Hazrat Alisher Navoiyga ehtirom yoxud Insoniyat quyoshi taʼrifida bitilgan roman toʻgʻrisida bir-ikki ogʻiz soʻz

    Bugun oʻzbek nasri xazinasi isteʼdodli yozuvchi Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” nomli yangi romani bilan boyidi. Aslida, “emas oson bu maydon ichra turmoq...”. Oʻzbek adabiyoti tarixida hazrat Alisher Navoiy obrazi bor, teatr va kino talqinlari ham. Ammo maʼnaviy zaruratga koʻra, adib Alisher Navoiy siymosiga qayta murojaat qildi.

    Tarixni tilga kiritish, tarixiy shaxslarni “kiyintirish”, ishonchli portretlarini chizish, moziy muhitiga mos soʻzlatish, qalbiga quloq tutib, dardu alamini anglash — bularning bari isteʼdod egasidan oʻzi bino qilayotgan qasr tarhini qayta va qayta rejaga solishni talab etadi.

    Hazrat Navoiyning oʻzbek adabiyoti tarixida mavjud obrazini takrorlamaslik uchun izlanish, tarix kitoblarini oʻqish, alloma shoirning koʻnglini tushunish hamda eʼtiqodiy amal va aʼmollarini bayon etish uchun yozuvchi keng koʻlamli dunyoqarashga ega boʻlishi lozim. Tarixni tiriltirish uchun voqelik tafsiloti, sanalar yoki maʼlumotlarni bilishning oʻzi kamlik qiladi. Oddiy, quruq maʼlumot bayoni, xabar matnlari oʻquvchini zeriktirishi mumkin. Asrlar bagʻrida sokin yotgan sohir ovoz sadolanishi uchun insoniy inja his-tuygʻular xuddi rubob toridek teran tortilishi va chertganda musiqiy ohang tarqatishi lozim. Hirot yo Samarqand, Marv yoki Astrobod koʻchalaridagi chang-toʻzon, toʻy-tomosha, shovqin-suron, bazm va mashvarat, bir soʻz bilan aytganda, haqiqiy hayot tasviri chinakam barhayotlikni talab etadi. Isajon Sultonning romani oʻquvchi qalbiga allaqanday rubobiy sokinlik bagʻishlaydi, mudroq tasavvurlarni uygʻotadi, turgʻun tafakkurni yuritib yuboradi.

    Har bir ijodkor yuragida oʻzining yuksak ideallari, orzulari boʻladi, Alisherlardek mumtoz fuqarolari istiqomat qiladi. Biz roman vositasida muallif badiiy tafakkuri va tasavvuridagi hazrat Navoiy olami bilan tanishamiz. U biz oʻylab yurgan Hazrat qiyofasi bilan teppa-teng kelsa, tabiiyki, mamnun boʻlamiz, quvonamiz, taʼsirlanamiz. Darhaqiqat, Isajon Sulton isteʼdodli adib oʻlaroq, qaysidir maʼnoda biz tasavvur qilib yurgan Alisher Navoiy obrazini oʻquvchilar hukmiga havola etdi. Hazrat Navoiy bilan yoʻldoshlik, qurdoshlik, quvonish, alam tortish, iztiroblarga berilish, gʻazal oʻqish, soʻzdan zavqlanish, Hirotu Iroq koʻchalaridan kezish, Ali Yazdiydek allomai zamondan duolar olish, Sulton Husayn bilan doʻstlashish, Badiuzzamonga nasihatlar soʻylash, Abulmuhin Mirzoni sulhga chorlash, odamlar dardini tinglash, ulugʻ bir safar orzusi bilan yashash, toʻgʻrisi, bularning har biri roman boʻylab Alisher Navoiy bilan birga hamqadam yurib va qoʻnib oʻtiladigan manzillardir.

    Yozuvchi Alisher Navoiyning obrazi negiziga odamiylik, doʻstga sadoqat, vaʼdaga vafo, ezgulik, yaxshilik kabi qator goʻzal fazilatlarni joylashtiradi. Romandagi boshqa barcha ikkinchi darajali obrazlar bosh qahramonning ana shu nodir fazilatlarini teranroq namoyon etishga xizmat qiladi. Aslida, tarixiy-biografik mazmunli ulkan nasriy asarlar tabiati ham shunday, yaʼni bosh obrazning ruhiy-psixologik olamini har tomonlama toʻkis koʻrsatishga yoʻnaltiriladi.

