Intellektual tizim, bozor mantigʻi

    Tirbandliklar bartaraf etilishi poytaxtimiz havosini yaxshilaydi

    Joriy yil 10-apreldan 10-mayga qadar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi, Transport, Ichki ishlar va Sogʻliqni saqlash vazirliklari hamkorligida foydalanishda boʻlgan avtotransport vositalarining ekologik holati yuzasidan respublika miqyosida “Toza havo” oyligining birinchi bosqichi oʻtkazildi.

    Ushbu oylik “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi va “Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi qonunlar ijrosi doirasida tashkil etilib, asosiy maqsad avtotransportlar tashlamalarini kamaytirishga qaratildi. Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, soʻnggi yillarda ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillar soni koʻpayishi atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalar miqdori sezilarli ortishiga sabab boʻlyapti.

    Bugungi kunda respublikamizda 4 millionga yaqin avtotransport vositasi mavjud. Shundan 100 mingtasi nosoz hisoblanadi. Ulardan atmosferaga bir yilda oʻrtacha 1,3 million tonna zararli tashlama chiqadi, bu umumiy hajmning 63 foizini tashkil etadi. Bu koʻrsatkich Toshkent shahrida qariyb 90 foizga borib qoladi. 2022-yil yakuniga koʻra, havo sifati xalqaro indeksida poytaxtimiz 20-oʻrinni egallagan.

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining maʼlum qilishicha, transport vositalari soni kundan kun ortishi natijasida tashlamalar miqdori 2022-yilda 2021-yildagiga nisbatan 26 ming tonnaga koʻpaygan. Bunga foydalaniladigan yonilgʻi turining sifati, aholining jamoat transportidan koʻp foydalanmasligi, avtotransport vositalari texnik sozligiga yetarli darajada eʼtibor qaratilmasligi kabi omillar asosiy sabablardir.

    Avtotransport vositalarining texnik nosozligi va boshqa salbiy jihatlar ayanchli oqibatlarga ham olib kelyapti. Maʼlumotlarga qaraganda, yoʻl harakatini tashkil etishda texnik vositalarning sifati pastligi sabab 2022-yilda 9 ming 902 ta yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan hamda ularda 9 ming 606 fuqaro jarohatlangan. 2023-yilning dastlabki 4 oyi davomida esa 2 ming 144 ta yoʻl-transport hodisasi oqibatida 499 fuqaro hayotdan koʻz yumgan.

    — “Toza havo” oyligining dastlabki bosqichiga doir tadbirlarni YHXB inspektorlari bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi yoʻl-patrul maskanlari va bevosita avtoparklarda oʻtkazdik, — deydi Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi bosh mutaxassisi Dilrabo Rahmonova. — Bunga mobil ekologik laboratoriyamizni ham jalb etgan holda, 11 ming 78 ta avtotransport vositasidan atmosferaga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori tekshirildi. Ularning 408 tasida meʼyor buzilishi aniqlandi va aksari avtoparklarning oʻzida sozlandi.

    Respublika boʻyicha jamlangan maʼlumotlarga koʻra, oylik davomida 161 ming 537 ta avtotransport vositasi qamrab olingan va shundan 153 ming 761 tasida toksiklik darajasi, 7 ming 776 tasida tutun quyuqligi tekshirilgan. Ularning 2,7 foizida ishlatilgan gazlarning ifloslantiruvchi moddalari miqdori oʻrnatilgan meʼyorlardan yuqori ekani aniqlangan.

    Tadbir davomida ishlatilgan gazlarda ifloslantiruvchi moddalar davlat standartlarining belgilangan normalarini qoʻpol ravishda buzgan 1 ming 549 ta avtotransport haydovchisiga nisbatan Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalari bilan 246 million 225 ming soʻm jarima qoʻllanildi hamda 1 ming 525 tasining harakati vaqtincha cheklandi.

    Oʻtkazilgan tadbir tufayli yurtimiz havosi biroz boʻlsa-da, tozardi. Lekin transport infratuzilmasini zamonaviy darajaga yetkazmasdan, xizmat sifatini tubdan yaxshilamasdan turib asosiy maqsadga erishib boʻlmaydi.

    Yoʻlovchilarga xizmat sifati qanday yaxshilanadi?

