Jamoatchilik eshituvida Fargʻona viloyatidagi ijro intizomi muhokama qilindi

    Joriy yilning 2-iyul kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda Fargʻona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan qarorlar va tashrif bayonlaridagi topshiriqlar ijrosini oʻrganish natijasiga bagʻishlangan navbatdagi jamoatchilik eshituvini oʻtkazdi.

    Markaz ekspert-mutaxassislari, huquqshunoslar, Adliya vazirligi, Fargʻona viloyati hokimligi masʼullari, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etgan jamoatchilik eshituvida Fargʻona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha olib borilgan oʻrganishlar natijasi tanqidiy tahlil qilindi.

    Taʼkidlanganidek, viloyatning 12 ta tuman va shaharlarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 13 ta farmoni va 33 ta qarori, shuningdek 5 ta bayonidagi Fargʻona viloyatiga oid topshiriq va vazifalarning ijro holati oʻrganildi.

    Tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash borasida erishilgan natijalar bilan birga, hal etilishi zarur boʻlgan muammolarning ham mavjudligi, mutasaddilarning eʼtiborsizligi tufayli ayrim topshiriqlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilmagani, dolzarb masalalarga tezkor va samarali yechim topilmagani qayd etildi. Xususan, oʻrganish jarayonlarida viloyatda suv tejovchi texnologiyalar yetarli darajada joriy etilmagani, xorijiy kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish darajasi pastligi, raqamlashtirish ishlari qoniqarsiz ahvoldaligi hamda aholi bandligini taʼminlash yetarlicha nazoratga olinmagani aniqlandi.

    Shuningdek, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida joylashtirilgan 2017-2021-yillarda Fargʻona viloyatiga taalluqli boʻlgan 5 207 ta topshiriqning 3 643 tasi (69%i) oʻz muddatida bajarilgan boʻlsa, 955 tasi (18%i)ning muddati oʻtib ketganidan soʻng ijro etilgan. Bugungi kunda 1 575 ta topshiriq bajarilish jarayonida boʻlsa, 16 tasining ijrosi esa oʻz vaqtida taʼminlanmagan.

    Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-5-fevral kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi davomida va Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida bergan topshiriqlari boʻyicha 7-son majlis bayonining 3-bandida viloyatning Shodiyona mahallasi misolida Fargʻona shahridagi barcha mahallalar qiyofasini yangilash, koʻchalarini taʼmirlash, hududini obodonlashtirish va infratuzilmasini yaxshilash yuzasidan zarur choralarni koʻrish vazifasi yuklatilgan.

    Biroq, bu topshiriq shahardagi mavjud 72 ta mahallaning 22 tasidagina bajarilgan, xolos.

    Majlis bayonidagi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Fargʻona viloyati hokimligi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan birga bir oy muddatda mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha “raqamli mahalla” yangi tizimini yaratish vazifasi ham toʻliq ijrosini topmagan, yaʼni idoralararo elektron hujjat almashinuv platformasi yoʻlga qoʻyish va uni integratsiya qilish masalasi ham hanuzgacha hal etilmagan.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari ijrosi doirasida qishloq xoʻjaligi va yer munosabatlari sohasida ham bir qator sustkashliklar aniqlangan. Jumladan, pilla rejasini bajargan ishsiz, kam taʼminlangan oilalarga 12 million 622 ming soʻm miqdordagi toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan. Tomorqa yer egalariga “On-line” tarzda yetarlicha kreditlar, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etgan talabgorlarga esa subsidiyalar ajratilmagan, Auksionga chiqarilgan yer uchastkalari qonunchilikka zid ravishda chaqirib olingan.

    Misol uchun, 2020-yilda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhit muhofazasini taʼminlash tizimini takomillashtirish yoʻnalishida 2020-yil 1-apreldan boshlab tajriba-sinov tariqasida Fargʻona va Oltiariq tumanlarida jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun shaffof va ochiq tanlov oʻtkazish orqali ajratish mexanizmini joriy etish belgilangan boʻlsa-da, mazkur mexanizm hanuzgacha ushbu tumanlarda joriy qilinmagan.

    Shu bilan birga, viloyatda sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimi bilan bogʻliq bir qator topshiriqlar ijrosi ham oʻz muddatida taʼminlanmagan. Xususan, 2021-yil mart oyiga qadar viloyat umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari davomatini nazorat qilishning Yagona elektron apparat dasturiy kompleksi viloyatdagi jami 948 ta maktabning bor-yoʻgʻi 14 tasida (1,4 %) joriy etilgan, xolos. Xuddi shuningdek, viloyatdagi 284 ta tibbiyot muassasasining faqatgina 47 tasi (16,5 %), shu jumladan, jami 19 ta tuman va shahardan 8 tasi “Elektron poliklinika” yagona tizimiga ulangani asosli eʼtirozlarga sabab boʻldi.

    Jamoatchilik eshituvida mutasaddilarning yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar yuzasidan izohlari tinglandi, jurnalistlar va blogerlar tomonidan berilgan savollarga javoblar olinib, ijro intizomini taʼminlash yuzasidan taklif-tavsiyalar berildi.

    Tadbir yakunida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida belgilab berilgan topshiriqlaring oʻz vaqtida bajarilishi boʻyicha bugungidek jamoatchilik eshituvlarini muntazam tashkil etib borish joylarda islohotlarni sifatli amalga oshirilishini nazorat qilish imkonini berishi haqida fikr-mulohazalar bildirildi, deya xabar beradi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati.