisher Navoiy hazratlari aytganidek, xalqaro soʻz maydoni ustalari bi­lan yuzma-yuz turmoq oson emas. Shu sabab­li oldimizda turgan oʻta muhim jihatni unutmaslik kerak: biz, birinchi navbatda, boshqalar bilan bellashish, bahslashish uchun emas, oʻz xalqimiz, ayniqsa, ulgʻayib kelayotgan yosh avlodga necha asrlardan buyon ajdodlarimiz ilmu urfonda, odamiylik­da, sanʼatu ijodda, hunarmandchilikda dunyo afkor ommasiga ibrat boʻlishining vosita­si — bebaho maʼnaviy boyliklarimizni anglatish, ularga muhabbat uygʻotish va hayot tarziga aylantirish uchun milliy kontent­ni yaratishimiz kerak. Aks holda, kitoblar xonadonlar javonining bezaklari sifati­da qayd etiladigan, milliy liboslarimiz ayrim tadbirlardagina kiyiladigan, xalq qoʻshiqlarimizdan “Alla” bilan “Yor-yor”­gina anʼanaviy tanlovlarda ijro etila­digan, Samarqand obidalari kabi betakror maqomlarimiz ham bemalol qayta ishlanib zamonaviylashtiriladigan, hatto oʻzbek ayo­lining pazandalik sanʼati koʻchadan tashib kelinadigan taomlarning bir marta ishla­tishga moslashgan idishi kabi qadrsizlik “qutisi”ga tashlanadigan, andishayu hayo, kat­taga hurmatu kichikka izzat tezkor zamondan orqada qolish sifatida qabul qilinadigan darajaga yetib, jamiyat qalbi qashshoqlashib boraveradi. Shu sababli, milliy kontent, avvalo, xalqimiz asrlar davomida zarralab toʻplagan, tajribadan oʻtkazgan fazilatli oʻzlik turmush tarzi meʼyorlarini kundalik hayotimizda barqaror etishga xizmat qilishi kerak.

Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim “Saodat” jurnalida bosh muharrir boʻlgan paytlarida bizni xizmat safariga yubo­rishdan oldin: “Maqola uchun tanlangan qahramon haqida iloji boricha koʻproq maʼ­lumot oling. U bilan birga yuring, ishla­rini, muomalasini kuzating”, der edi. On­layn aloqalar bu qadar rivojlanib ketgan bugungi kunda ustozimizning yuqoridagi talabi ahamiyatini chuqurroq anglayotgandek­man. Jurnalist hayotga qanchalar yaqin boʻlsa, odamlar hayotini nechogʻliq yaqindan va teran oʻrgansa, uning ijodida milliy kontent boʻyogʻi shunchalar quyuq, ishonarli boʻladi. Hozir telefon, ijtimoiy tarmoqlar orqa­li olingan maʼlumotlarga asoslanib yozi­ladigan maqolalar, tayyorlanadigan audio va video dasturlar oz emas. Ularning aksa­riyatidagi milliy mentalitet, qadriyatlar, urf-odatlar bilan bogʻliq mulohazalarni qadoqlangan mahsulot haqida uning qutisi (xaltasi)dagi rasmlarga qiyoslash mumkin: surat bor-u, mohiyat yoʻq.

Milliy kontent yaratish vazifasi dol­zarb mavsumiy tadbir emas. Zamon va avlod yangilanaveradi. Biz, jurnalistlar har bir tayyorlayotgan media mahsulotimiz orqali xalqimiz ongiga, qalblarga hayotning barcha jabhalaridagi oʻzligimiz falsafasi, fazi­latlarini nur zarralaridek singdirishga, ularning turmushda barqaror boʻlishiga his­sa qoʻshishga doim masʼulmiz.

Ishni animatsiyadan boshlasak...

Shohrux NORQULOV, rejissyor:

— Bugun “milliy kontent” tushuncha­si har xil tushunilyapti. Ochigʻini aytish kerak, charchagan kishi yengilroq, oson hazm boʻladigan, shov-shuvli kontentlarni koʻrgi­si keladi. Hozir yoshlar orasida eng omma­lashgan tarmoq — instagramni milliy kon­tent bilan toʻldirishda, avvalo, qisqalikka eʼtibor berilishi lozim. Yoshlarni mahliyo etayotgan lavhalardan oʻzish uchun yangilik qi­lishimiz zarur.

