Inson huquqlari sohasida hamkorlikning yangi bosqichi

    Prezidentimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surgan xalqaro tashabbuslari mamlakatimizning BMT bilan hamkorligida yangi bosqichni boshlab berdi.

    Davlatimiz rahbarining oʻzbek tilida soʻzlagan ushbu tarixiy nutqi Oʻzbekistonning faol tashqi siyosati va BMT bilan oliy darajadagi aloqalarining mantiqiy davomi boʻlish bilan birga, inson huquqlarini taʼminlash boʻyicha global sheriklikni kengaytirishga qaratilgan yangi qadamidir.

    Prezidentimiz oʻz nutqida milliy va xalqaro maydonda inson huquqlariga rioya etilishi va ularni himoya qilish, shu jumladan, fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni taʼminlash bilan bogʻliq eng dolzarb masalalarga, xususan, mamlakatimizda bu borada olib borilayotgan siyosatning ustuvor yoʻnalishlari hamda amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar hamda Inson huquqlari boʻyicha kengash doirasidagi ishlarning asosiy vazifalariga batafsil toʻxtaldi.

    Inson huquqlari boʻyicha kengash faoliyati butun dunyo boʻylab inson huquqlari himoyasini taʼminlashga qaratilgan BMT tizimidagi eng nufuzli hukumatlararo organlardan biri hisoblanadi. Kengashga 47 ta davlat aʼzo. Oʻtgan yilning oktyabrida Oʻzbekiston 2021−2023-yillar davriga ushbu tuzilma aʼzosi etib ilk bor saylandi.

    Davlatimiz rahbari oʻz nutqida 2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashni koʻzda tutadigan “hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshirilishini qayd etdi.

    Shuni taʼkidlash kerakki, davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan fikrlar, ilgari surilgan gʻoyalar oʻzining mustahkam poydevoriga ega. Prezidentimizning 2020-yil 22-iyundagi “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga, mamlakatning xalqaro maydondagi obroʻsi yana-da mustahkamlanishiga katta turtki boʻldi. 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi ijrosini taʼminlash maqsadida soʻnggi 4 yil ichida mamlakatimizda inson va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish sohasida mustahkam qonunchilik bazasini yaratishga qaratilgan 5000 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan, 4 ta yangi kodeks, 186 ta qonun, 1209 ta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni va qarorlari qabul qilindi.

    Bugungi Oʻzbekiston inson huquqlarini taʼminlashda xalqaro va milliy maydonda oʻzining aniq yoʻnalishlariga ega, chuqur oʻylangan siyosat va xalqaro eʼtirof etilgan tashabbuslariga ega davlat. Oʻzbekiston inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilishda islohotlarni izchil davom ettirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan davlat. Mamlakatimiz inson huquqlarini taʼminlash sohasida xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilishga doimo tayyor.

    Feruza MIROʻKTAMOVA,

    TDYUU katta oʻqituvchisi