Issiq kunlarda yangi ekilgan ko'chatlarning holi nima bo'ldi?

    Yashil sayyora 24 Iyul 2024 88

    Toshkent shahrida o'tkazilgan monitoring natijasiga ko'ra, ekilgan va ko'chirib o'tkazilgan daraxtlarning ko'pchiligi qurib qolgan.

    Yil sayin ortib borayogan ekologik muammolar, iqlim o'zgarishi, havoning ifloslanishi kabi muammolarni oldini olish, aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi “2030 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasi” hamda 2021 yil 2 noyabrdagi “Respublikada ko'kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari” to'g'risidagi farmoni qabul qilingan.

    Shuningdek, Respublikada ekotizimlarni himoya qilish va tiklash, ko'kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish va yashil maydonlarni kengaytirish borasida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirilishi muhim qadam bo'ldi. Ushbu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko'chatlarini ekish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish, ya'ni so'nggi 5 yilda ushbu ko'rsatkichni 1 milliardga etkazish reja qilingan.

    O'tgan davr mobaynida bahor va kuz mavsumlarida daraxt ekish aktsiyasi barcha davlat korxonalari, nodavlat, notijorat tashkilotlar, shuningdek, faol fuqarolar ishtirokida davom etib kelmoqda.

    Joriy yil bahor mavsumida daraxtlarni ekish avvalgi yillarga nisbatan farqli tizimda joriy qilindi. Xususan, har bir daraxt iqlim sharoitiga mosligi, tuproq qatlamining o'simlik unish darajasi o'rganilib, mutahassislar tavsiyasiga asosan ekildi. Ularni parvarishlashga esa ekologlar, mutasaddi tashkilotlar, mahalla faollaridan iborat alohida vakillar mas'ul etib biriktirildi.

    Respublikamiz bo'ylab 125 million tupdan ortiq, Poytaxtimiz Toshkent shahrida esa 630 mingdan ziyod daraxt ko'chatlari ekildi. Buning natijasida yurtimizda 1200 gektardan ortiq yashil bog' va jamoat parklari, 1 million gektardan ziyod yashil hudud va qoplamalar barpo etildi.

    Shu bilan birga, bugun yozning jazirama issiq kunlarida O'zbekiston ekologik partiyasi tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan ko'chatlarning holatini o'rganish bo'yicha monitoring ishlari olib borilmoqda.

    O'rganishlar davomida poytaxtimiz bo'ylab ekilgan ko'chatlarning har biri uchun mas'ul tashkilot va mutahassislar tomonidan parvarish va nazorat olib borilayotganiga qaramay, turli sabablarga ko'ra ekilgan ko'chatlarning ma'lum qismi o'zining yashovchanlik qobiliyatini yo'qotib borayotganiga guvoh bo'lindi.

    Toshkent shahrida o'tkazilgan monitoring natijasida quyidagi holatlar aniqlandi:

    – Bektemir tumani Husayn Bayqaro ko'chasi bo'ylab ekilgan daraxt ko'chatlarining holati yaxshi, lekin ularning orasida 20 tup manzarali daraxt ko'chatlari qurib qolgan. Abay mahallasi hududiga “Qo'yliq” bozori atrofidagi 18 tup ko'p yillik Qirim qarag'aylari ko'chirib o'tkazilgan lekin ularning barchasi qurib qolgan. Holat yuzasidan ekoinspektorlar tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tuman sudiga taqdimnoma kiritilgan;

    – Mirobod tumani Farg'ona yo'li bo'ylab bahorgi mavsumda ekilgan 200 tup manzarali daraxt ko'chatlarining aksariyati qurib qolgan. Ular orasida Turkiyadan keltirilgan qimmatbaho yasin daraxtlarining 3 tupi nobud bo'lgani, 2 tupi esa noma'lum sabablarga ko'ra kesib tashlangani juda achinarli holat. Ushbu hududda tomchilatib sug'orish tizimi to'liq o'rnatilgan bo'lsada, undan unumli foydalanilmagan. Daraxtlarning qurib qolishiga katta yo'l va trotuarlar asfal`tlanishida tuproq qatlamiga etkazilgan zarar ham o'z ta'sirini ko'rsatgan. Tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan daraxtlar maxsus texnikalar orqali sug'orilib kelinishiga qaramay ular qurib qolgan;

    – Sergeli tumani Xontepa mahallasi hududida 0.5 ga maydonda Adiblar bog'i barpo qilingan. Lekin ushbu bog' tegishli agrotexnik talablarga javob bermasligi, tashkilotchilarning mutaxassislar tavsiyasi bilan ish qilmaganligi, shuningdek, sug'orish tizimi yo'qligi bois ekilgan 200 tup terak ko'chatlarining 30 foizdan ortig'i qurib qolgan.

    Albatta yo'l qo'yilgan ushbu kamchiliklarni respublikamiz bo'ylab keng ko'lamda amalga oshirilayotgan ko'kalamzorlashtirish, aholi uchun qulay ekologik muhit yaratish yo'lida olib borilayotgan davlat siyosatiga nisbatan beparvolik va mas'uliyatsizlik sifatida baholash mumkin.

    Zero, muhtaram Prezidentimizning ““Yashil makon”ni nomiga emas, o'zimizning hayotimiz, nafas olishimiz, o'pkamiz tozaligi uchun qilsak, o'zimiz uchun kerak-ku bu? Jamiyatimiz uchun, sog'lig'imiz uchun kerak. Kerak bo'lsa, g'ururimiz uchun, iftixorimiz uchun kerak. “Yashil makon” – millatimizga, mamlakatimizga, ertangi kunimizga kerak. Kimdir kelib O'zbekistonda bizning ekologiyamizni to'g'rilab bermaydi. Kimdir kelib mahallamizga, Orolning qurigan tubiga daraxt ekib bermaydi hech qachon. Faqat va faqat temir intizom va o'zimizning tinimsiz, mashaqqatli mehnatimiz natijasida pirovard maqsadga erishamiz”, deya jon kuydirib, bergan ko'rsatmalari barchamizga dasturulamal bo'lib xizmat qilishi darkor.

    Sevara Fayzieva,

    O'zbekiston ekologik partiyasi

    Toshkent shahar Kengashi raisi