Unga koʻra, aholi uchun isitish va issiq suvning yangi chakana tarifi 105 754 soʻm/Gkal oʻrniga 121 617 soʻm/Gkal boʻldi. Yuridik shaxslar uchun tarif ham Gkal uchun 212 606 soʻmdan 244 497 soʻmgacha koʻtarildi. Bu joriy yil hisobidan issiqlik taʼminoti uchun ikkinchi marta narx oshirilishidir. Narx bundan avval 2024-yilning 2-aprelida oshirilgan edi. Poytaxt byudjeti barcha xarajatlarining toʻrtdan bir qismi issiqlik energiyasini ishlab chiqaruvchilarga aholiga koʻrsatilgan issiqlik taʼminoti xizmati uchun pasaytirilgan tariflarni qoʻllash natijasida yuzaga keladigan zararni qoplash xarajatlariga yoʻnaltiriladi. 2024-yilda buning uchun 1,97 trln soʻm yoʻnaltirish rejalashtirilgan, bu 2023-yil prognozidan (1,6 trln soʻm) 22,8 foizga koʻpdir. Mutasaddilar narx oshirilishini shu jihat bilan izohlagan edi.
Xoʻsh, issiqlik taʼminoti korxonalari tomonidan mavsumga tayyorgarlik jarayoni qanday kechdi? Ular mavsumga shaymi?
— Kelayotgan mavsumga tayyorgarlik doirasida tizim korxonalarida reja asosida jami 53 ta, shu jumladan, 14 ta energoblok, 28 ta qozon qurilmasi, 7 ta bugʻ-gaz qurilmasi, 1 ta turboagregat va 3 ta gaz-turbina qurilmasida taʼmirlash ishlari amalga oshirildi va belgilangan ishlar ortigʻi bilan bajarildi, — “Toshkent issiqlik markazi” MCHJ direktori Bekzod Boʻronboyev. — Qoʻshimcha sifatida elektr stansiyalardagi tezkor guruhlar tomonidan kamchiliklar aniqlangan 11 ta energoqurilmada mukammal va joriy taʼmirlash ishlari olib borildi. Natijada mavjud elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari 291 MVt va issiqlik ishlab chiqarish samaradorligi 235 tonna soatga oshirilishiga erishildi.
“Toshkent issiqlik markazi” korxonasi tizimida 9 ta issiqlik markazlari mavjud boʻlib, ularning umumiy oʻrnatilgan quvvati 4580 gigakaloriyani tashkil etadi. Hozirgi kunda isteʼmolchilarga 65° daraja, sovuq qish kunlarida 85° daraja haroratdagi issiqlik energiyasi ishlab chiqarilib, yagona yirik xarid qiluvchi Veolia Energy Tashkent korxonasi orqali aholi va boshqa isteʼmolchilarga yetkaziladi. 2024-2025-yillar kuz-qish mavsumida isteʼmolchilarni issiqlik energiyasiga boʻlgan talabini toʻlaqonli qondirish maqsadida mavsumga tayyorgarlik ishlari shu yilning mart oyidan boshlangan. Jumladan, 15 ta qozon qurilmalari mukammal, 60 ta qozon qurilmalarida joriy taʼmirlash, 239 ta nasos agregatlarida mukammal va joriy, 420 ming metr boʻlgan ichki quvurlar va yordamchi uskunalarning issiqlik saqlash qoplamalarida mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan investitsiya loyihasi asosida Turkiyaning “Iltekno” kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi “Oqtepa” va “Bogʻzor” mahallalari hududida bunyod etildi. Ushbu loyiha Prezidentimizning 2022-yil 13-dekabrda Chilonzor tumanida boʻlib, aholining issiqlik taʼminoti holatini oʻrganish natijalari boʻyicha belgilab bergan ustuvor vazifalari asosida amalga oshirildi.
Umumiy qiymati 10 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan mazkur qurilma bir vaqtning oʻzida ham issiqlik, ham elektr energiyasi ishlab chiqarishga moslashgan boʻlib, soatiga 4,6 MVt elektr energiyasi hamda 29 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqaradi. Foydali ish koeffitsiyenti esa 85 foizni tashkil etadi. Bu yerda Germaniyadan keltirilgan gaz-porshenlar hamda “Bosch” qozonlari ishlamoqda. Ular orqali yiliga jami 41 mln. kVt.soat elektr energiyasi va 219 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilmoqda.
Qurilma hududdagi 50 ta koʻp qavatli uy, 7 ta ijtimoiy muassasa va oʻnlab tadbirkorlik subyektlarini barqaror issiqlik va elektr energiyasi bilan taʼminlab kelmoqda.
Loyihaning yana bir eʼtiborli jihati — issiqlik taqsimlash punktlari maxsus datchiklar bilan jihozlangan. Havo sovib yoki isib ketishiga qarab, uy ichidagi harorat moʻtadil saqlab turiladi. Majmua ishga tushirilishi natijasida yiliga 5,3 mln. metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishilyapti.
Yuqoridagi kabi loyiha oʻzining ijobiy natijalarini koʻrsatgandan keyin, hukumatning tegishli topshirigʻi asosida bu kabi loyihalarni ommalashtirishga kirishildi. Ayni paytda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan Turkiyaning “Iltekno” kompaniyasi bilan hamkorlikda investitsiya loyihasi asosida Toshkent shahrining 6 ta tumanida qiymati 34,5 mln. AQSH dollari boʻlgan shu kabi kogeneratsiya qurilmalarini joriy etish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, Olmazor tumanining Shon-Shuhrat mahallasi hududida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati 1,2 MVt hamda issiqlik energiyasi ishlab chiqarish quvvati 6,4 Gkal boʻlgan zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi qurilyapti. Ushbu loyiha ishga tushirilishi natijasida yiliga 8 mln. kVt.soat elektr energiyasi hamda 52 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha asosida rivojlangan davlatlarning eng zamonaviy va yuqori tejamkor texnologiyalari oʻrnatilishi hisobiga yiliga 1,2 mln. kubmetr tabiiy gaz iqtisod qilinadi, atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar hajmi 67 foizga kamayadi.
Loyihaga koʻra, 15 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Qurilma ishga tushgach, hududdagi 17 ta koʻp qavatli uy, 1 ta ijtimoiy soha obyekti va bir qator tadbirkorlik subyektlari barqaror issiqlik energiyasi bilan taʼminlanadi.
Dilshod ULUGʻMURODOV