Isteʼdodlilar forumi

    Ishtirokchilar orasida imkoniyati cheklangan boʻlishiga qaramay, minglab tengqurlariga oʻrnak boʻla oladigan yoshlarni koʻrib, koʻzim yoshlandi.

    Ijtimoiy tarmoqlar orqali Samarqand shahrida Oʻzbekiston rivojlanish forumi boʻlib oʻtishi haqida xabar topdim va hech ikkilanmasdan oʻzim tanlagan yoʻnalish boʻyicha roʻyxatdan oʻtdim. Buni qarangki, saralash bosqichdan muvaffaqqiyatli oʻtib, yakuniy bosqich uchun tayyorgarlik koʻra boshladim.

    “Tanqidlarga — takliflar bilan!” shiori ostida boʻlib oʻtkazilgan forum yettita yoʻnalish boʻyicha gʻolib va sovrindorlarni aniqlab berdi.

    Bundan tashqari, nazm yoʻnalishida ijod qiladigan yoshlar “Samarqand ilhomi” tanlovida oʻz iqtidorini namoyon etdi. Eʼtiborli jihati shundaki, forum ilk bor tashkil etilishiga qaramay, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan yuz nafar ishtirokchi bevosita qatnashgan boʻlsa, yana yuz nafar ishtirokchi onlayn loyihalarini taqdim etdi.

    Forum ikki kun davom etdi. Birinchi kuni spikerlar bilan savol-javob tashkil etildi. Shuningdek, koʻhna Samarqand boʻylab kechki sayohat koʻtarinki ruhda oʻtdi. Ikkinchi kuni Ipak yoʻli xalqaro turizm universitetida barcha ishtirokchilar oʻz loyihalarini himoya qildi. Kunning ikkinchi qismida esa gʻoliblar taqdirlandi. Sovrindorlar safida oʻzim ham boʻlishim quvonchimni yana-da oshirdi.

    Forumining boshqa forumlardan farqli jihati shundaki, u koʻngilochar tadbir emas. Ilmiy ahamiyatga ega. Bunda koʻzlangan maqsad — eng munosib deb topilgan loyihalarni hayotga tatbiq etish, qoʻllab-quvvatlash.

    Qariyb uch kun davomida koʻplab doʻstlar orttirdim, fikr almashdim. Ishtirokchilar orasida imkoniyati cheklangan boʻlishiga qaramay, minglab yoshlarga ibrat boʻla oladigan yoshlarni koʻrib, koʻzim yoshlandi. Ulardan biri “Nafis ifor taratuvchi ruchka” innovatsion loyihasi bilan ishtirok etgan sirdaryolik Adhamjon Joʻrayevdir.

    Startap va biznes boʻyicha taklif va loyihalar yoʻnalishi ishtirokchilari Ulfatbek Husanov va Husnida Tursunboyeva yosh boʻlishiga qaramay, oʻzaro hamkorlikda ish olib borish uchun memorandum imzoladi. Ulfatbekning fikriga koʻra, loyiha nomi “Smart turist” boʻlib, undan koʻzlagan maqsad turizmni rivojlantirishda keng hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda oʻzbek milliy qadriyatlarini rivoj toptirishda qoʻl mehnati buyumlarini sayyohlarga namoyish qilish, sayyohlar oqimini keng jalb qilish va eng asosiysi, hududiy aloqalarni ham mustahkamlashdan iborat.

    Havas, harakat, mehnat, maqsad. Agar insonda bularning barchasi mujassam boʻlib, toʻxtamasa, u albatta niyatiga erishadi.

    Maftuna TOSHMAMATOVA,

    OʻzJOKU talabasi