    — Soʻnggi yillarda Toshkent shahri har tomonlama rivojlanyapti, — deydi Transport vazirligi huzuridagi Bosh loyiha ofisi rahbari Murodjon Obidov. — Muqim aholi, vaqtincha yashovchilar, sayyohlar, talabalar soni ham tobora oshib boryapti. Hozirgi kunda poytaxtda 3 million atrofida muqim aholi yashayotgan boʻlsa, ularning 1,3 millioni doimiy ish joyiga ega.

    Hisob-kitoblarga qaraganda, aholining kundalik harakat ehtiyoji olti million qatnovni talab etadi. Bu ehtiyojning 1,5 millioni avtobus/mikroavtobuslar va metro, qolgan qismi 800 mingta yengil mashina vositasida qoplanyapti. Shu bois, avtobuslar yetishmasligi, kutish vaqti koʻpligi va tirbandlik kabi muammolar yuzaga kelyapti.

    Davlatimiz rahbari oʻtgan yil 13-dekabrda poytaxtimizdagi 18-avtobus saroyida boʻlib, ahvolni oʻzi koʻrgan, yangi avtobuslar olib kelish va yoʻlovchilarga qulayliklarni oshirish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Shundan kelib chiqib, joriy yil 16-fevralda Prezidentimizning “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga asosan, aprel-may oylarida Toshkent shahriga 755 ta zamonaviy avtobus olib kelinib, yoʻlovchilar eng koʻp yoʻnalishlarga qoʻyildi. Natijada avtobuslarning kunlik soni 1 ming 400 taga yetdi, 9 ta qoʻshimcha yoʻnalish ochildi. Tabiiyki, yoʻlovchi tashish quvvati oshib, avtobuslar qatovining oraliq vaqti qisqardi. Yaqin kunlarda yana 245 ta avtobus keltiriladi.

    Brutto shartnomasi tizimi nima beradi?

    Mamlakatimizda avtomobillashganlik darajasi 1000 kishiga 86 ta, Toshkent shahrida esa 240 taga toʻgʻri kelishini hisobga olsak, hali yengil transportda harakatlanayotgan aholining asosiy qismi shaxsiy transport vositasiga ega emasligini koʻrish mumkin. Lekin shunday bir paytda poytaxt aholisi yiliga 100 ming nafarga koʻpayyapti, transport vositalari soni esa 2022-yilda 76 mingtaga oʻsgan. Bu tirbandlik kuzatilayotgan asosiy transport arteriyalariga yuklama tobora ortib borishini, ayniqsa, oʻquv yili davrida yanada oshishini namoyon etadi.

    — Prezidentimizning joriy yil 2-fevraldagi “Toshkent shahar jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida tizim infratuzilmasini rivojlantirish, metropoliten tarmogʻini kengaytirish, zamonaviy transport-oʻtish bogʻlamalarini tashkil etish hamda jamoat transporti harakatiga ustuvorlik berish uchun chorraha va koʻchalarni qayta loyihalashtirish, tarif siyosatini takomillashtirish orqali soha korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirish va xususiy sektor ulushini ikki barobar oshirish vazifasi qoʻyilgan edi, — deydi Murodjon Obidov. — Hujjatda velosiped va boshqa motorsiz transport turlarini rivojlantirish, jumladan, piyodalar va velotransport uchun qulay harakatlanish yoʻlaklari yaratish, raqamli texnologiyalar va innovatsion yondashuvlarni keng qoʻllagan holda transport vositalari harakatini boshqarishning intellektual (“aqlli chorraha”, “aqlli avtobus” va “aqlli bekat”) tizimlarini joriy etish hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratildi.

    Bu masalalar izchil amalga oshirib kelinyapti. Jumladan, jamoat transportini moliyalashtirishning yangi brutto shartnomasi tizimi joriy etilmoqda. Mazkur tizim yoʻnalishlarda cheklangan tariflarda yoʻlovchi tashish xizmatlari uchun “bosib oʻtilgan yoʻl” va “sifat” mezonlaridan kelib chiqqan holda hisob-kitob qilishni nazarda tutuvchi vakolatli organ va tashuvchi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asoslanadi. Yoʻnalishlarni tashuvchilarga biriktirish tender asosida joriy qilinadi.

