Investitsiya ilm yoʻlida boʻlsa, albatta, taraqqiyotga erishiladi

    Ta'lim 2 Iyun 2023 1181

    Bugungi ilmiy salohiyatning ahamiyati juda katta hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlmoqda. Aynan ilmiy salohiyat mamlakat innovatsion tizimining shakllanishida va iqtisodiyot rivojlanishiga turtki beruvchi katta omildir.

    Oliy taʼlimning salohiyat darajasini alohida taʼkidlash joiz. Ilmiy mezonlar asosida fikr yurituvchi va korxona, tashkilotning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga hissa qoʻshuvchi mutaxassis oliy taʼlim muassasasi bitiruvchisi hisoblanadi.

    Oliy taʼlim muassasasining ilmiy salohiyatini belgilovchi birlamchi boʻgʻin bu — kafedra va fakultetlar boʻlib, u yerda iqtisodiyot muammolarini hal etishga qaratilgan fundamental va amaliy tadqiqotlar olib boriladi.

    Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali tarkibida bugungi kunda uchta fakultet va 12 ta kafedra faoliyat olib boradi. Hududdagi konchilik sanoati korxonalari uchun mutaxassis tayyorlashga ixtisoslashgan Konchilik ishi fakultetida qazilma konlari, korxonalari, kon lahimlari va ularni barpo qilish usullari, texnologiyalari, ruda konlarini yer osti va ochiq usulida qazib olish asoslari, shaxta maydonini ochish, kon massasini qazishga tayyorlash usullari, qazish texnologiyasi va tizimlari haqida nazariy va amaliy bilimlar beriladi. Energetika va mashinasozlik fakultetida mashinasozlik texnologiyasi asoslari, metallurgiya sohasida mashina va mexanizmlarning namunaviy detallarini tayyorlashning ilgʻor texnologiyalari, metallurgiya korxonalarida elektr texnikasi va mexanikasi asoslari boʻyicha fanlar oʻtiladi. Metallurgiya va kimyoviy texnologiyalar fakulteti taʼlim yoʻnalishlari asosida tayanch hisoblangan oʻquv rejasi asosida taʼlim beriladi. Shu bilan birga har bir kafedra ilmiy tadqiqot markazi vazifasini ham bajarmoqda.

    Shu kungacha bakalavriatda 7 ta taʼlim yoʻnalishi va magistraturada 3 ta mutaxassisliklarga talabalar qabul qilinayotgan boʻlsa, 2023-2024 oʻquv yilidan bakalavriatda 9 ta taʼlim yoʻnalishi va magistraturada 6 ta mutaxassisliklarga talabalar qabul qilinishi rejalashtirildi.

    Filial ilmiy tadqiqotchilari fanning turli yoʻnalishlarida olib borayotgan ilmiy izlanishlari orqali texnologik ishlanmalar yaratib, ilmiy tadqiqotlari natijasida kon-metallurgiya va fanning turli sohalaridagi dolzarb muammolarni oʻrganmoqdalar. Natijada 2022-2023 oʻquv yilida filialimiz boʻyicha 14 ta falsafa doktori (PhD), 1 ta fan doktori (DSc) dissertatsiyalari himoya qilindi, 3 ta dotsentlik va bitta katta ilmiy xodim unvoni olindi. Filialda hozirgi kunda jami 159 nafar professor-oʻqituvchilar faoliyat olib borayotgan boʻlsa, shundan, 69 nafari (8 nafari fan doktori (DSc), 61 nafari fan nomzodi (PhD) ilmiy darajaga ega, ilmiy salohiyat 46% ni tashkil etdi.

    Joriy oʻquv yilida filial professor-oʻqituvchilari tomonidan davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida umumiy qiymati 150 mln. soʻmlik “Qovun pashshasi (Myiopardalis pardalina Big.)ga qarshi feromonli tutqichlar ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish” mavzusida 1 ta innovatsion loyiha (loyiha rahbari: k.f.n. T.Djumaqulov) hamda umumiy qiymati 592 mln. soʻmlik “Mahalliy xomashyolar asosida agressiv muhitda ishlatiladigan keramik kislotaga bardoshli mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish” mavzusida 1 ta startap loyiha (loyiha rahbari: U.Umurov) boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari bajarildi. Hozirda ishlab chiqarilayotgan kislotabardosh gʻishtlarni “Olmaliq KMK” AJ korxonalariga sotish ustida ishlar olib borilmoqda.

    Shuningdek, umumiy qiymati 1 mlrd. 266 mln. soʻmlik jami 9 ta
    xoʻjalik shartnomalari bajarilib kelinmoqda.

    Filial professor-oʻqituvchilari tomonidan ilmiy-tadqiqot va ilmiy-uslubiy ishlar natijalari boʻyicha 288 ta Respublika va xorijiy ilmiy jurnallarda (shundan, 43 tasi “Scopus” maʼlumotlar bazasidagi jurnallarda) maqolalar, xorij hamda Respublika va OTM miqyosida oʻtkazilgan anjumanlarida 312 tadan ortiq tezislar, 3 ta darslik, 9 ta oʻquv qoʻllanmalar, 13 ta monografiyalar chop etilgan. Shuningdek, 22 ta EHM dasturi uchun guvohnomalar va 5 ta ixtiro va foydali model uchun patentlar olingan.

    Bugungi kunda filialda 4 nafar tayanch doktorantlar hamda 2 nafar stajyor-tadqiqotchilar tahsil olmoqda. Barcha tayanch doktorantlar va stajyor-tadqiqotchilar “Olmaliq KMK” AJ korxonalarida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishmoqda

    TDTU Olmaliq filialining xorijiy davlatlar – Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi universitet hamda ilmiy markazlari bilan hamkorligi filial olimlari olib borayotgan ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirmoqda. Xorijiy yetakchi oliy taʼlim muassasalarining ilmiy darajali kadrlar tayyorlash tizimi oʻrganilib, eng maqbul tajribalar filial ish faoliyatiga tatbiq etilmoqda. Rossiya Federatsiyasining Ural davlat universiteti ilmiy delegatsiyasining filialimizga tashrifi doirasida manfaatli hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, metallurgiya korxonalarining togʻ-kon sanoati muammolarini uch tomonlama oʻrganish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirildi.

    Taʼlim, ilm-fan va sanoat integratsiyasi taʼlimiy, ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatlarining mushtarak maqsad sari yoʻnaltirilishi sanaladi. “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi”da yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoniga kadrlar buyurtmachilarini faol jalb etish belgilangan. Ishlab chiqarish korxonalarida kafedra auditoriyalari tashkil etilib, talabalar uchun taʼlim jarayoni bevosita ishlab chiqarish hududida tashkil etilgan. Professor-oʻqituvchi tomonidan oʻtilayotgan dars mashgʻulotiga korxona yetakchi mutaxassisi ham jalb etiladi.

    Oliy taʼlim tizimida olib borilayotgan bugungi kun islohotlarining natijasi har bir insonning oʻzi, shaxsiy rivojlanishi uchun kiritayotgan investitsiyasiga – qoʻyilmasiga bogʻliq. Bu qoʻyilma maʼnaviy – ilm, oʻqish oʻrganish boʻlsa, albatta, oʻz ortidan iqtisodiy taraqqiyotni ham olib keladi.

    Orifjon Abdiyev,

    TDTU Olmaliq filiali Oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari,

    dotsent, texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori.