Jasoratli qiz dunyoni lol qoldirdi

    Shu kunlarda dunyo nigohi Fransiya poytaxti Parij shahriga qaratilgan. U toʻrt yilda bir marta oʻtkaziladigan yozgi Olimpiadaga mezbonlik qilmoqda. Dunyoning koʻplab nuqtalaridan vatani, elu yurti ishonchini oqlash uchun maydontalab sportchilar kuch sinashmoqda.

    Bu Olimpiadada Oʻzbekiston delegatsiyasi litsenziyalar boʻyicha oʻz rekordini yangilab, ilk bor 19 sport turida 90 sportchi bilan 75 ta yoʻllanmaga sazovor boʻldi. Quvonarlisi, musobaqaning dastlabki kunlaridanoq yurtimiz madhiyasi yangrab, bayrogʻimiz baland koʻtarildi. Diyora Keldiyorova Olimpiya oʻyinlarida chempionlikni qoʻlga kiritgan ilk oʻzbekistonlik dzyudochiga aylandi.

    Shuningdek, 16-yildan keyin oʻzbekistonlik ayol sportchi yana Olimpiya shohsupasiga koʻtarildi. “Bu sovrin nafaqat mening, balki butun ayol sportchilarning medali. Bilaman, bu medal Oʻzbekistonda ayollarga juda katta yoʻl ochadi. Bunga oʻz hissamni qoʻshganimdan xursandman”, dedi sportchi.

    Koʻplab vatandoshlarimiz Diyorani Toʻmarisga qiyoslayotgani bejiz emas. Bugun yangi Oʻzbekistonning yangi sahifalari yozilmoqda. Buni oʻziga ishongan, yurt kelajagini orzu va maqsadlari bilan bogʻlagan yoshlar amalga oshirmoqda. Buning isboti Parij Olimpiadasida qoʻlga kiritilgan oltin medaldir.

    Albatta, bunday gʻalabalar mashaqqatli mehnat bilan birga sport sohasiga qaratilayotgan eʼtibor va xalqimiz ishonchi mahsulidir.

    Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston tarixida yozgi Olimpiya oʻyinlarida ayollar oʻrtasida birinchi marta chempion boʻlgan sportchi qizni tarixiy gʻalaba bilan qizgʻin tabriklab, ota-onasi va murabbiylariga minnatdorlik bildirdi: “Jasoratli, matonatli qizim borligidan gʻururlanaman. Kamdan kam boʻladigan gʻalaba boʻldi. Dunyo qoyil qoldi. Oʻzbekistonning obroʻsini juda koʻtardingiz, rahmat, qizim”.

    Diyora XXXI yozgi Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi, Osiyo chempioni, jahon chempionati va Jahon harbiy oʻyinlari sovrindori, dzyudo boʻyicha “Katta dubulgʻa” musobaqasi gʻolibasi boʻlgan birinchi oʻzbek qizi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori hamdir.

    Olimpiadada esa gʻalaba sururini his qilish baxtiga yana muyassar boʻldi. Qiziqarli kechgan bahslarda birinchi davradan erkin oʻtgan dzyudochimiz ikkinchi bosqichda Tokio — 2020 yozgi Olimpiya oʻyinlari chempioni, yaponiyalik Uta Abega roʻbaroʻ keldi. Ushbu vaznning ikki nomdor sportchilari oʻrtasidagi bahsda Keldiyorova gʻalaba qozonib, bejiz jahon reytingi peshqadamiga aylanmaganini isbotladi. Hamyurtimiz yarim finalda mezbonlarning birinchi raqamli sportchisi, Olimpiya oʻyinlari oltin va kumush medallari sohibasi Amandin Busharni magʻlubiyatga uchratishga muvaffaq boʻldi.

    “Dzyudoga kirib kelishimga buvim sababchi boʻlgan. Bu sport bilan shugʻullanishni olti yoshimda boshlaganman. Mening qahramonim — buvim”, deydi chempion faxr tuygʻusini yashira olmay. Diyoraning onasi Dilorom opa Sharipova qizi haqida bunday deydi: “Dzyudoga qatnay boshlaganidan buvisi qizimning qulogʻiga quyib kelgan: ”Xudo xohlasa, jahon chempioni boʻlasan, yurtimiz, diyorimiz bayrogʻini baland koʻtarasan! Men bunga ishonaman".

    — Qizim Abeni yiqitdi. Ana shundan xursandman, — deydi Dilorom opa. — Necha yillik mashaqqat bilan Abe, yaponiyalik bilan chiqyapti deyishsa, yuragimni hovuchlab oʻtirdim. Chunki u necha yildan beri birinchilikni bermayotgan edi. Yiqitgandan keyingi his-hayajonimni aytib berolmayman.

    Diyoraning gʻalabasidan soʻng millionlab yurtdoshimiz koʻzida quvonch, koʻnglida faxr tuygʻusi joʻsh urdi. Shoir aytganidek: “Xushxabar shavqidan polvon elim mast boʻlgan”. Jahon sahnalarida yurtimiz bayrogʻini baland koʻtargan, ulkan marralarga zamin boʻlayotgan islohotlar va bu marralarning qanotiga aylangan yoshlarni hech narsa toʻxtata olmaydi.

    “Bir boʻlsak — xalqmiz, birlashsak — vatanmiz!” gʻoyasi ostida 37 millionli xalqning yoshlari bugun har bir jabhada oʻzining kimligini koʻrsatmoqda. Ular dunyo sahnida oʻz soʻzi va qobiliyati bilan yangi tamaddunga asos solishga qodir. Yurt manfaati yoʻlida sobit qadam tashlayotgan bu yoshlarning gʻalaba sururi bardavom boʻlsin.

    Sardor SHUHRATOV,

    jurnalist

    (Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 30.07.2024 y, 151-sonida chop etilgan)