Innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha joriy vazifalar belgilab berildi

    Mamlakatimizda 26 Iyul 2022 2624

    2022-yil 25-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri J. Xodjayev rahbarligida videokonferensaloqa tarzida respublikada innovatsiyalarni joriy etishga qaratilgan faoliyatning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Muloqotda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, mahalliy hokimiyat organlari, shuningdek, oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari ishtirok etdi.

    Ishtirokchilar diqqat markazida 2022-2026-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining Innovatsion rivojlanish strategiyasining bajarilishi boʻldi. Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan ushbu dasturiy hujjat aniq maqsadli parametrlarni oʻz ichiga olganligi taʼkidlandi. Xususan, 2026 – yilda Oʻzbekiston dunyoning eng innovatsion 50 mamlakat roʻyxatiga kirishi, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning turli tarmoqlarida 1 700 dan ortiq innovatsion loyihalar amalga oshirilishi, innovatsion faoliyat subyektlari soni 613 tadan 2 250 taga, innovatsion infratuzilma subyektlari soni esa 3 baravar koʻpayishi kutilyapti. Shuningdek, innovatsiyalarni joriy etishni nazarda tutuvchi investitsiya loyihalarini amalga oshirish natijasida yaratilayotgan yangi ish oʻrinlari soni 4 barobar oshishi nazarda tutilgan.

    Belgilangan maqsadlarga erishish uchun tadbirkorlar, tarmoq birlashmalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va taʼlim markazlari oʻrtasida tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.

    Yigʻilish davomida mutasaddi rahbarlar innovatsion dasturlarni shakllantirish doirasidagi asosiy vazifalarning bajarilishi haqida xabar berdi. Strategiyada nazarda tutilgan vazifalarni bajarish muddatlari bilan bogʻliq boʻlgan yuqori texnologiyali innovatsion loyihalarni moliyalashtirish va amalga oshirishning tarmoq jadvallarini ishlab chiqish va tasdiqlash boʻyicha manzilli topshiriqlar berildi.

    Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi rahbariyatiga “Innovatsion boshqaruv”, “Loyihalarni boshqarish”, “Tijoratlashtirish”, “Intellektual mulkni boshqarish” yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va keng joriy etish zarurligi taʼkidlandi.

    Yigʻilish yakunida masʼul ijrochilarga tegishli yoʻnalishlar boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berildi va ijro muddatlari belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.