Uning qayd etishicha, oʻtkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida hozirgacha xastalik 16 ming nafardan ziyod bemorda tasdiqlangan. Ammo haqiqiy epidemiologik vaziyat bundan ham yomonroq boʻlishi mumkin.
Chunki qator mamlakatlarda ushbu yangi infeksiyaga aniq tashxis qoʻyish imkoniyati chegaralangan. Diagnostik testlar yetishmovchiligi kuzatilyapti. Tabiiyki, ana shunday sharoitda tasdiqlanmagan holatlar statistikaga kiritilmaydi.
Toʻgʻri, hozircha Yevropadan boshqa mintaqalarda maymun chechagining tarqalish dinamikasi yuqori xavf darajasida emas. Ammo oʻz vaqtida tegishli choralar koʻrilib, epidemiya tezroq jilovlanmasa, xastalik koʻlami va asoratlari yanada oshib ketishi mumkin.
Masalan, Kongo Demokratik Respublikasida minglab odamlar maymun chechagi alomatlari bilan tibbiyot muassasalariga murojaat qilgan. Biroq bu mamlakatda xastalikni aniqlashda qoʻllaniladigan maxsus sinamalalar va boshqa tibbiy resurslar tanqis.
Shunga qaramay, tor qamrovdagi tekshiruvlar soʻngida yuzlab kishilarga bu xavfli kasallik tashxisi qoʻyilgan. Xavotirli jihati, ulardan 81 nafari 17 yoshgacha boʻlgan bolalardir. Asosiy qatlamni tashkil etuvchi bemorlarning oʻrtacha yoshi esa 37 ga teng.
JSST vakilining qayd etishicha, endilikda nafaqat bemorning oʻzi, balki kiyim-kechak, idish-tovoq, choyshab, sochiq kabi shaxsiy vositalar ham kasallik tashuvchisi boʻlishi ehtimoli mavjud.