Ispaniyadan olib kelingan tok koʻchatlari namunalarida virus aniqlandi

    Agrosektor 3 Noyabr 2022 897

    Joriy yilning oktabr oyi yakunida Ispaniyadan ilmiy maqsadlarda olib kelingan 34 xil navdagi tok koʻchatlarining 16 tasida 4 xil turdagi virus aniqlangan.

    Bu haqda Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentiligi xabar qildi.

    Bular Arabis mozaika virusi (Arabis mosaic virus ArMV), Tokning qisqa bandli virus kasalligi (Grapevine fanleaf virus GFLV), Tok barglarining bujmayish kasalligi 2-tur virusi (Grapevine leafroll-associated viruses GLRaV-2), Tok barglarining bujmayish kasalligi 3-tur virusi (Grapevine leafroll-associated viruses GLRaV-3).

    Arabis mozaika virusi koʻp turdagi mevali va manzarali daraxtlarning kushandasi boʻlib, oʻsimliklar barglarida dogʻlar hosil qiladi. Zararlangan oʻsimlik soʻlib qoladi va 50 foizgacha hosil yoʻqotishi mumkin. Virus Yevropa hududida keng tarqalgan.

    Tokning qisqa bandli virus kasalligi alomatlari Arabis mozaika virusiga oʻxshash boʻlib, kasallangan tok barglari bujmayib qoladi va rivojlanishda ortda qoladi. Tokning eng xavfli kasalligi hisoblangan virusni erta bahorda aniqlash mumkin. Bunda 80 foizgacha hosil nobud boʻlib, oʻsimlik kasalliklar va atrof-muhitdagi oʻzgarishlarga chidamsiz boʻlib qoladi.

    Tok barglarining bujmayish kasalligi 2-tur virusi ham eng xavfli kasalliklardan biri boʻlib, tijorat maqsadida novdalarni koʻpaytirish natijasida keng tarqalgan. Kasallangan qizil navli uzum mevalari anomal qizgʻish tusga kiradi. Bu virus shiralar orqali yuqib, kurtak hamda niholda saqlanib qoladi.

    Kechki kuz davrida kasallikka chalingan oʻsimlik barglari qizgʻish-binafsha rangga kirib, tomirlar och yashil rangda boʻladi. Ushbu virus yaxshi sugʻoriladigan issiq sharoitda tez koʻpayadi.

    Maʼlumot oʻrnida qayd etish lozim, Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, Ispaniya uzumzorlar maydoni boʻyicha 1-oʻrinni, uzum yetishtirsh boʻyicha esa dunyoda 3-oʻrinni egallaydi.

    Ispaniyadan keltirilgan navlari ham mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga mos serhosil, kasalliklarga chidamli navlarni respublikada koʻpaytirish, koʻchatchilikni rivojlantirish, sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish maqsadida olib kelingan edi.

    Biroq namunalarda aniqlangan barcha viruslar Oʻzbekiston hududida karantin obyekti hisoblanib, tegishli tartibga asosan yoqish yoʻli bilan yoʻq qilindi.