    2

    Roman kompozitsiyasi hazrat Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” devoni ichki strukturasiga mos “Gʻaroyib us-sigʻar”, “Navodir ush-shabob”, “Badoeʼ ul-vasat”, “Favoid ul-kibor” deb atalgan toʻrt qismdan iborat. Alisherning bolaligi, yoshlik yillari, oʻrta yoshda koʻrgan-kechirganlari va, ayniqsa, keksalik pallasidagi foydalar romanda batafsil bayon qilinadi. Toʻrtinchi qism nisbatan katta oʻrinni egallaydi. Bu tabiiy hamdir. Zero, Navoiyning ijodi har jihatdan pishib yetilgani, aynan, bashariyatning adabiy zavqi, oʻzbek adabiyoti va, umuman, dunyo adabiyoti maʼnolar xazinasiga taqdim etgan durdona asarlari umrining aynan oʻsha yillarida yozilgani tarixiy haqiqatdir. “Xamsa”ni tugallab zavqlanishlari, qolu hol holatlari, “Muhokamat ul-lugʻatayn” muhokamalari, “Lison ut-tayr” parvozlari — bularning barchasini yozuvchi juda teran anglaydi va Hazrat ijodining zavq-shavqqa toʻla pallalariga munosib badiiy tasvir, izhoru ifodalar topadi. Romanning ijod psixologiyasiga tegishli bunday sahifalarida muallif bilan Alisher Navoiy soʻzlari oʻzaro uygʻunlashib, gʻaroyib bir sirli, jozibali garmoniya hosil etadi. Yozuvchi badiiy adabiyotning metaforik tabiati — “timsol tili”ni yaxshi biladi. Oʻspirin shoir bir davrada ajoyib gʻazal oʻqiydi. Shayx Kamol Turbatiy majlis ahliga yuzlanib, Alisher Navoiy zakosiga: “Shohid boʻlingizkim, nazm janggohiga kirgan bu yosh yigit barcha lashkarboshilarni dogʻda qoldirib, bir oʻq bilan Zuhroni urdi, bahodir boʻldi!”, deya baho beradi.

    Badiiy strukturasi pishiq ishlangan romanda Alisher Navoiy dahosi, “men”i ana shunday timsol tiliga koʻchiriladi. Badiiy soʻz sanʼatida iyjoz maqomi — kam soʻz bilan koʻp maʼnolar anglatish sanʼati qadrlanadi. Oʻylamay aytilgan yoki yozilgan ortiqcha soʻz ofat keltiradi. Toʻqima obrazlar taʼrifida badiiyat qoidalari oʻz vazifasini bajaradi, koʻpincha xarakter mantigʻiga mos tarzda ularning xatti-harakatini badiiy gʻoya ifodasi tomon burish ham mumkin. Ammo tarixiy shaxslar qismatini muallif juda ehtiyot boʻlib, bilib, oʻrganib, ularga roʻbaroʻ boʻlishdagi hisob-kitobini oʻylab yozadi va juda toʻgʻri qiladi. Deylik, aynan Hirotda Navoiy istiqomat qilayotgani uchun oʻz jangovar yurishlarini jilovlab turgan Shayboniyxon obraziga ham juda xolis baho beradi; undan dushman yasalmaydi.

    Zaruratga koʻra, qushlar, hayvonot olami, osh-ovqatlarning, jang qurollarining nomlari, turli tarixiy roʻzgʻor anjomlari va hatto muayyan hududda yashaydigan qavmlar — pashojiy, gʻabriy, lamgʻoniy, luriy, gʻuriylarning feʼllari, yurish-turishlari, kiyim-boshlarigacha oʻrganadi. “Mohi mashshoqlar duhul, nodir, koʻs, tablaq, tabal, qoʻshnay va surnay chalish bilan mashgʻul edilar. Shuningdek, nayi Rumiy, bugʻ, nafir, tirsakki ustalari oʻz navbatini kutib turishardi” – Alisher Navoiy oʻz tabarruk taxallusiga munosib aynan shu tipdagi musiqa asboblarining barchasini yaxshi bilgani haqiqat; yozuvchi ham ularni bilishi, farqlay olishi va oʻrni kelganida oʻz asarida jaranglatishga haqli, menimcha. Shunda tarixiy-madaniy muhitga kiriladi, shunda cholgʻuvchilar bazmida atrofga turli musiqa asboblaridan kuy-qoʻshiq taraladi. Yozuvchining bunday mehnat-mashaqqati, oʻrganishi va tadqiqi, tabiiyki, izsiz ketmaydi; adabiy-nazariy baho va oʻlchov tarozisining muvaffaqiyat pallasiga yuk bosadi.

