Unda mahallarda tadbirkorlikka qiziqqan aholiga ko'maklashish, odamlarni ishbilanmonlikka jalb qilish borasida ishlar haqida so'z boradi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor yo'nalishi etib belgilanganidan to bugunga qadar sohada qizg'in o'zgarishlar davom etmoqda. So'nggi olti yilda yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 2 mingga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Ishbilarmonlarni qo'llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi qarorlar shunchaki qog'ozda emas, amalda ishlay boshladi. Davlat tadbirkorning chin ma'nodagi do'stiga, yaqin ko'makchisiga aylandi.
Joriy yil 22 avgust kuni davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti buning yana bir isbotidir. Yaxshi an'anaga aylangan ushbu ushrashuvga tayyorgarlik jarayonlarining o'ziyoq qizg'in kechganiga guvoh bo'ldik. Yurtimizdagi har bir tadbirkorning o'z muammosi, takliflarini aytishi uchun katta platforma yaratildi. Ochiq muloqotda esa ana shu takliflar asosida muhim qarorlar qabul qilindiki, bular nafaqat mahalliy tadbirkorlik sub'ektlari, balki xorijlik investorlar, ishbilarmonlar uchun ham yangi imtiyoz va imkoniyatlar beradi.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining “Jamiyatda tadbirkorlarning obro'si va mavqei kun sayin yuksalib, ichki va tashqi bozorda o'z mustahkam o'rniga, o'z nufuzi va brendiga ega bo'lgan ishbilarmonlar tobora ko'payib bormoqda. Davlat idoralarida ham ularga munosabat tubdan yaxshilandi. Tadbirkorlarga nisbatan mana shunday yondashuv bundan keyin ham iqtisodiy siyosatimizning eng muhim yo'nalishlaridan biri bo'lib qoladi”, degan so'zlari soha vakillariga yanada kuch-g'ayrat bag'ishladi.
Tan olish kerak, hozir tadbirkorlik qilish uchun imkoniyatlar ancha keng. Bundan 6-7 yil oldin sohaga kirib kelgan kishini bir necha qadam tashlamasidan ezib yuboradigan soliq yuklamalariyu, ortiqcha tekshir-tekshirlardan bugun asar ham qolmagan. Naqd pul, valyuta va xomashyo bo'yicha ko'plab cheklovlarga ham barham berildi. Asosiysi, tadbirkorlik qilish istagidagi insonlarga mahallaning o'zidayoq zarur ko'maklar berilib, foydaga kirib olguniga qadar qo'llab-quvvatlanyapti. Qolaversa, barcha davlat tashkilotlariga tadbirkorning faoliyatiga to'sqinlik qilmaslik, har sohada ularga yordam berish vazifasi topshirilgan.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyati ham bevosita ishbilarmon doira vakillarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan. Tashkilot nafaqat tadbirkorlar bilan do'st bo'lib ishlab, ular duch kelayotgan muammolarni bartaraf etishga ko'maklashadi, balki sohani yanada rivojlantirish, ishsiz aholi, xotin-qizlar va yoshlarni tadbirkorlikka o'qitish hamda kichik biznesga jalb qilish, buning natijasida aholining daromadini oshirish, ishsizlikni kamaytirish, odamlar bandligini ta'minlash kabi vazifalarni ham qamrab oladi.
Buning uchun ishsiz, jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga imtiyozli mikrokredit, subsidiyalar ajratish tizimi yo'lga qo'yilgan. Ehtiyojmand oilalar o'rganishlar asosida yoki hokim yordamchilarining tavsiyalari bilan aniqlanadi. Tegishli qaror asosida Agentlik tomonidan tadbirkorlik va o'zini o'zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo'lgan kishilarga zarur bo'ladigan asbob-uskuna, mehnat qurollari haridi uchun 7 million so'mgacha, xotin-qizlarga 10 million so'mgacha subsidiyalar ajratilmoqda. Fuqaro tadbirkorlik sub'ekti sifatida davlat ro'yxatidan o'tganidan so'ng, dastlabki uch oy mobaynida olingan bino va inshootning ijara to'lovini to'lash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha miqdorida subsidiyaga ega bo'ladi. Bordiyu, ishsiz insonlar tadbirkor sifatida ro'yxatdan o'tish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun kerak bo'ladigan mablag'ga ega bo'lmasa, sarflanadigan xarajatlarni to'lash uchun subsidiya ajratish tartibi ham belgilab qo'yilgan. Ya'ni, tadbirkor bo'laman, degan kam ta'minlangan insonlarga daromadga kirguniga qadar zarur ko'maklarni berish mexanizmi yaratilgan, faqat undan to'g'ri foydalanish qolgan.
Bugunga qadar Agentlik tomonidan hokim yordamchilarining tavsiyasi asosida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 211 mingta loyihaga 5,1 trillion so'mlik kreditlar ajratildi. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularga mehnat qurollari va asbob-uskunalar olib berish bo'yicha esa 26 mingta fuqaroga 67 milliard so'mlik subsidiyalar berildi. Natijada 56 mingta yuridik hamda 54 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub'ektlari davlat ro'yxatidan o'tkazildi.