Faoliyatimdan kelib chiqib gapirsam, milliy kontentni faqat lahzalik lavhalar­dagina emas, kino, veb seriallarda ham aks ettirish mumkin deb bilaman. Chunki kino­da, veb serialda erkinroq boʻlasiz. Faqat bu masala yechimi mablagʻga borib taqaladi. Ho­zir oʻsmirlarga mos filmlar deyarli yoʻq. Shunday ekan, yoshlarimiz boshqa kontentlar­ni qidiradi. Oʻziga kerakli jihatlarni yot manbalardan oladi. Demak, bu yoʻnalishda ijod qilganlar bugun oʻz auditoriyasini topa oladi. Menga ham koʻp mavzularda takliflar boʻladi. Qay biri ogʻriqli, dolzarb boʻlsa, oʻshaning ustida tezkor ishlashga harakat qilaman. Masalan, toʻy mavzusi. Bu borada qiynalmay milliy kontent yaratish mumkin. Chunki real voqelik. Hammaning eʼtibori­ni tortadigan mavzu. Shuning uchun ham toʻy haqidagi kontentlarimiz koʻp koʻriladi.

Yuqorida oʻsmirlar mavzusini tilga ol­dik. Biroq bundan ham muhim jihat — bo­lalar mavzusi. Yillar davomida yurtimizda animatsiya sohasi oqsab keladi. Aslida, mil­liy kontentni tarbiyalaydigan vosita — multfilm. Bogʻcha yoshidagi har qaysi bola­da multfilmga tashnalik boʻladi. Ana shu tashnalikni qondiradigan milliy kontent boʻlmasa, endi esini taniyotgan bolalar on­gini boshqa multfilmlar egallab oladi.

Bolaligimizda ikkitagina telekanal boʻlar edi. Ularda namoyish etilgan eski multfilmlarning hammasini koʻrganmiz. “Senimi, shoshmay tur”, “Tom va Jerri” kabi animatsion filmlar juda yaxshi qabul qilingan. Bugungi zamonaviy multfilmlar­da esa ustalik bilan oʻsha davlatlarning mil­liyligi singdirib ketilyapti. Bu bir qarashda sezilmaydi. Masalan, “Masha va ayiq” multfilmida xalqning urf-odati, uy qurish uslu­bi, milliy kiyimlari shundoq aks etib tura­di. U orqali butun dunyo oʻsha madaniyat bilan tanishyapti. Biz ham shu yoʻldan borishimiz kerak. Milliylikni multfilm, kinolarga singdirib yuborish zarur. Animatsiyaga eʼti­borni kuchaytirsak, 5-7 yoshli bolalar ongini toza gʻoya bilan egallaymiz. Ular 10 yillardan keyin davlatga kerakli, biz istayotgan kadrlar boʻlib yetishadi. Yaxshiyam Bolalar kontenti­ni rivojlantirish markazi tuzildi. Markaz mana shu jihatlarga eʼtibor qaratsa, samara­dorlik tez koʻrinadi.

Bugun ijobiy taʼsirga ega kontentlar ishlayotgan bloger, vaynerlarimiz ham bor. Toʻgʻri, ular ochiq va erkin ishlaydi. Biroq milliy kontent borasida faollikni oshi­rish kerak. Obunachilar har kuni yangi kontent kutadi. Bugun haftada bir yoki ikki marta chiqish bilan auditoriyani kengaytirib boʻl­maydi. Shu maʼnoda, biz ham faollikni oshi­rish ustida izlanyapmiz. Jamoadoshlarim bilan yangi-yangi gʻoyalar ustida bosh qotira­miz. Zero, koʻpchilik bilan fikr almashil­ganda gʻoyalar xilma-xilligi ortadi. Kimdir yoshlarning koʻngliga yoʻl topayotgan vayner­larni hamkorlikka chaqirish kerakligi, ular orqali keng sonli obunachilar ichiga kirib borish osonroq boʻlishini aytadi.

