Iqtisodiyotning ustuvor drayveri

    Qishloq xo'jaligida yillik o'sish 5 foizga, eksport hajmi 7 milliard dollarga yetadi

    Respublikamiz aholisining yarmi qishloq joylarda istiqomat qiladi va tabiiyki, ularning turmush farovonligi qishloq xo'jaligi tarmog'i rivoji bilan uzviy bog'liq. Agrar tizim nafaqat aholini oziq-ovqat mahsulotlari, balki sanoatning ko'pgina sohalarini xomashyo bilan ta'minlovchi muhim tarmoq hisoblanadi.

    Ayniqsa, so'nggi vaqtlarda agrosanoat mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy bo'g'inlaridan biriga aylandi. 2017—2021-yillarda soha rivojiga doir 21 ta qonun, 29 ta farmon va 149 ta qaror, qishloq xo'jaligini rivojlantirish va sanoatdagi islohotlar to'g'risidagi 185 ta Hukumat qarori qabul qilindi. Bir qator hujjat va tartiblar ishlab chiqildi.

    Qaerda erkin ishlab, mehnati natijasidan bahramand bo'lish uchun qulay muhit yaratilsa, o'sha joyda taraqqiyot, farovonlik bo'ladi. Bugungi kunda yurtimiz dehqonu fermerlari ana shunday shart-sharoitlarga ega. Jumladan, ekin-tekin uchun urug'lik, mineral o'g'it va boshqa zaruriy resurslar bevosita fermerning dalasi boshigacha yetkazib berilib, barcha turdagi xizmatlar ko'rsatilyapti. Asosiysi, ular moliyaviy jihatdan ham har tomonlama qo'llab-quvvatlanmoqda.

    Birgina 2019-yil 17-iyunda Prezident farmoni bilan tasdiqlangan “Qishloq xo'jaligida er va suv resurslaridan samarali foydalanish kontseptsiyasi”ni olaylik. Hujjat bilan yillar davomida foydalanishdan chiqib ketgan 1,1 million gektar maydonni 2020—2030-yillarda bosqichma-bosqich foydalanishga kiritish belgilandi.

    Amalga oshirilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida 2019—2021-yillarda jami 363,4 ming gektar qishloq xo'jaligi yerlari qayta foydalanishga kiritilgan bo'lsa, 2018—2020-yillarda jami 2,4 million gektar maydonlarda tuproq sifatini baholash bo'yicha ishlar olib borildi. Bugungi kunda 690,3 ming gektarda shunday jarayonlar amalga oshirilmoqda.

    2016—2020-yillarda jami 330,5 ming gektar past rentabelli paxta va g'alla maydonlari qisqartirilib, ushbu yerlarda yuqori daromadli va eksportbop mahsulotlar yetishtirish yo'lga qo'yildi. Buning natijasida shu yillar davomida sabzavot ishlab chiqarish hosili 103, kartoshka 114, poliz ekinlari 110 foiz, dukkakli mahsulotlar 3,6 barobar, moyli ekinlar 240, chorva ozuqasi 191, meva 107,4 va uzum yetishtirish hajmi 106 foizga o'sdi.

    O'zlashtirilgan va lalmi, paxta va g'alladan qisqartirilgan yerlar hamda yaroqsiz bog'-tokzorlar o'rnida — jami 69,6 ming gektar maydonda intensiv mevali bog'lar va 57 ming gektar tokzorlar barpo etildi. Bu yil ushbu ko'rsatkich yanada o'sib, bahor mavsumida 63,8 ming gektar mevali bog'lar va 37,5 ming gektar tokzorlar tashkil etildi.

    2 mln 942 ming nafar aholi mavsumiy

    ish bilan ta'minlandi

    Yerlarni qayta foydalanishga kiritish, lalmi va yaylov erlarni o'zlashtirish yuzasidan sug'orish quduqlarini qazish, nasos agregatlarini o'rnatish hamda yangi mevali bog'lar va tokzorlar barpo etish ishlari joriy yilda ham faol davom ettirilmoqda. Xususan, o'tgan to'qqiz oyda irrigatsiya tarmoqlarini rivojlantirish hamda sug'orish mavsumida suv resurslarini iqtisod qilish maqsadida irrigatsiya ob'ektlarini qurish va rekonstruktsiya qilish loyihalari bo'yicha 547,5 milliard so'm yoki ajratilgan yillik limitga nisbatan 77 foiz, melioratsiya ob'ektlari loyixalari bo'yicha esa 209,3 milliard so'm yoki ajratilgan yillik limitga nisbatan 81 foiz kapital qo'yilmalar limiti o'zlashtirildi.

