Haftalik bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Milliy kutubxonasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlarida tashkil etildi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi umumiy fondi 7 715 585 million nusxa nashrni tashkil etmoqda, shundan, 6 963 493 nusxani bosma nashrlar, 752 092 nusxasini elektron shakldagi adabiyotlar tashkil etadi.
Bugungi kunga kelib, kutubxonalar faoliyatida katta ijtimoiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Kutubxona imidjini ko‘tarish, ma’naviy qiyofasini o‘zgartirish, ijtimoiy salohiyatini oshirish, jamoatchilik orasida kutubxonalar mavqeini ko‘tarish maqsadida talaygina ishlar amalga oshirilmoqda.
Aholiga kutubxona xizmatini ko‘rsatish maqsadida respublikamizda 186ta tuman va shahar kutubxonalari tashkil etilgan, ko‘plab kutubxonalar qayta rekonstruksiya qilindi, to‘liq ta’mirlandi, ularning moddiy-texnika bazasi yaxshilanib zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Quvonarlisi, soha vakillariga ham katta e’tibor qaratilmoqda, ularning faoliyatlari rag‘batlantirilmoqda, yuksak e’tirof etilmoqda, ular nufuzli davlat mukofotlariga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Bu yilgi Milliy axborot-kutubxona haftaligining boshqa haftaliklardan farqi shundaki uning doirasida 2-marotaba “Yosh kutubxonachilar” forumi “Yangi O‘zbekistonning intellektual salohiyati-yoshlar qoʻlida!” nomi bilan o‘tkazilayotir. Shuningdek, bu yil haftalik bilan birga 2-4-noyabr kunlari “Tashkent BOOKFEST” xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi ham tashkil etiladi.
Forum doirasida “Kutubxona va yoshlar. Ochiq mikrofon: Cheksiz imkoniyatlar kasbi” nomli ochiq muloqot, “BOOK Slam Keling! Ko‘ring! O‘qing!” mavzusida yosh kutubxonachilar ishtirokida tanlov, “O‘z MENingni top!” psixologik seminar-trening va boshqa ko‘plab mahorat darslari, amaliy seminarlar, tanlovlar bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.
“INFOLIB UZBEKISTAN-2022” XI Milliy axborot-kutubxona haftaligini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad respublikamizda axborot-kutubxona sohasini yanada rivojlantirish, aholiga axborotlar olishning manbai, shakl va metodlarini yetkazish, axborot-kutubxona foydalanuvchilariga xizmat ko‘rsatish, kitobxonlik va kitob mutolaasini targ‘ib qilish, yoshlarni intellektual bilimi va saviyasini oshirishga qaratilgan tadbirlar orqali ularni kutubxonalarga qiziqishini oshirishdan iborat.
Haftalik doirasida jamoat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda, soha mutaxassislari va kitobxonlar uchun bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, seminarlar, davra suhbatlari, tanlovlar, treninglar, mahorat darslari o‘tkazish hamda nashriyotlar ishtirokida kitob ko‘rgazmalari, yarmarkalarini tashkil etish, mutaxassislarning ma’naviy-madaniy bilimlarini oshirishga yo‘naltirilgan tadbirlar, mahorat darslari, ishtirokchilarni keng jalb qilgan holda intellektual bilimini oshiruvchi viktorinalar, taniqli fan va madaniyat namoyandalari, san’atkor va ijodkorlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar, teatrlashtirilgan chiqishlar namoyish etish rejalashtirilgan.