Norasmiy iqtisodiyotning ulushi yuqori boʻlgan mamlakatlarda rasmiy statistik manbalardan foydalanish yanglish xulosalarga olib kelishi mumkin. YAIM, koʻrsatilgan xizmatlar hajmi, chakana savdo aylanmasi kabi qator iqtisodiy koʻrsatkichlar faqat rasman roʻyxatdan oʻtgan subyektlar topshirgan hisobotlar asosida shakllantirilishi sababli ularning ishonchli ekanligi shubha ostida qoladi.
Tungi chiroqlarning fazoviy tasviri (NTL - Nighttime lights) mintaqalarning iqtisodiy koʻrsatkichlari hamda turli tashqi shoklarning iqtisodiy taʼsirini baholashda foydalaniladigan mashhur maʼlumot turi hisoblanadi. NTL mamlakat hududlari aholisi, uning zichligi, ishlab chiqarish kuchlarining joylashuvi, pirovardida, mamlakat hududlarining iqtisodiy faol qismi haqida tasavvurni shakllantirishda yordam beradi.
Sunʼiy yoʻldoshdan olingan tungi yorugʻlik tasvirini 63 xil rangda qayta ifodalash natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, 2021-yil dekabr oyida tunda yoritilganlik darajasi 2016-yilning mos davridagiga nisbatan Qirgʻizistonda 11,8 foiz, Qozogʻistonda 15,5 foiz, Oʻzbekistonda 47,2 foiz, Turkmanistonda 37,5 foiz va Tojikistonda 64,4 foizga ortgan. Shuningdek, 2021-yilda YAIM 2016-yildagiga qaraganda Qirgʻizistonda 7,8 foiz, Qozogʻistonda 14,9 foiz, Oʻzbekistonda 27,3 foiz, Turkmanistonda 35,2 foiz va Tojikistonda 41,1 foizga ortgan.
Kuzatuvlar shuni isbotladiki, tungi yorugʻlik darajasi mamlakatlarning iqtisodiyoti koʻlami bilan mos tushadi. Xususan, oʻrganilgan 5 ta mamlakat orasida Qozogʻiston YAIM boʻyicha yetakchi va yorugʻlik darajasi eng yuqori (DN - NTL maʼlumotlarining raqamli qiymati = 9907701,5 piksel) hisoblanadi. Keyingi oʻrinlarni Oʻzbekiston va Turkmaniston egallaydi, yorugʻlik darajasi DN = 1809744,8 va 1774334,1 pikselni tashkil etadi. Qirgʻiziston va Tojikiston YAIM hajmi boʻyicha ham, tungi yorugʻlik darajasi boʻyicha ham oxirgi oʻrinlardan joy oladi.
Respublikamiz hududlari orasida Xorazm, Fargʻona va Samarqand viloyatlarida yorugʻlik darajasi 2016-2021-yillarda 1,9-3,6 barobargacha ortgan. Yorugʻlik darajasining eng kam oʻzgarishi Qashqadaryo viloyatida kuzatildi (0,8%). Viloyat YAHM hajmi boʻyicha ham hududlar orasida eng kam oʻsish (18,9 foiz) koʻrsatkichiga erishgan.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy
tadqiqotlar instituti matbuot xizmati