    Dehqon va fermerlik harakatini qo'llab-quvvatlash uchun huquqiy, texnikaviy hamda moliyaviy shart-sharoitlar to'liq yaratib berilayotgani esa sohada yuqori natijalarni kafolatlaydi. Masalan, o'tgan davrda jami 201,2 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar, jumladan, tomchilatib, yomg'irlatib va diskret usulda sug'orish texnologiyalarining joriy qilinishi ish samaradorligi va hosildorlikni oshirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, 130,6 ming gektar qishloq xo'jaligi ekin maydonlarida lazer uskunali yer tekislagichlar yordamida tekislash ishlari amalga oshirildi. Eng muhimi, suvni tejaydigan sug'orish texnologiyalari joriy qilingan 101,9 ming gektar maydon uchun 832,5 milliard so'm subsidiya mablag'lari ajratib berildi.

    Amalga oshirilgan irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari natijasida 170 ming gektardan ortiq yer maydonlarning suv ta'minoti hamda 140 ming gektardan ortiq sug'oriladigan yer maydonlarining meliorativ holati yaxshilanishiga hamda 6 milliard metr kub suv iqtisod qilinishiga erishildi.

    Bugungi kunda respublika bo'yicha sohaga doir 747 ta loyiha shakllantirilgan bo'lib, joriy yilning shu davriga qadar 283 ta tashabbuskor tomonidan 565,5 gektar maydonda issiqxonalar barpo etildi, 4 026 nafar ish o'rni yaratildi. Ahamiyatlisi, hududlarda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholini qishloq xo'jaligida ish bilan band qilish va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini etishtirish uchun 604 ming gektar maydon ajratib berilib, jami 2 million 942 ming nafar aholi mavsumiy ish bilan ta'minlandi. Ushbu maydonlarda daromadli qishloq xo'jaligi ekinlari ekildi.

    Sohani rivojlantirish borasida oldinda ulkan rejalar ko'zlangan. Endilikda, mamlakatimizda qishloq xo'jaligining yillik o'sish sur'atlarini kamida 5 foizga, bir gektardan o'rtacha daromadni 5 ming dollarga, qishloq xo'jaligining eksport hajmini 7 milliard dollarga yetkazish nazarda tutilmoqda. Buning uchun, qishloq xo'jaligida davlat aralashuviga to'liq barham berib, mahsulot ishlab chiqarish sanoat bosqichiga olib chiqiladi. Bunda, tumanlar aniq mahsulotlar etishtirishga ixtisoslashtirilib, davlat tomonidan dehqonlarni qo'llab-quvvatlash uchun subsidiyalar ajratiladi.

    Shuningdek, agrar tarmoqdagi klaster korxonalari va fermer xo'jaliklari faoliyatini barqaror, qulay shart va muddatlarda moliyalashtirish va sug'urtalashning mutlaqo yangi mexanizmlari amalga oshiriladi. Davlat idoralari tomonidan narx belgilash hamda qishloq xo'jaligi mahsulotlarini majburiy sotib olish tizimi ham to'liq bekor qilinib, erkin bozor munosabatlari joriy qilinadi.

    Kelgusi besh yilda intensiv bog'larni 3 barobar va issiqxonalarni 2 barobar ko'paytirgan holda, bu orqali, mamlakatimiz eksport salohiyatini yana 1 milliard dollarga oshirish ko'zda tutilgan.

    Oziq-ovqat ta'minotini

    mustahkamlash — ustuvor maqsad

    Biz oddiy dehqonchilik sifatida qabul qilishga odatlanganimiz qishloq xo'jaligi yil sayin zamonaviy tarmoqqa, oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va ishlab chiqarishning asosiy bo'g'iniga aylanib bormoqda. Keyingi yillarda xalqimiz hayoti, faoliyati va farovonligi asosi bo'lgan yerlardan oqilona foydalanish, qishloq xo'jaligi erlarining muhofaza qilinishini ta'minlash, ularning me'yoriy qiymati hamda sifat ko'rsatkichlarini aniqlash eng ustuvor vazifalardan biriga aylangani boisi ham shundan.

    Bu borada chorvachilik tarmog'ini jadal rivojlantirish xalqimizni arzon va sifatli go'sht hamda boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash, ayniqsa, qishloq joylarda istiqomat qilayotgan fuqarolarning bandligini oshirish va daromadlarini ko'paytirishda muhim o'rin tutadi.

    Shu sababli chorvachilik tarmog'ini jadal rivojlantirish, zamonaviy va innovatsion uslublarni joriy etish, mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, aholini mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan sifatli va arzon chorva mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlashga katta ahamiyat qaratilyapti. Bu borada qabul qilingan bir qator huquqiy hujjatlar ichki iste'mol bozorida go'sht, sut, tuxum va boshqa chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror ta'minlash, ozuqa bazasini ko'paytirish, naslchilikni yaxshilashda muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda.

