Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari kambagʼallik masalasi boʼyicha aholi fikrini oʼrgandi.
Kambagʼallik darajasini hisoblashning keng tarqalgan usuli bu inson uchun kunlik zarur boʼlgan minimal oziq-ovqat mahsulotlari kaloriyasi narxi asosida minimal isteʼmol xarajatlarini hisoblash orqali kambagʼallikning monetar chegarasini aniqlashdir. Аmmo, hozir koʼp tadqiqotchilar va amaliyotchilar kambagʼallik faqatgina monetar chegara bilan aniqlanmaydi, u insonning hayot kechirish sifatini belgilovchi turli omillar yigʼindisidan tashkil topgan, yaʼni koʼp oʼlchovli, deb hisoblaydi.
Masalan, Kambagʼallik va inson potentsialining rivojlanishi muammolari boʼyicha Oksford universiteti tomonidan har yili eʼlon qilinadigan Global koʼp oʼlchovli kambagʼallik indeksida kambagʼallikni hisoblashda ovqatlanish, bolalar oʼlimi, taʼlim davomiyligi, maktabga borish, taom tayyorlashda ishlatiladigan yonilgʼi turi, sanitariya holati, ichimlik suvi, elektr taʼminoti, uy-joy bilan taʼminlanganlik va moddiy aktivlar kabi indikatorlardan foydalaniladi.
Аmaliyotda har bir davlat oʼz aholisining yashash tarzi va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda oʼzining Milliy koʼp oʼlchovli kambagʼallik indeksini (MKI) ishlab chiqadi. Milliy kambagʼallik indeksi indikatorlarini tanlab olishda asosan quyidagi usul yoki bir necha usullar kombinatsiyasidan foydalaniladi:
- Аholining kambagʼallik haqidagi fikrini chuqur oʼrganish;
- Ekspertlar, tadqiqotchilar va amaliyotchilar orasida koʼpsonli muhokamalar yordamida aniqlash;
- Milliy strategiyalar va kontseptsiyalar asosida;
- Mavjud nazariy bilimlar asosida.
Institut ekspertlari aholining kambagʼallik haqidagi fikrini oʼrganish asosida Milliy koʼp oʼlchovli kambagʼallikning mezonlarini aniqlash maqsadida Navoiy viloyatida aholi oʼrtasida (300 ta xonadon) soʼrov oʼtkazdi. Soʼrov natijalariga koʼra, Navoiy viloyati aholisi kambagʼallik belgilari sifatida birinchi oʼrinda ishsizlik, shaxsiy uyining yoʼqligi, toʼyib ovqatlanmaslik, savodsizlik, keyingi oʼrinlarda esa surunkali kasalliklarning koʼp boʼlishi, bolalarning maktabga bormasligi, mavsumiy bandlik, goʼsht va tuxumning kam isteʼmol qilinishi, bolalarning kasallikdan vafot etishi va bolalarning daromad topish uchun mehnat qilishi kabi indikatorlarni ahamiyatli, deb topdi. Ushbu holat aholining turli qatlam vakillari uchun qayta hisoblanganda ham saqlanib qoldi.
Olingan natijalar Kambagʼallik va inson potentsialining rivojlanishi muammolari boʼyicha Oksford universiteti tashabbusida Dasturlar va operatsiyalar boʼyicha direktor sifatida faoliyat yurituvchi Korin Mitchel xonim tominidan ijobiy baholandi.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti matbuot xizmati