Jamoat joyida qilish taqiqlangan 7 ta asosiy harakat haqida nimalarni bilasiz?

    Shunday harakatlar borki, bizga arzimas va odatiy tuyulsa ham ularni koʻchada (yoki ijtimoiy obyektlarda) qilish javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin.

    Hudud24.uz sayti shunday harakatlar va ular uchun javobgarlik toʻgʻrisida soʻz yuritadi.

    1. Niqobsiz yurish

    MJTKning 54-moddasiga (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) koʻra, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz boʻlish uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BMH) 5 baravarigacha jarima belgilangan.

    2. Niqobda yurish

    Ha, toʻgʻri oʻqidingiz. Koʻchada niqobda yurish ham, niqobsiz yurish ham javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin. Qanday holatda nima mumkinu, nima mumkin emasligini koʻrib chiqamiz.

    1-holat. Hali hech kim unutib ulgurmagan misol – koronavirus kasalligi tarqalishini oldini olish maqsadida karantin joriy etilganda aholiga jamoat joylarida niqobda yurish boʻyicha koʻrsatma berilgan edi. Bu koʻrsatmaga rioya etmagan kishilar aynan shu modda bilan javobgarlikka tortilgan.

    2-holat. Karantin eʼlon qilinmagan va kishida hech qanday tibbiy koʻrsatma boʻlmagan holda niqob (hattoki, u tibbiy niqob boʻlsa ham) taqib yurishi. Bu vaziyatda kishi koʻchada shaxsini tanib boʻlmaydigan holatda yurganligi uchun MJTKning 1844-moddasi (jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan koʻrinishda boʻlish) bilan javobgarlikka tortiladi.

    Bu moddaga asosan jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini toʻsgan holda boʻlish BMHning

    15 baravarigacha jarimaga tortishsa sabab boʻladi.

    Ammo har doim ham emas. Agar kishi quyidagi asoslarga koʻra yuzini berkitib yurgan boʻlsa, javobgarlikka tortilmaydi:

    tibbiy koʻrsatma boʻlsa (masalan, tibbiy niqob uchun va boshqa);

    yoʻl-transport harakatida xavfsizlikni taʼminlash uchun kiyiladigan maxsus bosh kiyimda (moto-shlem) boʻlsa;

    mehnat/xizmat vazifasi boʻyicha boʻlsa (masalan, tez yordam, oʻt oʻchirish yoki dizenfeksiya xizmati);

    sport va madaniy tadbirlarni oʻtkazish vaqtida ushbu tadbirlar ishtirokchilarining yuzini toʻsgan holda boʻlishi;

    qonunchilikda aynan koʻrsatilgan boshqa holatlarda.

    3. Chekish

    MJTKning 561-moddasiga (jamoat joylarida tamaki mahsulotini isteʼmol qilish) koʻra, ish joylarida, sogʻliqni saqlash, taʼlim, sport-sogʻlomlashtirish muassasalarida, yongʻin chiqish xavfi boʻlgan joylarda, shu jumladan avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalarida va boshqa jamoat joylarida tamaki mahsulotini isteʼmol qilish BMHning uchdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

    Tamaki mahsulotini isteʼmol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar va (yoki) xonalarda chekish uchun javobgarlik qoʻllanilmaydi.

    4. Alkogol mahsulotini isteʼmol qilish

    MJTKning 187-moddasiga (jamoat joylarida alkogol mahsulotini isteʼmol qilish) koʻra, ish joylarida, koʻchalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, istirohat bogʻlarida, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida alkogol mahsulotini isteʼmol qilish BMHning ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

    Agar bu ish bir yil ichida takrorlansa, kishini BMHning 2 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha qamoq kutib turadi.

    Ammo aytish kerakki, quyidagi joylarda ichilganda javobgarlik qoʻllanilmaydi:

    toʻylar, yubileylar hamda boshqa tantanalar va marosimlar oʻtkaziladigan joylar;

    alkogol mahsulotini quyib realizatsiya qilishga ruxsat etilgan savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari.

    5. Mayda bezorilik

    MJTKning 183-moddasiga (mayda bezorilik) koʻra, jamoat joylarida uyatli soʻzlar bilan soʻkinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik BMHning 5 baravarigacha jarimaga yoki 15 sutkagacha qamoqqa olishga sabab boʻladi.

    Aytish kerakki, ushbu moddani qoʻllanish doirasi juda-juda keng. Koʻchada turgan haykalga gapirishdan tortish, oʻpishishgacha bu modda bilan javobgarlikka tortilish mumkin.

    6. Koʻchada pichoq/otverka koʻtarib yurish

    MJTKning 183-moddasiga (sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni olib yurish) koʻra, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xoʻjalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan hollarda jamoat joylarida ochiq (gʻilofsiz) holda olib yurish BMHning 1 baravarigacha jarimaga sabab boʻladi.

    Bu hali hammasi emas. Agar bunday ashyolarni oʻzini oʻzi himoya qilish maqsadida olib yursa, BMHning 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

    7. Tilanchilik qilish

    MJTKning 1883-moddasiga (tilanchilik qilish) koʻra, jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda soʻrab, tilanchilik bilan shugʻullanish BMHning 3 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha qamoqqa olishga sabab boʻladi.

    Ushbu modda boʻyicha aeroport, vokzal, xiyobon, istirohat bogʻi, bozor va savdo majmuasi hududi, shuningdek ularga tutash hududlar, avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari, koʻchalar, stadionlar, bekatlar, yoʻllarning qatnov qismi, moddiy madaniy meros obyektlari, jamoat transportining barcha turlarida jamoat joylari hisoblanadi.