Janubiy Koreya bozorlarida oʻzbek anorlariga boʻlgan talab ortib boryapti

    Agrosektor 10 Oktabr 2021 2047

    Oʻzbekiston tashqi bozorlarga anor yetkazib berish hajmini oshirib, eksport geografiyasini kengaytiryapti, deya qayd etadi EastFruit ekspertlari.

    EastFruit tahlilchilari oʻzbek anorlarini Janubiy Koreyaga yetkazib berish hajmida aniqlik kiritish maqsadida Oʻzbekiston tashqi savdosining rasmiy statistikasiga eʼtibor qaratdi. Respublika Bojxona qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2021-yilning avgust oyi boshidan to sentyabr oxiriga qadar Oʻzbekistondan Janubiy Koreyaga 125 tonna anor eksport qilingan. Shu bilan birga, ushbu hajmning 97 foizi aviatransport yordamida yetkazib berildi va bu omil oʻzbek anorining Janubiy Koreya bozoridagi yuqori narxining asosiy sababidir

    Anor eksporti mavsumi boshlangach, ikki oy ichida – 2021-yil avgust oyi boshidan sentyabr oxiriga qadar Oʻzbekistondan umumiy hajmi 5,9 ming tonna, qiymati esa 4,3 million dollarga teng anor eksport qilindi. 2020-yilning shu davrida anor eksporti hajmi 3,8 ming tonna, umumiy qiymati esa 4,6 million dollarga teng anor eksport qilingan. Oʻtgan yil bilan taqqoslaganda anor eksporti hajmi 55 foizga oʻsdi.

    EastFruit tahlilchilari hisob-kitobiga koʻra, 2021yil avgust-sentyabr oylarida Oʻzbekistondan anor eksporti umumiy hajmining 87 foizi uch davlat – Rossiya (50%), Qozogʻiston (26%) va Qirgʻiziston (11%) ulushiga toʻgʻri keladi. Bu hajmning qolgan qismi Ukrainaga – 350 tonna (6%), Janubiy Koreyaga – 125 tonna (2%), Turkmanistonga – 124 tonna (2%) va Belarusga – 90 tonna (1,5%) joʻnatildi. 35 tonnagacha boʻlgan kichik partiyalar Latviya, Germaniya, Chexiya va Moʻgʻulistonga yuborildi.

    Oʻzbekistondan tashqi bozorlarga yetkazib beriladigan sarxil meva-sabzavot mahsulotlarining boshqa turlariga nisbatan anor eksporti mavsumi uzoqroq davom etadi – joriy yil avgustidan keyingi yilning fevral-martiga qadar, yaʼni, 7-8 oy. Oʻtgan mavsum – 2020-yil avgust oyi boshidan 2021-yil mart oyi oxiriga qadar – Oʻzbekistondan anor eksporti hajmi 15,3 ming tonna, umumiy qiymati esa 15 million dollarni tashkil etdi. Anor eksportining ilk ikki oyi oʻtgan yilgi darajadan 1,5 barobar oshayotganini hisobga olsak, eksport daromadi pasayishiga qaramay, 2021-2022-yilgi mavsum muvaffaqiyatli boʻlishi ehtimoli yuqori, deb xabar beradi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot xizmati.