    Shu bilan birga, oxirgi yillarda mamlakatimizda meva-sabzavot, go'sht, sut, tuxum, baliq, asal kabi mahsulotlarni etishtirish ko'rsatkichlari ham o'sib boryapti. Jumladan, aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash maqsadida joriy yilning 9 oyi davomida chorvachilik yo'nalishida umumiy qiymati 2 trillion 198 milliard so'mlik 658 ta, parrandachilik tarmog'ida 802,1 milliard so'mlik 225 ta hamda baliqchilik yo'nalishida 533,4 milliard so'mlik 259 ta loyihalar amalga oshirildi.

    Chorvachilik subyektlarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash maqsadida hisobot davrida 45,5 milliard so'm mikdorida subsidiyalar ajratildi. Endilikda, chorvachilikda ozuqa ekinlari maydonini 340 ming gektardan 700 ming gektarga etkazish, shuningdek, 11 million gektar yaylovlarni qayta tiklash va hosildorligini ko'tarish nazarda tutilmoqda. Shuning evaziga, kelgusi besh yilda go'sht, sut, tuxum va baliq yetishtirish hajmlarini 1,5-2 barobarga ko'paytirish, ozuqa bazasini kengaytirish bo'yicha ham alohida dasturlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

    Bunday ishlar ko'lami yil sayin kengayib borayotgani, nafaqat sohada salmoqli muvaffaqiyatlarni qo'lga kiritish, balki oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etayotganiga guvoh bo'lyapmiz.

    Yerning har qarichi — oltinga teng

    Xalqimizda “Yeri boyning — eli boy” degan hikmat bor. Keyingi yillarda ushbu resursdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish, yer munosabatlari sohasida qonuniylikni ta'minlashga alohida e'tibor qaratilayotgani bejiz emas. Pirovard maqsad — axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali er ajratishda tenglik va shaffoflikni ta'minlashdan iborat.

    Amaliy ishlarga nazar soladigan bo'lsak, yerlarni iqtisodiy oborotga kiritish, ularni oldi-sotdi va garov obyektiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratildi. Qolaversa, barcha yerlar 2 ta toifaga — qishloq xo'jaligi yerlari va noqishloq yerlariga ajratildi. Bu yerlar ochiq tanlov asosida faqat ijaraga beriladi. Tanlov esa har bir yer uchastkasi bo'yicha “bu yerni olishga kim eng ko'p haqli?” degan savolga adolatli javob topish uchun o'tkaziladi. Eng muhimi, bu tanlovda barcha — dehqon ham, fermer ham, agrofirma va klasterlar ham teng shartlarda ishtirok etadilar.

    Yana bir muhim masala, noqishloq yer maydonlari faqat auksion orqali sotiladi. To'g'ri, so'nggi bir yarim yil davomida yerlar auksion orqali ochiq-oshkora sotildi. Lekin tahlillarga ko'ra, aksariyat hollarda auktsionga qo'yilgan yer maydonlari tadbirkorga ma'qul joylardan emas, balki olis, chekka hududdagi, infratuzilmasi bo'lmagan joylardan berilgan. Yaxshi maydonlar esa har xil yo'llar bilan hokimlar qarori asosida to'g'ridan-to'g'ri berib kelingan. Yangi tartib asosida bundan buyon yer maydonlari faqat va faqat ochiq-oshkora auksion orqali xususiy mulk sifatida sotiladi yoki ijaraga beriladi.

    Bugungi kunda mamlakatimizda qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlarning umumiy maydoni 20 236,3 ming gektarni tashkil etadi. Uni kengaytirish bo'yicha oxirgi yillarda katta ishlar olib borildi. Xususan, joriy yilda 320 ming gektar yerlarni qayta foydalanishga kiritish, lalmi va yaylov erlarni o'zlashtirish yuzasidan sug'orish quduqlarini qazish, nasos agregatlarini o'rnatish hamda yangi mevali bog'lar va tokzorlar barpo etish ishlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

    Bir so'z bilan aytganda, bugun mamlakatimiz qishloq xo'jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlar xalqimizning farovon turmush kechirishi, yurtimiz taraqqiyotini ta'minlashning kafolati bo'lib xizmat qilyapti. Muhimi, bu yangilanish va o'zgarishlarni odamlar o'z hayotida sezmoqda.

    Odinaxon OTAXONOVA,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

    Agrar va suv xo'jaligi masalalari qo'mitasi a'zosi