    Brutto shartnomasini yoʻlga qoʻyish jarayonida aholi uchun bir soat ichida imtiyozli toʻlov asosida manzilga yetib borguncha (1 soat ichida) bir nechta transportdan foydalanish imkoniyatini beruvchi yangi tarif rejalari, bekatlar yaqinida yengil transport vositalari yoʻlovchilarini tushurib/chiqarish joylarini yaratish, yoʻl boʻyi tartibsiz toʻxtash hududlarini tartibga solish kabi ishlar ham amalga oshiriladi. Masalan, bitta koʻchaning 6 kilometrli masofasida yuqoridagi kompleks tadbirlarni joriy etish natijasida jamoat transportining tashuv quvvati 2,5 barobar ortadi, chorrahalar muvofiqlashtirilgan tizimining yoʻlga qoʻyilishi orqali esa kuniga 19 ming litrgacha yoqilgʻi tejalishiga va katta miqdordagi zararli gaz havoga chiqarilishi kamayishiga erishiladi. Eng asosiysi, ushbu yoʻlda harakatlanayotgan transport oqimi kamaytirilmagan holda qayd etilgan samaralarga erishish mumkin boʻladi.

    Prezidentimiz shu yil 26-may kuni poytaxtda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, Toshkent shahrining yangilangan transport bosh rejasi bilan bevosita tanishdi. Qayd etilganidek, reja shaharning kengayishi va yoʻlovchilar oqimi tahlili asosida 167 ta yoʻnalishdan iborat tarzda ishlab chiqilgan. Shundan 17 tasida kunlik reja belgilash tartibi bekor qilinib, bosib oʻtilgan masofaga qarab hisob-kitob tizimiga oʻtilgan. Iyun-iyul oylarida qolgan 150 ta yoʻnalish ham tender savdolari orqali shunday tizimga oʻtkazilishi qatnovlar muntazamligini taʼminlaydi, oʻz navbatida, xizmat sifati oshadi.

    Davlatimiz rahbari yoʻlkira toʻlovi tizimini tartibga solish, harakat nazoratini raqamlashtirish, bekatlarda sharoitlarni yaxshilash boʻyicha koʻrsatmalar berib, jumladan, bunday dedi: “Yangi avtobuslar, albatta, xalqimizga qoʻshimcha sharoit yaratdi. Endigi vazifa yoʻllarda tirbandlikni kamaytirib, avtobuslarning erkin harakatini taʼminlash. Pirovard maqsad — Toshkentda jamoat transporti qamrovini 2 million yoʻlovchiga yetkazish”.

    Bozor mantigʻi asosida ish yuritilganda ...

    Mutaxassislar fikricha, aslida havo sifatini yaxshilash va tirbandlikning oldini olishda ham bozor mantigʻi asosida ish tutishning samarasi katta. Buni jahon tajribasi ham tasdiqlaydi. Masalan, London shahrida tirbandlik avj olgan soatlarda mashina haydash narxi oshirib qoʻyiladi. 2003-yilda soat 07:00 dan 18.00 gacha vaqt oraligʻida London markazidagi yigirma bir kvadrat kilometrli hududga kiradigan haydovchilar uchun 5 funt sterling (8 dollar) miqdorida toʻlov belgilandi. Yillar mobaynida bu miqdor oshib borib, 2020 15 funt sterlingga yetdi. Oʻz navbatida, toʻlov evaziga kiriladigan hudud kengaytirildi. Yetti yuzga yaqin joyda oʻrnatilgan videokameralar mashinalar raqamlarini skanerlaydi va ularni toʻlov qilgan haydovchilar roʻyxati bilan solishtiradi. London markazida toʻlov qilmagan haydovchilarga 80 funt sterling (130 dollar) miqdorida jarima solinadi.

    Jahonga mashhur iqtisodchi Charlz Uilan ham bu reja xususidagi fikrlarini bildirar ekan, yuqori narxlar talabni pasaytirishiga urgʻu beradi. Qatnov narxi oshishi baʼzi haydovchilarni kamroq mashina haydashga undaydi. Arzonroq boʻlgan jamoat transportidan foydalanishga ehtiyoj oshadi. Bundan tashqari, yengil mashinalarning kamayishi avtobuslarning tez harakatlanishiga yoʻl ochadi.