    Romanning syujet chizigʻida ramziy maʼno tashuvchi samoviy dumli yulduz tafsili, uning harakatiga Hazrat hayoti davomida bir necha bor guvoh ­boʻlishidan adib hikmat izlaydi. “Qazo farroshi oʻzining siymin supurgisi ila shimoldan adashib kelib qolgan bulutlarni osmon chetiga olib borib uydi, ular xuddi saroy tovusining yoyilgan parlariga oʻxshab qoldi” kabi tasvirlar Navoiyning tong otish mahali haqida yozgan gʻazali mazmunidan olingan ilhom izhorlari ekani seziladi. Boshqa bir sahifada “Goʻyo pillaga kirgan qurt kabi yemoq-ichmoqni bas qilib, dunyo ishlaridan chekindiyu ipak yaratdi. Yaʼni jondan kechib, ipak boʻldi. Goʻyo yerga kirgan urugʻ kabi unib, lola boʻlib ochildi: chechak boʻldi” singari jumlalar semantikasiga Navoiy hikmatlari singdiriladi. Aslida roman janri uchun muallifning hayot falsafasi juda muhim hisoblanadi. Ulugʻ shoirning koʻngil olamiga oshno tutingan va inson qalbining badiiy manzaralarini namoyish etishga bel bogʻlagan Isajon Sulton oʻz asarini ora-orada “Zolimlar goʻyo saltanat mevasi ichiga tushgan qurt kabi edilar”, “Dunyo hayoti bir fitnadir, uni tark etganlargina saodatga erishganlar”, “Tangri taolo bahorni qishning tabibi qilib yubordi” singari hayotiy tajribalaridan maydonga kelgan hikmatlar bilan ziynatlaydi.

    3

    Romandagi oʻquvchi qalbini larzaga soladigan epizodlardan biri — bu “quyuq sochlari bir oz jingalak, qoshlari toʻgʻri va tekis, yuzi oq, yonogʻi qirmizi, koʻzlarida jasurlik oʻti chaqnagan, xush xulqli, zakovatli oʻsmir” Moʻmin Mirzo oʻlimi bilan bogʻliq sahifalar boʻlsa kerak. Oʻsha pallada goʻyo “saroy uzra musibat qushi uchib yurgan”dek boʻladi. Yozuvchi taʼbiricha, “tun jodugari vaqt xuftondan oʻtgandan soʻng, makr-hiyla toʻrini” keng yoyadi. Keyin esa “Mastlik bulutlari zehn oyini tugal berkitadi” va Sulton Husayn sarxushlikda oʻz nabirasi qatli hukmi hujjatga imzo qoʻyadi. Yorliqni eltayotgan choparlar holi tasvirida “tun qora, choparlar undan ham qora” rang boʻyoqlarni qoʻllaydi muallif, “samoda bulut toʻla, shivalab yomgʻir urardi”, deya qoʻshimcha qiladi. “Qora chopar” faslida berilgan Moʻmin Mirzoning qatliga doir dahshatli manzaralar odam qalbini vayron qiladi. Ayniqsa, shahid ketgan oʻn bir yashar zakiy, oqil, dono, zukko oʻsmirning oʻzini boʻgʻib oʻldirgan chilvir-ipga yorliqni bogʻlab bobosiga yuborish taklifi oʻquvchi qalbini larzaga soladi. “Vasiyatim shuki, ishingiz bitgach, bobom farmonini shu kamon ipining bir qarichi ila bogʻlab, oʻzlariga qaytarib bering. Aytingki, bu ishning soʻrogʻini Tangrimning dargohida albatta soʻragaymen!” Bunday fojialar ham tarixiy haqiqat, uning badiiy ifodasi esa begunoh-maʼsum bolaning iltijosi, vujudi, koʻzlar tasviri, mardona, haqqoniy va taʼsirli soʻzlari Isajon Sulton mahoratining mahsuli, albatta.

