Inson kapitali nazariyasiga koʻra, taʼlim uchun xarajatlar oshiriladigan boʻlsa, xodimlarning mehnat unumdorligi ham oshadi. Bu esa pirovardida ularning daromadlari ortishi hamda aholining kambagʻallik darajasi pasayishiga olib keladi. Shu bilan birga, farzand taʼlimining boshlangʻich darajalari (maktabgacha, boshlangʻich, oʻrta taʼlim) ga sarmoya kiritish, kelgusida ularning daromadlari taʼlimning keyingi bosqichlariga sarmoya kiritishdagiga qaraganda koʻproq ortishida yordam beradi. Taʼlim jamiyatda daromadlar tengsizligini kamaytirish va gender tengligini taʼminlashning asosi hisoblanadi. Ota-onaning taʼlim darajasi farzandlar farovonligiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatib, kelgusida ularning kambagʻal boʻlib qolish xavfini kamaytiradi.
Davlat tomonidan taʼlim tizimi uchun ajratilayotgan mablagʻlarning kambagʻallikni qisqartirishga taʼsirini baholash uchun past va oʻrta daromadli 52 ta mamlakatning 1990-2020-yillar boʻyicha panel maʼlumotlaridan foydalanib, empirik tahlil oʻtkazildi. Baholashda Oʻzgarmas effektlar ekonometrik model qoʻllanildi.
Tadqiqot natijalariga koʻra, davlat tomonidan taʼlim tizimi uchun ajratilayotgan mablagʻlarning 1 foizga ortishi kambagʻallikni 0,03 foizga qisqartirish imkonini beradi. Shu bilan birga, YAIMning oʻsishi, savdo-sotiq hamda yalpi kapital qoʻyilmalarning oshishi, inflyatsiyaning pasayishi kabi omillar kambagʻallik darajasi bilan teskari aloqaga ega.
2020-yilda tadqiq etilgan mamlakatlarda taʼlim tizimi uchun sarflangan xarajatlarning YAIMga nisbatan oʻrtacha ulushi 4,11 foizni, Oʻzbekistonda esa 4,9 foizni tashkil etgan.
Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida inson kapitalini rivojlantirish va taʼlim sifatini oshirish, jamiyatning barcha aʼzolariga taʼlim xizmatlarining hamma bosqichlaridan foydalanish imkoniyati berilishini taʼminlash uchun davlat byudjetidan mablagʻlar ajratishga alohida eʼtibor qaratilgan. Ayniqsa, oxirgi 5 yilda taʼlimning barcha bosqichlarida ijobiy oʻzgarishlar kuzatildi. Jumladan, aholining mos yoshdagi qatlamlarini maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish 38,2 foizga (2016-yildagi 23,8 foizdan 2021-yilda 62 foizgacha), umumiy oʻrta taʼlim bilan 0,9 foizga (2016-yildagi 96,9 foizdan 2021-yilda 97,8 foizga), oliy taʼlim bilan 29 foizga (2016-yildagi 9 foizdan 2021-yilda 38 foizga) oʻsdi.
Joriy yilning may oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻquvchilarning bilim va malakasini, shuningdek, STEM, qoʻshma taʼlim, loyihaviy taʼlim kabi zamonaviy mavzular va yondashuvlarni baholash uchun xalqaro tadqiqotlar (PISA, PIRLS, TIMMS) ga taalluqli boʻlgan mavzularni ham oʻz ichiga olgan Milliy oʻquv dasturini tasdiqladi.