Bugun mamlakatimiz ulkan islohotlar, bunyodkorliklar maydoniga aylangan. Yuzlab bogʻcha, maktab, oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari binolari, yangi uy-joylar barpo etilmoqda. Oʻnlab yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilyapti. Minglab yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda. Shu oʻrinda Moskva davlat universiteti rektori, akademik Viktor Sadovnichiyning mamlakatimizdagi yangilanishlar haqidagi eʼtirofi esimga tushdi: “Koʻpdan beri Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni kuzatib boraman. Soʻnggi yillarda yurtingizda sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar goʻyo “portlash effekti”ni yodga soladi. Xalqning ijodkorlik quvvati arifmetik emas, geometrik progressiya bilan ortayotgandek tasavvur uygʻotadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev xalq hayotini mukammal tushunadi, muammolarni xas-poʻshlamasdan roʻy-rost ochib tashlaydi. Eng asosiysi, ularning yechimini donolik bilan topa oladi. Mana shu fazilati bilan ham u har qancha tahsinga sazovor. Ayniqsa, oliy taʼlim va ilm-fan sohasini innovatsion gʻoyalar sari burayotgani menga manzur boʻldi”.

Mamlakatimiz qiyofasi mutlaq yangilanyapti. Shunga mutanosib tarzda xalqimizning, ayniqsa, yoshlarimizning dunyoqarashi oʻzgaryapti. Ularda kelajakka umid, ishonch mustahkamlanmoqda. Ilm-fanga, kasb-hunar egallashga qiziqish ortdi. Yigit-qizlar shu orqali jamiyatda oʻz oʻrnini topishi, el-yurtga xizmat qilib, yaxshi yashashi mumkinligini his qildi. Endi bu ishonchni biz — oliy taʼlim muassasalari masʼullari, professor-oʻqituvchilari oqlashimiz, yoshlarning orzu-umidlari, intilishlarini roʻyobga chiqarish yoʻlida jonbozlik, shaxsiy namuna koʻrsatishimiz kerak. Buning uchun bugundan boshqacha fikrlashimiz, boshqacha ishlashimiz, yangilanishni, eng avvalo, oʻzimizdan boshlashimiz zarur. Biroq tan olish kerak: oliy taʼlim tizimi oldiga qoʻyilgan strategik maqsad va vazifalarni hali toʻlaqonli anglab yetganimizcha yoʻq.

Mamlakatimiz iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirishga qodir, fundamental bilimlarga ega, tanqidiy va kreativ fikrlaydigan, vataniga sodiq yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash hamda raqamli iqtisodiyot, “aqlli” texnologiyalar, sunʼiy intellekt, robototexnika, yadro energetikasi, “yashil” energetika, nanobiotexnologiyalar, biokimyo va biofizika kabi muhim yoʻnalishlarda ilmiy-innovatsion faoliyatni yoʻlga qoʻyish, yangi ilmiy maktablar yaratish, ilmiy ishlar samaradorligini oshirishdan iborat vazifalarimizni yetarlicha bajara olyapmizmi, degan savollar kun tartibida ustuvor turibdi.

Ochigʻini aytsak, bu boradagi ishlarimizni talab darajasida, deyish mushkul. Taʼlim sifati, bitiruvchilarimizning bilimi va amaliy koʻnikmasi ish beruvchilarni ham, oʻzimizni ham qoniqtirayotgani yoʻq. Professor-oʻqituvchilar malakasi, ilmiy ishlarimiz samaradorligi pastligicha qolmoqda. Isteʼdodli yoshlarni izlab topish va ular bilan maqsadli ishlashni tizimli asosda yoʻlga qoʻya olganimiz yoʻq. Faoliyatimizni tanqidiy tahlil qilib, rivojlangan mamlakatlarning oliy taʼlim muassasalari faoliyatini oʻrganish, tajribasini umumlashtirish, soha va hududlarni taraqqiy ettirish dasturlaridan kelib chiqqan holda oldimizda turgan dolzarb vazifalarni belgilab olishimiz va ijrosini taʼminlashimiz zarur.

Barcha sharoit yaratib berilgani, maoshimiz 3–4 barobar oshirilganiga qaramay, ilmga, vazifamizga munosabatimizni oʻzgartira olganimizcha yoʻq. “Men olimman, fan doktori, fan nomzodi ilmiy darajalarim bor, shuning oʻzi yetadi. Bu yogʻiga ilmda natija bermasam ham davlat katta maosh berishi kerak” degan boqimandalik kayfiyatida yuribmiz. Bu kayfiyatni, dunyoqarashni oʻzgartirmasak, ilmda ham, taʼlimda ham natija boʻlmaydi.