    Romanning toʻrtinchi boʻlimi “Marv” faslida ota-bola — Sulton Husayn bilan Abulmuhsin Mirzo oʻrtasidagi ziddiyat qalamga olinadi. Kuch ota tomonda — bebosh oʻgʻliga bir hamla bilan saboq berishi mumkin. Ammo ota istiholaga boradi. Ota baribir otadir, shu bois, oʻgʻil ham taraddudda, yaʼni “padar qarshisiga qoʻshin chiqarmoqning gunohi va malomati ogʻir” boʻlishini yurak-yurakdan his etadi. Shunda Sulton Husayn oʻgʻliga tarbiya bergan va hatto unga atab “Axloqi Muhsiniy” kitobini yozgan Husayn Voiz Koshifiyni sulh uchun elchilikka yuborishni istaydi. Lekin shahzoda Abulmuhsin Alisher Navoiyning elchi boʻlishini xohlaydi. Shunday qilinadi ham. Hazrat barcha yumushlarini, hatto Makkai Mukarramaga safarini qoʻyib, Marvga yoʻl oladi.

    Alisher Navoiy bilan Abulmuhsinning oʻzaro uchrashuvlari, suhbati, shahzodaning shoir nasihatlarini jon qulogʻi bilan eshitishlari tasvirlangan bir necha sahifalik bu epizodda hissiyot, hayajon va hayot nafasi ufurib turadi. Navoiyning “padar soʻz aytganida hatto bosh koʻtarilmas, kiprik qoqilmas”, “Sultonlar soʻzi qilich kabi boʻlgʻay. Oʻgʻil ila padar qilichi orasida xalq turgaydir. Siz qilich chiqarsangiz ham, Mirzo qilich chiqarsa ham xalq jabr koʻrgaydir” kabi bebaho nasihatlaridan keyin, nihoyat Abulmuhsin shoir gapga koʻnadi, taslim boʻlib, Navoiy ehtiromi uchun “Amringiz bosh ustiga!”, deb sulhga rozilik bildiradi. Hazratning chehrasi yorishadi, mamnun boʻlib:

    Boshni fido ayla ato qoshigʻa,

    Jismni qil sadqa ano boshigʻa baytini oʻqiydi. Ziddiyatlar, jang-chopqu toʻgʻrisidagi suhbat sheʼriyatga ulanadi. Navoiy oʻqigan baytlar “Hayrat ul-abror”dan ekanini Abulmuhsin Mirzo mamnuniyat bilan taʼkidlaydi. Navoiy fursatni boy bermay, tanbehotda davom etadi. Ota-onasini oy bilan quyoshga tenglaydi va:

    Boʻlsun adab birla bori xizmating,

    Xam qil adab “dol”i kibi qomating... deydi.

    Shu oʻrinda Isajon Sultonning bagʻoyat goʻzal bir topildigʻi shu ikki obraz gurungiga koʻrk bagʻishlaydi. Yaʼni Navoiyning fikrlarini tinglagan Abulmuhsin Mirzoning koʻngli yumshaydi, mehri tovlanib iyib ketadi va: “Dol” ne, “sin” kabi oqarmen”, degan shoirona bir ifodani qoʻllaydi. Zotan, Alisher Navoiy otaga taʼzimda arabiy yozuvdagi bukilgan “dol”dek taʼzimda boʻlishdan saboq berayotgan bir mahalda, aynan shoirning kitobat sanʼatiga monand Abulmuhsin Mirzo “dol”dek bukilib emas, balki “sin” harfining suvdagi toʻlqin oʻrkachlik shakliga ishoratan otasiga suvdek oqib, itoat etishini bildiradi. Oradagi ziddiyatlar barham topadi, sulh tuziladi.

    Sulton Husaynning iltimosiga koʻra, Navoiy shahzoda Badiuzzamonga ham pand-nasihat qiladiki, ­romandagi bunday sahifalarda ulugʻ shoirning mamlakat saltanatidagi tinchlik, osudalik va xotirjamlik uchun naqadar ulkan xizmatlar qilgani teran tasavvur qilinadi.

