баннер
30 Mar 2025
01:40

    JSST: Oʻtgan oyda dunyo boʻyicha vabodan oʻlim koʻrsatkichi 32 foizga oshdi

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bayonotiga koʻra, shu yilning 1-yanvaridan 23-fevraliga qadar 23 davlatda qariyb 70,5 mingta vaboga chalinish holati qayd etilgan. Bemorlardan 808 nafari hayotdan koʻz yumgan.

    Garchi, fevral oyiga kelib, kasallanish koʻrsatkichlari avvalgi oyga nisbatan 14 foizga kamaygan boʻlsa-da, oʻlim darajasi bu davrda 32 foizga oshgan.

    Mutaxassislar fikricha, mazkur epidemiya avj olishiga tabiiy ofatlar, iqlim oʻzgarishi, ayniqsa, suv toshqinidan zarar koʻrgan hududlarda infratuzilma yomonligi hamda tibbiy xizmatlardan foydalanish cheklangani kabi transchegaraviy omillar sabab boʻlmoqda.

    JSST hisobotida fevral oyida vaboga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish surʼati oshgani qayd etiladi. Biroq bu hozircha global ehtiyojlarni toʻliq taʼminlash uchun yetarli emas.

    Qolaversa, toza ichimlik suvi taʼminoti, sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilish vabo epidemiyasini toʻxtatishning uzoq muddatga moʻljallangan yagona barqaror yechimi boʻlib qolmoqda.

    Eslatib oʻtamiz, vabo ingichka ichakning zararlanishi, intoksikatsiya, umumiy ahvol ogʻirlashuvi va organizm suvsizlanishi bilan kechadigan oʻta xavfli oʻtkir infeksion kasallik hisoblanadi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech