Tadqiqot davomida quyidagi natijalar olindi:
- Optik tolali Internet uzunligining 100 kilometrga ortishi kambagʻallik darajasini bir yildan soʻng 0,06 foiz punktiga, ikki yildan keyin esa 0,09 foiz punktiga pasaytirishda yordam beradi.
- Internetdan foydalanuvchilar sonining 1 foiz punktiga ortishi ikki yildan soʻng kambagʻallik darajasini 0,02 foiz punktiga pasaytiradi. Eʼtiborli jihati, ushbu natija bir yildan keyin olingan natijadan jiddiy farq qilmaydi.
Tahlil uchun Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlaridan foydalanildi va hududlar boʻyicha 12 ta viloyat, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahri boʻyicha 2015-2020-yillar uchun (84 ta kuzatuv) ekonometrik modellar ishlab chiqildi.
Natijalar Driskoll-Kreyning standart xatolarini hisobga olgan holda panel maʼlumotlari modellari yordamida tayyorlandi. Ikki yillik lag (kechiktirish) dan foydalanilishi kambagʻallik darajasining pasayishi yetarlicha uzoq davom etuvchi jarayonligi va birinchi bocqichda axborot texnologiyalarining joriy etilishi qanday natija berishini payqashning qiyinligi bilan bogʻliq. Bundan tashqari, BMTning “The ICT/Poverty Nexus” deb nomlangan tadqiqotiga koʻra, AKT aholining kambagʻal qatlamlari hayotini oʻrta hisobda 6–10 yil ichida yaxshilash imkonini beradi.
Ushbu modellar oʻzaro (mintaqaviy) va vaqt oraligʻidagi bogʻliqlik mavjud boʻlganda eng samarali hisoblanadi. Boshqacha aytganda, ushbu modellar oʻzgaruvchilar oʻrtasida hududdan-hududga va oldingi qiymatlarga (oʻtgan yillar natijalarining hozirgi kunga taʼsiri) bogʻliqlik mavjud boʻlgan taqdirda, eng aniq natijalarni olish imkonini beradi.