Yana kimdir tegishli idora va tashkilot­larga qandaydir talablar qoʻyilishi, masa­lan, oʻyinlarda, sunʼiy intellekt yordamida milliy kontentni jonlantirib berish bo­lalarning ruhiyatiga ijobiy taʼsir qili­shini taʼkidlaydi. Boshqasi milliy kon­tent hamma joyda aks etishi, hatto taomda ham sezilishi kerakligi haqida gapiradi. Shulardan kelib chiqqan holda mavzular tan­laymiz. Qahramonlarni shakllantirishda imkon qadar professional va taniqlilar­ni jalb etamiz. Chunki tomoshabin uchun bu juda ahamiyatli.

Taqliddan chekinish kerak

Bobur MANSUROV, bloger:

— Milliy kontent deganda milliyligi­miz, qadriyatlarimizni targʻib qilish, ayniq­sa, unutilib ketayotgan qadriyatlarni tiklash­ni tushunaman. Milliy kontent tayyorlamoqchi boʻlganlar, avvalo, bu borada tajriba, mahorat orttirishi kerak. Zamon nimani talab qilyapti, nima ommalashyapti, hammasini chuqur oʻrganmaguncha kontent sifatli boʻlmaydi. Ijod namunalarimizda xalqqa ham tanish ho­latlar boʻlsagina keng tarqaladi. Agar milliy ruhdagi, tarbiyaviy kontentlar toʻgʻridan toʻgʻri murojaat uslubida tayyorlansa, tomoshabin koʻrgisi kelmaydi. Tomoshabinni nima bilan­dir ushlab qolish kerak. Buning uchun xalqning xarakterini yaxshi oʻrganish zarur. Bu borada kimnidir timsol qilib olish qoʻl keladi. Koʻplab milliy kontentlarni koʻraman, toʻgʻri­dan toʻgʻri murojaat qilingan boʻladi. Bu kon­tent tayyorlashning eng oson yoʻli. Bu yoʻldan yurmaslik kerak. Bugungi obunachilar reallik­ni yoqtiradi. Havoyi narsalar ularni zerikti­rib qoʻyadi. Bu yoʻl nafaqat milliy kontentda, balki kinoda ham, musiqa va qoʻshiqda ham oʻzi­ni oqlamaydi. Aniqroq aytsak, xayolotga be­rilish tomoshabinni yoʻqotishga olib keladi. Shuning uchun hayotiy voqealarga tayanib ijod qilinsa, muvaffaqiyatga erishish mumkin.

Aslida, avvallari ham shunga eʼtibor be­rilgan. Masalan, “Mahallada duv-duv gap”, “Suyunchi” filmlarini olaylik. Haligicha tomoshabinni oʻziga tortadi, hech qachon bez­dirmaydi. Chunki odam oʻzining qadriyatini ulugʻlaydi va buni farzandiga ham oʻrgatadi.

Biz ham shu paytgacha koʻplab milliy kon­tentlar ishladik. Kuzatuvchilarimiz nimadan­dir ibrat, tarbiya olsa, urf-odatlarimiz tikla­nishiga oz boʻlsa-da, hissa qoʻsha olsak xursand boʻlamiz. Auditoriya koʻlamiga kelsak, koʻp son­li obunachilarni yigʻish oson emas. Mavzulari­mizni asosan xalqning oʻzidan olganimiz uchun muxlislarimiz koʻp deb oʻylayman.

Real voqealar deb gapiryapman-u, misol keltirmabman. Bizni kuzatuvchilar yaxshi biladi: ijodiy jamoamiz bilan birga saylov, giyohvandlikka qarshi kurash, tur­li firibgarliklar haqida ham kontentlar tayyorlaganmiz. Voqelikka yondashuvda real­likka asoslanganimiz uchun koʻp koʻrilgan. Menimcha, shu tarzda yondashilsa, kontent­larda samimiyat boʻladi. Faqat kimgadir taqlid qilib emas, yangilik qidirib ishla­ganlar muvaffaqiyat qozonadi. Afsuski, bugun kontentlarda taqlid koʻp. Toʻgʻri, oʻz yoʻli, uslubiga ega blogerlar bor, ularni inkor etib boʻlmaydi. Shu oʻrinda milliy kontent yaratayotgan blogerlar, ijodkorlar­ning eng yaxshilarini, albatta, taqdirlashni taklif qilaman. Zero, raqobat bor joyda oʻsish boʻladi. “Eng yaxshi milliy kontent”, “Eng yaxshi yondashuv” kabi nominatsiyalar ijodkorlarni ruhlantiradi, ijodiy quvvat beradi. Bunday tanlovlarni koʻpaytirish ke­rak. Haqiqiy milliy kontent egalari namu­na sifatida ragʻbatlantirib turilsa, albat­ta, ular safi kengayadi.

