JSST: 2030-yilga borib dunyoda qariyalar soni 1,4 milliard, 2050-yilda esa 2,1 milliardga yetadi

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tasnifiga koʻra, 18 yoshdan 45 yoshgacha boʻlganlar — yoshlar toifasiga mansub. Biroq 24-25 yosh oraligʻida inson ichki resurslari eng yuqori darajaga koʻtarilib, soʻng organizm ularni asta-sekin sarf qila boshlaydi.

    Vaholanki, biz odatda qarilikning ilk tashqi belgilarini 35 yoshga kelib, yuz shakli va teri sifati oʻzgara boshlaganda sezamiz. Bu alomatlar kimlardadir erta, ayrimlarda kechroq paydo boʻlishi mumkin. Biologlar esa yoshga bogʻliq degradatsiya yanada aniqroq boʻladigan va rivojlanadigan uchta asosiy bosqichni ajratib koʻrsatishadi.

    Birinchi bosqich shartli ravishda 45 yoshda boshlanadi. Bu reproduktiv funksiya sezilarli darajada pasayadigan yoki yoʻqotila boshlaydigan yosh hisoblanadi.

    Keyingi muhim bosqich – 60 yosh. Unda toʻqimalar regeneratsiyasi va hujayralar boʻlinishi sezilarli darajada sekinlashadi. Natijada bu davrga kelib, insonda oʻrtacha uchta surunkali kasallik paydo boʻlishi mumkin.

    Uchinchi bosqich 75 yoshda sodir boʻladi. Bu vaqtda toʻqimalarning hujayradan tashqari tuzilmalari yaroqsiz holga keladi va organizm hujayralari himoya toʻsiqlarini yoʻqotadi. Bu esa yangi surunkali kasalliklarga “eshik ochadi”.

    AQSHning Stenford universiteti tadqiqotchilari 34, 60 va 78 yoshda qon sifati sezilarli darajada oʻzgarishini maʼlum qildi. Olimlar qon plazmasidagi oqsillar (proteoma) yigʻindisini oʻrganib, ularning konsentratsiyasi bu yoshda keskin sakrash darajasida oʻzgaradi, degan xulosaga keldi.

    Bu, organizmdagi eng muhim oʻzgarishlar va eng sezilarli qarish jarayonlari 34, 60 va 78 yoshda sodir boʻlishini anglatadi.

    Bugungi kunda qarish jarayonini sekinlashtirish masalasi ayniqsa dolzarb. JSST maʼlumotlariga koʻra, aholining umumiy sonida 60 va undan katta yoshdagilarning soni hamda ulushi oʻsishda davom etmoqda. 2019-yilda bu yoshdagilar soni 1 mlrd nafarni tashkil etgan boʻlsa, 2030-yilga borib, ushbu koʻrsatkich 1,4 milliard, 2050-yilda esa 2,1 milliard kishiga yetdi. Bu oʻsish misli koʻrilmagan surʼatlarda davom etmoqda va kelgusi oʻn yilliklarda, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda tezlashadi.

    Shu munosabat bilan, butun dunyo olimlari oʻrtacha umr davomiyligini oshirish uchun kurashish emas, balki hayotning faol davrini (sogʻligʻini) uzaytirish va sifatli uzoq umr koʻrishga tobora koʻproq eʼtibor qaratish lozimligini aytishmoqda. Shu maʼnoda, har bir inson oʻz biologik yoshini kuzatib borishi va kelajakda salomatligi bilan bogʻliq muammolarning oldini olishi, sogʻlom turmush tarziga amal qilishi zarur.