Iqtisodiy faollik barometri maʼlum bir davrda hududdagi iqtisodiy faollikni baholaydi. Bu, faollikning pasayishini bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrish hamda hududlar oʻrtasida raqobatni ragʻbatlantiradi. Iqtisodiy faollik barometri 12 ta koʻrsatkichni 3 ta komponentga boʻlgan (ishlab chiqarish, tadbirkorlik, tashqi savdo faolligi) holda hisoblanadi.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari viloyatlarda iqtisodiy faollik barometri (IFB) natijalarini aniqladi. Tahlil natijalariga koʻra, 2022-yilning birinchi yarmida iqtisodiy faollikning yuqori koʻrsatkichlari Andijon, Jizzax, Samarqand viloyatlarida hamda Toshkent shahrida kuzatilgan.
Bunga Andijon va Jizzax viloyatlarida isteʼmol tovarlarini ishlab chiqarish (oʻsish surʼati - OʻS>140 foiz) hamda tovar va xizmatlar eksporti (OʻS>160 foiz) va importida (OʻS>117 foiz) kuzatilgan jadal oʻsish, oʻz navbatida, ishlab chiqarish va tashqi savdo faolligiga, shu bilan birga, IFB indeksiga ijobiy taʼsir etgan. Buning natijasida Andijon 12 oʻrindan 1 oʻringa, Jizzax viloyati esa 9 oʻrindan 2 oʻringa koʻtarilib, hududlar orasida oʻz mavqeini yaxshilashga muvaffaq boʻldi.
Samarqand viloyatining IFB yuqoriligi (3 oʻrin) ushbu hududda tadbirkorlik faoliyati (kichik biznes subyektlarini tashkil etishning qulayligi va samarali faoliyat yuritishi) va eksport salohiyati (oziq-ovqat mahsulotlari, turizm xizmatlari) rivojlanganligi bilan bogʻliq.
Umuman olganda, birinchi yarim yillikda 6 ta hudud, jumladan, Andijon, Jizzax, Navoiy, Fargʻona, Xorazm va Samarqand viloyatlarining iqtisodiy faolligi yaxshilangan.