Milliy libos kiygan bilan milliy kontent boʻlib qolmaydi

Beruniy ALIMOV, “Yangi media taʼlim markazi” NNT direktori, filologiya fanlari doktori:

— Haqiqatan, bu juda jiddiy masala. Aksariyat oʻquvchilar ijtimoiy tarmoqlar­dan axborot olyapti. Hatto yetakchi OAV ham aynan ijtimoiy tarmoq platformalari orqali auditoriyasi bilan gaplashyapti. Chun­ki oʻquvchi, tomoshabin qayerda boʻlsa, ana shu platformadan unumli foydalanish kerak.

Umumiy kontent yaratish maʼnosida qa­rasak, albatta, oddiy oʻquvchi juda koʻp. Ular professional emas. Shu nuqtayi nazardan ular orasida milliy kontentning asl mohiyati, mazmunini bilmaydiganlar ancha-muncha. Biroq shunday kontentlar tayyorlashimiz kerakki, mohiyat, mazmun aniq anglashilib tursin. Yaʼni oddiy oʻquvchi ham oʻsha kontent uchun yurakdan mehnat qilinganini payqa­sin. Buning uchun ijtimoiy tarmoq faolla­ri, blogerlar, frilanserlar uchun qaysidir maʼnoda maxsus kurslar, oʻquv seminarlari, treninglar tashkil etilishini taklif qil­gan boʻlardim.

Milliy kontent xalqimizga qiziq va foydali boʻlishi kerak. Milliy libos kiy­gan bilan milliy kontent boʻlib qolmaydi. Professional nuqtayi nazardan qanday ax­borot kerakligini aniqlab turib ish koʻr­sak, maqsadga muvofiq boʻladi. Faqat shov-shuv koʻtarish jurnalistikaning vazifasi emas. Bugun, afsuski, shunga ogʻib ketyapmiz. Koʻproq eʼtibor qozonish, auditoriya, rey­ting yigʻish jurnalistikaning sifatiga pu­tur yetkazyapti. Har bir ijodkor, jurnalist faoliyati davomida chinakam milliy kontent yaratishga hissa qoʻshishi kerak. Keyingi paytda bu borada intilishlar, izlanishlar jadallashdi. Davlatimiz rahbarining ta­shabbusidan keyin milliy kontent yaratish­ga alohida eʼtibor berilyapti. Biroq hali qilinadigan ishlar juda koʻp. Shu maʼnoda, koʻproq oʻqib-oʻrganib, ijod qilishimiz ke­rak. Ana shunda xalqimiz, millatimiz man­faati uchun xizmat qiladigan ajoyib mavzu­larni olib chiqa bilamiz.

Milliy kontent haqida keng jamoatchilik, ziyoli qatlamning turfa fikrlari mubohasa maydoniga chiqyapti. Ular orasida siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori Suhrob Boʻronov­ning “Bugungi axborot maydonida milliy kontent yoʻqligi milliy oʻzlikning yoʻqotilishi sifatida baholanishi shart va lozim. Shu bois, axborot xuruji keng avj olayotgan maydonda nafaqat raqobatbardosh milliy kontentni yaratish va u orqali axborot xavfsizligini taʼ­minlash zarur, balki uni xorijiy axborot resurslarida ham doimiy aks ettirish vazifasi davrimizning kechiktirib boʻlmaydigan talabi” degan fikrlari eʼtiborni tortadi. Zero, virtual olam — chegarasiz. Yot kontentlarni toʻsib qola olmaymiz. Shunday ekan, yaxshi gʻoya, yoshlarga taʼsirchan usullarni topish zarur. Xorijiy chorlovlarga esa milliy, zamonaviy qa­rashlarimiz bilan javob beraylik. Ijtimoiy tarmoq — goʻyo koʻzga koʻrinmas katta armiya. Qoʻshinlarning kuchi askari, texnikasi bilan oʻlchansa, ijtimoiy tarmoqlar kuchi kontentlar salohiyati bilan oʻlchanadi.

Sahifani “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Munojat MOʻMINOVA tayyorladi