    4

    Romandagi poetik nutq juda muhim va alohida bir adabiy hodisadir. “Bogʻlar uzra tovush chiqarmasdan boyqush uchib oʻtdi” — boyqush tilga olingani yoki “boyqushning xunuk sasi” kelganidan keyin biror beadablik yoki qaysidir hududdagi notinchlik kabi koʻngilni jinday xira qiladigan voqelik bayoni keladi. Adib navbatdagi hodisaga oʻquvchini ruhan tayyorlaydi. Usluban Isajon Sulton romani ijtimoiy-tarixiy, maishiy-axloqiy voqelik bilan tabiat hodisalari orasiga parallel chiziq tortadi. Juda koʻp sahifalarda yozuvchi tabiatdagi biror oʻzgarishga, deylik, chaqmoq chaqishi, quyoshning zarrin nurlar sochishi, bulutli kun, qish izgʻirini, bahor nafasi bilan bogʻliq tasvirlarga oʻquvchi diqqatini qaratar ekan, navbatdagi sahifalarda beriladigan tarixiy hodisalar, obrazlararo murosa, munozara yoki ichki ziddiyatlar shunga moslanadi. Alisher Navoiyning musofirligi, xususan, Samarqanddagi mashaqqatli kunlaridan keyingi xotirjam tortib, ilm olishga ruhan hozirlanayotganida adib: “Ha, bahor koʻp narsani oʻzgartirgan, samo pastlaganday, yulduzlar yaqinlashib ajib kelajakni vaʼda qilganday jimirlashardi”, kabi jumlalarni yozadi. Yoki “Yana kuz keldi. Ulugʻ Samarqand osmoni yomgʻirli bulutlarga burkandi. Har taraf loy-balchiq boʻldi”. Bunday “loygarchilik”dan keyingi hodisalar murakkab tus olishi tabiiy.

    Alisher Navoiy hayot ichida, oddiy va saltanat odamlari orasida juda tabiiy ravishda beriladi. Unga havas qiladiganlar koʻp, ayni damda romannavis shaharlarni ham xuddi odamdek jonlantiradi. Masalan, oʻquvchi koʻzi oʻngida Hiriyga qaytayotgan Alisher Navoiy haqida yozadi: “Nozu neʼmatini ayamagan, zumrad kuzi, nuqra qishi, zabarjad bahoriyu simobiy yozi ila har turluk neʼmatlarini beminnat tutgan Samarqand Hiriyda fasohat bilimlarini olgan, qora kunlarda cheriklik qismatiga rozi boʻlib kelgan Alisherni oʻz yurtiga olim qilib qaytarmoqda edi”. Shu zaylda Navoiyni Samarqand kuzatib qoladi...

    Isajon Sultonning tarixiy muhitni his etishi, mumtoz nasr va nazmga xos uslubni puxta anglaganiga boshqa bir misol shuki, roman oxirida “Mangulik azimati” fasli va undan keyingi “Xotima”sida Navoiyning boqiy olamga rixlati haqida soʻz boradi. “Xamsa”dan Farhodning nidosi keladi, kimdir koʻzyoshlari bilan “Munojot”ni oʻqiydi. Isajon Sulton bu oʻrinda yana “Sahar xovar shahi charx uzrakim xaylu hasham chekti” misralari bilan boshlanuvchi shoirning “Chekti” radifli gʻazaliga toʻxtaladi va uning:

    Kitoba sunʼ kilki surai

    vash-shams tafsirin,

    Falak toqi havoshisida

    zarhaldin raqam chekti

    bayti keladi. Shu qoʻshmisra munosabati bilan yozuvchi yozadi: “Ne tongki, ayni vaqtda “Vash-shams” ham oʻqilmoqda edi”. Tabiiy ravishda sura beriladi. Bunday oʻzaro bogʻlanish, gʻazaldagi bitta birikma assotsiatsiyasi bilan Qurʼoni karimdagi surani aynan hazrat Navoiyga baxshida oʻlaroq raqam qilish romanning mumtoz adabiyot bilan har tomonlama uygʻunligi garmoniyasini kuchaytiradi, albatta.

    5

    Dunyo adabiyotida intertekstuallik degan bir adabiy hodisa borki, uning mohiyati yozilgan asar tarkibida boshqa adiblar qalamiga mansub asarlardan olingan parchalarning oʻrin olishi bilan izohlanadi. Adibning “Alisher Navoiy” romanida tarixiy hodisalarning real badiiy ifodasi kuchli, begona matnlardan koʻra, aynan Alisher Navoiyning oʻz asarlaridan olingan parchalar koʻpchilikni tashkil etadi. Zamonaviy realistik romanlar oʻz toʻqimasiga koʻra, yangidan-yangi usullar, tasvir yoʻsinlari bilan boyib borayotgani uchun oʻzbek adabiyotida muhim bir adabiy hodisa boʻlgan Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romaniga yangilanayotgan realizmning yaxshi namunasi sifatida qarash oʻrinli boʻladi.