Oxirgi yillarda yurtimizda tadbirkorlik bilan shug'ullanish yoki ish boshlashdan avval kurslarda o'qib, so'ng o'z biznesini ochish istagidagi insonlar soni kundan kunga ortib bormoqda. Biroq, o'quv kurslarida o'qishga hammaning ham imkoniyati yo'q. Shu bois, mahallalarda hokim yordamchisi tavsiyasiga asosan “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar” ro'yxatida turgan fuqarolar hamda kam ta'minlangan va ishsiz aholi qatlamiga nodavlat notijorat tashkilotlarda bepul o'qish imkoniyati yaratib berilgan. Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlab, sertifikatni olgan yurtdoshlarimizga mikrokreditlar ajratilayotgani hisobiga ko'plab insonlar bugun o'z tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yib oldi.
Birgina oxirgi 7 oyni tahlil qiladigan bo'lsak, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi ko'magida 1,6 million nafar fuqaroning daromadli mehnat bilan bandligi ta'minlandi. Xususan, ulardan 42 ming nafari tadbirkorlik ko'nikmalariga o'qitilgan bo'lsa, 818 ming nafari o'zini o'zi band qilgan shaxs sifatida ro'yxatga olinib, 54 ming nafari yakka tartibdagi tadbirkorlikka jalb qilindi.
Mirobod tumani “Qorasuv” mahallasida yashovchi e'tiborxon Sayfutdinova kichik biznes boshlash maqsadida hokim yordamchisiga murojaat qildi. Agentlik bilan hamkorlikda ayolga 50 million so'm imtiyozli kredit ajratildi. Tadbirkor ushbu mablag' hisobiga mahallada “Serbaraka-non” MCHJ tashkil etib, non va non mahsulotlari ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydi. Halol mehnati ortidan oilasiga daromad kirmoqda. Qo'shimcha ravishda 7 ta ishchi o'rni ham yaratgan. “Mahallamizda bo'sh yotgan binoni olib, hokim yordamchisi Ilxomjonning ko'magida ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydim. Kelgusida non mahsulotlaridan tashqari, shirinliklar ishlab chiqarish maqsadim ham bor. Faoliyatimni yanada kengaytirib, qo'shimcha ish o'rinlari yaratishni rejalashtirganman. Odamlarga foydam tegayotgani, mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga hissa qo'shayotganimni his qilishdan xursand bo'laman”, deydi tadbirkorning o'zi.
Chindan ham mamlakatda tadbirkor qancha ko'p bo'lsa, yurt shuncha taraqqiy etib boraveradi. Axir, ishbilarmon kishilar nafaqat o'z oilasiga daromad kiritadi, balki ishsiz aholi bandligini ta'minlash, kambag'allikni qisqartirish, ishlab chiqarish va eksport ko'rsatkichlarining ortishiga hissa qo'shadi.
Yunusobod tumani “Qashqar” mahallasida yashovchi yosh tadbirkor Shaxnoza Normatova ham ana shunday maqsadlar bilan tadbirkorlik faoliyatini boshladi. Hokim yordamchisi tavsiyasi asosida 33 million so'm imtiyozli kredit olib, tekstil` mahsulotlari ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydi. Hozir qo'lida 15 nafar xotin-qiz ishlayapti. Chevarlar tikayotgan kiyim-kechaklar asosan ichki bozorga chiqariladi. Kelgusida tadbirkor mahsulot turlarini kengaytirib, xorijga eksport qilish niyatida.
Bir qarashda kichik ko'rinadigan bu loyihalar, bir nechta oilani doimiy daromad bilan ta'minlamoqda. Jumladan, joriy yil hokim yordamchilari tomonidan umumiy 34 234 ta tadbirkorlik loyihalariga amaliy yordam ko'rsatilishi natijada 177 660 ta yangi ish o'rinlarini yaratish belgilab olingan.
Qolaversa, Agentlikning hududiy boshqarmalari tomonidan muntazam ravishda viloyatdagi tadbirkorlar muammolari o'rganib kelinyapti. Ushbu sohada o'qish istagi bo'lgan, kredit yoki subsidiya olish, o'z faoliyatini boshlamoqchi bo'lgan aholi qatlamlari bilan har xafta turli uchrashuv hamda sayyor qabullar o'tkazib kelinmoqda. Bundan maqsad shunchaki odamlarni ishontirish emas. Aksincha, tadbirkorlar muammolarini joyida hal etib, hududlarda ishbilarmonlik muhitini yanada rivojlantirish, bu orqali aholi bandligini ta'minlash, oilalar farovonligini oshirish asosiy vazifamizdir.
Zero, tadbirkor barcha sharoitlarga ega, erkin muhitda ishlasagina, jamiyatda farovon hayotga intilish, barcha sohalarda rivojlanish ortib boraveradi.