Ilmni ilmiy daraja va unvon olinadigan vositaga aylantirdik. Alisher Navoiy bobomizning necha asrlar avval yozgan “Ilmni kim vositayi joh etar, Oʻziniyu xalqni gumroh etar” degan misrasi bugungi holatimizga ham aynan mos keladi. Maqolalar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarni ilmni rivojlantirish yoki taʼlim sifatini oshirish uchun emas, balki dotsent, professor boʻlish uchun yozyapmiz. Chunki bu unvonlarni olsak, maoshimiz yanada oshadi. Boz ustiga dissertatsiya va ilmiy loyihalar mavzusini soha muammolari va dolzarb masalalardan kelib chiqib emas, balki oʻzimizga qulay va dissertatsiyabop qilib tanlaymiz. Fanlar akademiyasi va ishlab chiqarish bilan hamkorligimiz oʻta sust.

Oliy taʼlim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish tizimli yoʻlga qoʻyilmagan. Innovatsion tadqiqotlar asosida qoʻshimcha mablagʻ topish, intellektual mulkni tijoriylashtirishga asosiy daromad manbai sifatida qaralmaydi. “Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor – fakultet – kafedra – ilmiy guruh” tizimi yaxshi ishlamaydi. Uzviylik yoʻq. Ilm bilan shugʻullanish, ilmiy-innovatsion loyihalarni amalga oshirish koʻpchilik professor-oʻqituvchilar uchun fakultativ mashgʻulotga oʻxshab qolgan, yaʼni darsdan, oʻquv-uslubiy ishlardan boʻsh vaqtdagini shugʻullaniladi, xolos.

Professor-oʻqituvchilar, yosh olimlar bilan iqtisodiyotning real sektori, yirik ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasida mustahkam aloqa oʻrnatilmagan, ular muammolarni bilmaydi yoki ichiga kira olmayapti. Shuningdek, yirik kompaniyalar, soha mutaxassislari oʻzining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha masalalarni olimlarga ilmiy-texnik tilda taqdim etish malakasiga ega emas. Shu sababli ham ishlab chiqarish bilan olimlar oʻrtasida uzilish yuzaga kelgan. Ochigʻina aytadigan boʻlsak, ilmiy salohiyatimizni yuqori, deb ayta olmaymiz, ilmiy ishlarimiz natijadorligi va ishlab chiqarishga tatbiq etilishi nihoyatda past. Mavjud ilmiy salohiyatdan ham samarali foydalanayotganimiz yoʻq. Biz odatda sohalarda yechimini kutayotgan real ilmiy-texnik muammolar qolib, oʻzimiz uchun qulay boʻlgan va ilmiy guruhlardagina dolzarb deb topilgan masalalarga oʻralashib qoldik. Agar fundamental tadqiqotlarni jadal olib borish bilan birga, mavjud salohiyatni sohalar rivoji va ishlab chiqarishning real muammolari yechimiga yoʻnaltira olsak va uning ustida tizimli ishlasak, ilmiy ishlar samaradorligi ham oshadi.

Dunyoda hal etilmaydigan muammo juda kam. Inchunun, taʼlim sifati va samaradorligini oshirish, ilmiy tadqiqotchilik faoliyatini jonlashtirish boʻyicha ham asosli takliflar yoʻq emas. Bu borada oldimizda turgan vazifalarni izchil roʻyobga chiqara olsak, muayyan darajada maqsadimizga yaqinlashamiz.

Avvalo, taʼlim sifatini oshirish, ishlab chiqarish bilan integratsiyasini mustahkamlash hamda predmetlararo bogʻliqlikni kuchaytirish orqali talabalarni innovatsion fikrlashga, sohasidagi masalalar yechimini topishga oʻrgatishimiz zarur. Bizningcha, yoshlarning masalaga noanʼanaviy yondashuv malakasini shakllantirishga erishish uchun “3+1” modelini qoʻllash maqsadga muvofiq. Yaʼni talaba 4 yillik bakalavriat taʼlim dasturini 3 yilda toʻliq oʻzlashtiradi. Qolgan 1 yilini toʻliq amaliyotga — mustaqil ishlash va bitiruv-malakaviy ishlarini bajarishga yoʻnaltiradi.

Taklif etilayotgan model talabaning nazariy bilimlarni chuqur oʻzlashtirishi bilan birga, oʻziga xos amaliy-kasbiy malakaga ega boʻlishini taʼminlaydi hamda kafolatli ish oʻrniga ega boʻlish imkoniyatini bir necha barobar oshiradi. “Universitet – ishlab chiqarish” integratsiyasining qogʻozda emas, amalda ishlashini taʼminlaydi (bunday tajriba xorijiy davlatlarning nufuzli OTMlarida, jumladan, Moskva davlat universitetida yaxshi natija bermoqda).

