Jahonda 5 mlrd inson transyogʻlarning zararli taʼsiridan himoyalanmagan

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, soʻnggi yillarda transyogʻlardan foydalanish sezilarli darajada oshgan.

    Chunki ular odatda organizm uchun foydali yogʻlarga qaraganda arzonroq va qator kimyoviy va fizik xususiyatlarga ega. Masalan, xona haroratida qattiq holatda saqlanib qoladi, shu sabab ularni turli xil qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlariga qoʻshish qulay.

    Eslatib oʻtamiz, transyogʻlar sanoat yoki tabiiy toʻyinmagan yogʻli kislotalardir. Sanoatda ishlab chiqarilgan ushbu mahsulot margarin, oʻsimlik yogʻlari, qovurilgan taom va pishiriqlar, xususan, krakerlar, pechenye va piroglarda mavjud. Tabiiy transyogʻlar kavsh qaytaruvchi hayvonlar (masalan, sigir, qoʻy, echki) goʻshti va ulardan olinadigan sut mahsulotlarida boʻladi. Sanoatdagi va tabiiy transyogʻlarning ikkisi ham birdek zararli.

    JSSTning yangi hisobotida aytilishicha, dunyo boʻylab besh milliard odam ushbu yogʻlarning zararli taʼsiridan himoyalanmagan boʻlib, bu yurak xastaliklari va oʻlim xavfini oshiradi. Har yili sanoatda ishlab chiqarilgan transyogʻlar dunyo boʻylab 278 mingdan ortiq oʻlimga sabab boʻlmoqda.

    JSST mazkur turdagi yogʻlarni taqiqlash yoki uni kunlik energiya miqdorining 1 foizigacha kamaytirishni tavsiya qiladi. Yaʼni, kunlik ratsionda 2000 kaloriya boʻlsa, transyogʻlar 2,2 grammga toʻgʻri kelishi lozim. Ularni salomatlik uchun foydali yogʻlar bilan almashtirish mumkin.

    Ilgʻor tajribaga asoslanib, JSST davlatlar uchun ikkita variantni tavsiya qiladi:

    1) barcha oziq-ovqat mahsulotlarida sanoatda ishlab chiqarilgan transyogʻlar umumiy yogʻ miqdorining 100 gr uchun 2 gr dan koʻp boʻlmagan majburiy umummilliy cheklovni joriy etish;

    2) transyogʻlarning asosiy manbalaridan biri boʻlgan qisman gidrogenlangan moylar ishlab chiqarish yoki ularni har qanday oziq-ovqat mahsulotida ishlatishni majburiy umummilliy taqiqlashni joriy etish.

    Qator mamlakatlar tajribasi shuni koʻrsatadiki, majburiy cheklovlar ixtiyoriy cheklovlardan farqli oʻlaroq, oziq-ovqat mahsulotlaridagi transyogʻlar miqdorini va ularni aholi tomonidan isteʼmol qilishni kamaytirishda ancha samarali.