    Alisher Navoiy siymosi Hirotga, Sulton Husayn saltanatiga koʻrk bagʻishlaydi. Mabodo qismat qalami bu ikki doʻst taqdirini oʻzgacharoq yozganida, balki Sulton Husaynni ham tarixda oʻtgan koʻplab shohu akobirlar qatori insoniyat unutgan yoki tarixning oddiy bir sahifasida shunchaki hukmdor oʻlaroq zikr qilgan boʻlardi, ehtimol. Sulton Husaynning baxtu saodati — Alisher Navoiydir. U alloma shoir doʻsti tufayli eʼzoz topdi, mangulik bulogʻidan suv ichdi. Yangi romanda shoir koʻngilli podshoh bilan podshoh koʻngilli shoirning oʻzaro doʻst-birodarligi, bir-birlarining dilini soʻzsiz ham tushunishi qirrasiga urgʻu beriladi...

    Isajon Sulton romani tarkibida harakatlanayotgan obrazlar soni qancha? Zarurat boʻlsa, sanash mumkin. Ammo men sanaganim yoʻq. Chunki barcha mayda, epizodik, ikkinchi darajali obrazlardan murod — Alisher Navoiy. Romanda asriy chinordek Alisher Navoiy siymosi olis moziydan yaqin kelib, koʻzga yaqqol tashlanib turibdi. Shuning oʻzi kifoya. Oʻzbek adabiyoti Alisher Navoiy bilan koʻrkam va boy. Adabiyot Navoiysiz rangsiz tusga kirib, Movarounnahr boʻshab qoladi. Hazrat siymosiga ijod ahli doimiy murojaatining bitta sababi ham shunda...

    Gapim yakunida bir istak aytishga jazm etdim. Kelgusida bu asar film ham boʻlar, inshaalloh. Asardagi biror kimsaning qiyofasiga kirishni xohladim. Boʻlajak koʻp qismli bu tarixiy-milliy filmning bir daqiqalik sahnasida paydo boʻlgim keldi. Shayx Abdulloh Ansoriy... Bu emas, bunga haddim sigʻmaydi. Berdisini aytguncha shoshilmang. Unday zotlar yoniga yoʻl boʻlsin menga. Romannavis tasviricha, shayx Abdulloh Ansoriy maqbarasi yonida keksa bir chol oʻtiribdi. Jovrubkash — supurguvchi, uning qoʻlida kitob bor. Adib uning qoʻliga kitob tutqazibdi. Quvondim. Shu chol qiyofasiga talabgorman. Shu chol yoniga kelib, Alisher Navoiy ham jovrubkashlik qiladi. Filmdagi shu jovrubkash chol qiyofasi, bir daqiqalik oʻrni menga yetarli. Aslida maqom, martaba, darajot topilsa edi, takabburlikdan kechib, bir umrga shunday ulugʻlar poyida jovrubkashlik qilmoq lozim. Faqat bu yoʻlda rol ijro etish, yumshoq qilib aytganda — uyat. Birov qiyofasiga kirib yurgan aktyor-mushaxxislar shunday ham moʻl jamiyatda...

    Odatdagi adabiy tanqidiy maqola va taqrizlarda anʼanaviy steorotip — bosmaqolipga aylangan bir holat boʻladi. Asarning “aybgʻinasi”dan ixtiyoriy-majburiy soʻz ochilib, jinday tanqidiy fikr yuritiladi, takliflar aytilib, yozuvchiga olimona yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatiladi. Shu anʼanadan qochib, Isajon Sultonning hali kelajakda koʻplab ilmiy talqinlar uchun manba boʻladigan “Alisher Navoiy” romanidagi “baʼzi kamchilik”lardan soʻz ochmadim. Hikmat va fazilat izlab oʻqidim. Ular esa koʻp. Ayrimlarini yozdim, xolos.

    Muhtaram oʻquvchi! Romanni oʻqish va uqish Sizga havola!

    Bahodir KARIM,

    adabiyotshunos