Universitetda bakalavriatning baʼzi fan va muhandislik taʼlim yoʻnalishlari uchun qoʻshimcha toʻlov evaziga asosiy ixtisoslik va pedagogikaga oid fanlarni oʻqitish, qoʻshimcha kredit ball olishi hisobiga talabaga tanlagan mutaxassisligi bilan birga qoʻshimcha kvalifikatsiya berish ham mumkin. Bu, oʻz navbatida, rivojlanayotgan yangi soxalar uchun malakali kadrlarni yetkazib berish hamda chekka hududlarda mutaxassisligi boʻyicha ish topa olmayotgan bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash masalasini hal etishga bir yechim boʻladi.

Dunyoning yetakchi “aql” markazlari tahlillariga koʻra, 2030-yilga borib mehnat bozorining 70–75 foizini raqamli texnologiyalardan foydalanish malakasiga ega kadrlar egallaydi. Shundan kelib chiqib, predmetlararo 3 yillik bakalavriat va 2 yillik magistratura dasturini joriy etish taklifini ilgari suryapmiz. Unga koʻra, bakalavrlar uchun aniq fanlar boʻyicha raqamli iqtisodiyot, strategik tahlil va prognozlashtirish, tabiiy fanlar boʻyicha biotexnologiya, nanotexnologiyalar, sunʼiy intellekt va matematik modellashtirish magistrlik dasturlari joriy etiladi. Barcha taʼlim yoʻnalishlarida raqamli texnologiyalarga oid zamonaviy fanlar oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi.

Oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarini kasbiy faoliyati natijadorligiga qarab toifalashtirish ham muhim masalalardan. Xalqaro darajada ahamiyatga ega ilmiy-texnik yangiliklar qilishga qodir professor-oʻqituvchilarning oʻquv yuklamasini keskin kamaytirib, bevosita iqtisodiyotning real sektori muammolari bilan shugʻullanishga va ushbu tadqiqotlar doirasida magistr va falsafa doktorlari (PhD) tayyorlashga yoʻnaltirish mumkin.

Yuksak saviyada maʼruza qiluvchi va amaliy mashgʻulotlar bilan muvaffaqiyatli shugʻullanayotgan professor-oʻqituvchilarning yuklamasini kamaytirish orqali ularning salohiyatidan xorijiy tajriba asosida boyitilgan darslik, oʻquv qoʻllanma, fan dasturlari tayyorlash, xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, iqtidorli talabalardan xalqaro va respublika tanlovlari gʻoliblarini tarbiyalashda foydalanish maqsadga muvofiq. Zero, bunday yondashuv chet el universitetlarida mavjud va samara bermoqda.

Iqtisodiyotning real sektori, yirik ishlab chiqarish korxonalaridagi ilmiy-texnik muammolar yechimiga qaratilgan muhim yoʻnalishlar boʻyicha, texnik-iqtisodiy tahlillarni amalga oshiradigan, Fanlar akademiyasi va oliygohlar olimlari oldiga koʻyiladigan ilmiy-texnik topshiriqlarni shakllantiradigan hamda ularni tijoriylashtiradigan maxsus ilmiy-tadqiqot, konsalting markazlarini tashkil etish mumkin.

Iqtidorli yoshlarni saralash va ular bilan tizimli asosda shugʻullanish mexanizmini yaratish, chuqurlashtirilgan maxsus oʻquv dasturlarini ishlab chiqib amaliyotga joriy etish muhim masala. Hozir Termiz davlat universitetida ushbu dasturga muvofiq, 250 nafarga yaqin talaba yetti taʼlim yoʻnalishida tajriba-sinov tarzida tahsil olmoqda. Ammo, bu hali yetarli degani emas va bu boradagi ishlarimizni tizimli rivojlantiramiz. Umumtaʼlim muassasalariga kirib borishimiz, otaliqqa olishimiz, virtual sirtqi-masofaviy va yakshanbalik maktablarni tashkil etishimiz kerak.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizdagi islohotlarda faol ishtirokini taʼminlash orqali daxldorlik hissi bilan yashashga oʻrgatish oldimizda turgan alohida vazifalardan. Shundan kelib chiqib, bu yoʻnalishdagi faoliyatimizni ham mutlaqo yangidan koʻrib chiqishimiz va yoshlar bilan ishlash tizimimizni takomillashtirishimiz shart.

Avazjon MARAHIMOV,

texnika fanlari doktori, professor