    Londonda dastur ishga tushgach, bir oydan keyin transport harakati 20 foiz kamaygan. Tirbandlik hududi sanalgan yoʻllarda oʻrtacha tezlik ikki barobar oshgan, avtobuslarning kechikishi ikki barobar kamayib, undan foydalanuvachilar soni 14 foiz koʻpaygan. Tabiiyki, London havosi ham shunga yarasha toza boʻldi.

    Shu jihatdan qaraganda, Toshkent shahrida jamoat transportiga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani, ayniqsa, ekologik toza boʻlgan metro qurilishini kengaytirishga koʻrsatilayotgan alohida eʼtibor diqqatga molik. 2017-yilda qurilishi boshlangan yirik loyiha – yangi yer usti halqa metro yoʻnalishining barpo etilishi va bugungi kunda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatayotgani poytaxt aholisi hamda mehmonlari uchun katta qulaylik tugʻdiryapti.

    Mutaxassislar fikricha, ushbu loyihaning Sergeli hamda Doʻstlik-2 – Qoʻyliq yoʻnalishi foydalanishga topshirilishi natijasida unga tutash koʻchalarda transport tirbandligi 10-15 foiz kamaygan. 2-bosqich ishlari yakuniga yetgach, u bir kunda 40 mingga yaqin yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega boʻladi. Buning evaziga ushbu yoʻnalishlarda shaxsiy transportlarga ehtiyoj kamayib, tirbandlik bartaraf etiladi. Xususan, Qoʻyliq – Sergeli yoʻnalishida harakatlanadigan kunlik avtomobillar soni 32 mingtagacha qisqarib, transport oqimi 12 foiz kamayishi koʻzda tutilmoqda.

    Bundan tashqari, poytaxt koʻchalarida xizmati yoʻlga qoʻyilayotgan mingta avtobusning aksariyati ekologik toza – elektr quvvati yordamida yuradi.

    Shaharlarimiz transport infratuzilmasi zamonaviy talablarga javob berishi uchun hali koʻp ish qilinishi, jamoat transportiga katta eʼtibor qaratilishi kerak. Jamoat transporti aholi uchun qulay va aniq ishlashi, shaharning istalgan hududidan ikkinchi bir hududiga piyoda yoxud velosipedda xavfsiz bora olish uchun sharoitlar yaratilgan boʻlishi zarur. Toʻgʻri, ayrim shaharlarimizda keyingi paytda bu borada ancha-muncha ishlar qilinyapti. Lekin mamlakat miqyosida olganda bunday hududlar hali unchalik koʻp emas.

    Yana bir tomoni, yaxshi transport infratuzilmasi har birimizning ishga, uyga boradigan yoʻlimiz va vaqtimizni qisqartiradi, demakki, boshqa ishlar uchun koʻproq vaqt sarflaymiz. Hayotimiz qulayligi va sogʻlom turmush kechirishimiz nainki avtotransport infratuzilmasi, boshqa hayotiy muhim jihatlar bilan ham chambarchas bogʻliq. Nazarimizda, bu boradagi ishlarni kundalik koʻnikmalarimizni oʻzgartirishdan boshlasak maʼqul boʻladi. Aytaylik, har birimiz haftasiga bir kun mashinamizni qantarib qoʻyishga oʻtsak, yashash joyimiz havosi va sogʻligʻimiz yaxshilanishiga hissa qoʻshgan boʻlamiz.

    Bizga bu borada chor-atrofimizda ibrat boʻladigan voqealar koʻp. Ana shulardan biriga Buxoro davlat universiteti faoliyati misolida guvoh boʻlish mumkin. Oliy oʻquv dargohi oʻqituvchilari va talabalari tomonidan har juma kuni tashkil etilayotgan velomarafon va piyoda yurish aksiyalari hamjihatlik, birdamlik, sogʻlik yoʻlida qilinayotgan ezgu ish sifatida oʻz safini kengaytirib bormoqda.

    Abdurauf QORJOVOV,

    iqtisodiy sharhlovchi