баннер
1 Apr 2025
13:51

    Yangi hujjat, yangi vazifalar

    Prezident huzuridagi Statistika agentligi Milliy statistika qoʻmitasi sifatida qayta tashkil etilib, funksiya va vazifalari sezilarli darajada kengaytirildi. Ular nimalardan iborat? Quyida shular xususida fikr yuritamiz.

    Joriy yil 24-fevralda Prezidentimizning “Statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat asosida Prezident huzuridagi Statistika agentligi Milliy statistika qoʻmitasi sifatida qayta tashkil etilib, funksiya va vazifalari sezilarli darajada kengaytirildi. Ular nimalardan iborat? Quyida shular xususida fikr yuritamiz.

    Milliy statistika qoʻmitasi endi nafaqat statistik maʼlumotlarni toʻplash va tahlil qilish, balki ularning ishonch­liligini taʼminlash, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida yanada koʻproq masʼuliyatli vazifalarni bajaradi.

    Farmon asosida tashkil qilingan Res­publika statistika kengashi ushbu yoʻnalishdagi ishlarni tashkil etish tizimini yaratishga koʻmaklashish hamda rasmiy statistikani tayyorlovchilar faoliyatini muvofiqlashtirish bilan shugʻullanadi. Shu bilan birga, u rasmiy statistikani yuritish tizimini rivojlantirish va fao­liyatni muvofiqlashtirish boʻyicha kollegial maslahat organi hisoblanadi.

    “Maslahatchi” xatoni aniqlaydi, “Tahlilchi” tavsiya beradi

    Bugungi kunda jahon statistika idoralari faoliyatini raqamlashtirishga katta eʼtibor qaratmoqda. Oʻzbekiston ham bu borada ilgʻor texnologiyalarga asoslangan yangi tizimlarni joriy etmoqda. Farmon tashabbuslarni amalga oshirishga turtki beradi. Xususan, har bir viloyat, tuman va shahar boʻyicha iqtisodiy-ijtimoiy koʻrsatkichlarni avtomatik shakllantirish imkonini beruvchi “Hududlar statistikasi” axborot tizimi ishga tushiriladi. Tizim orqali hududlardagi demografik holat, iqtisodiy faollik, sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish sohalari va boshqa muhim koʻrsatkichlar haqida real vaqt rejimida maʼlumot olish imkoniyati yaratiladi. Davlat organlari, tadbirkorlar, tahlilchilar uchun maʼlumotlarni tahlil qilish va prognozlashtirish mexanizmi takomillashtiriladi.

    Korxona va tashkilotlarga hisobot topshirish jarayonida maslahat berish uchun sunʼiy intellektga asoslangan “Maslahatchi” interaktiv xizmati joriy etiladi. Ushbu xizmat tadbirkorlik subyektlariga statistik hisobotlarni shakllantirish, topshirish tartibi va talablari boʻyicha avtomatik tavsiyalar beradi. Hisobotlardagi xatolarni aniqlab, ularni toʻgʻrilash hamda foydalanuvchilarning savollariga tezkor javob qaytarish uchun moslashtiriladi.

    Foydalanuvchilarga statistik maʼlumotlarni tez va oson izlab topishda koʻmaklashish uchun “Tahlilchi” konsultativ xizmati ishga tushiriladi. Foydalanuvchilarning maʼlumotlarga ehtiyojini qondirish, statistik manbalardan samarali foydalanish imkoniyatlarini ­kengaytirishni nazarda tutuvchi xizmat orqali turli sohalar boʻyicha mavjud maʼlumotlarni izlash, saralash va tahlil qilish jarayonlari yanada soddalashtirilishi kutilmoqda. “Tahlilchi” statistik maʼlumotlardan foydalanuvchilar uchun qulay interfeys yaratish, axborotga kirishni tezlashtirish va tahlil jarayonlarini avtomatlashtirishni oʻz ichiga oladi.

    Statistik kuzatuvlarni yanada samarali tashkil etish maqsadida telefon orqali maʼlumot toʻplash imkonini beruvchi “Call-markaz” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. U kuzatuvlarni oʻtkazish jarayonini soddalashtirish, respondentlar bilan tezkor aloqa oʻrnatish va maʼlumotlarni oʻz vaqtida yigʻish imkoniyatini kengaytirishi kutilmoqda. “Call-markaz” orqali respondentlarga kuzatuv jarayoni, savolnomalarni toʻldirish tartibi va talab etiladigan maʼlumotlar boʻyicha tushuntirish berish mexanizmlari ishlab chiqilishi mumkin. Bundan tashqari, markaz orqali yigʻilgan maʼlumotlarni tezkor qayta ishlash va tahlil qilish vositasida statistik maʼlumotlarning ishonchliligi va sifatini oshirishga eʼtibor qaratiladi. Mazkur tashabbus statistik maʼlumotlarni yigʻish usullarini takomillashtirish bilan birga, kuzatuvlarda ishtirok etuvchi shaxslar va tashkilotlar uchun qoʻshimcha qulayliklar beradi.

    Tadbirkorlar uchun yengillik va raqamli integratsiya

    Farmon doirasida kichik biznes va mikrofirmalar uchun statistik hisobot topshirish jarayoni soddalashtirildi. Jumladan, xodimlar soni 5 nafardan kam va yillik daromadi BHMning 2000 barobarigacha boʻlgan korxonalar endi hisobotni har yili emas, uch yilda bir marotaba taqdim etadi. Lekin davlat ulushi 50 foiz­dan yuqori hamda aksiz soligʻi toʻlovchi korxonalar bundan mustasnodir.

    Raqamli integratsiya vositasida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish orqali maʼlumot almashinuvi tezkorligi va aniqligi oshirilmoqda. Statistik maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va tahlil qilish jarayonlari avtomatlashtirilishi esa hisobot berish tartibini soddalashtirib, shaffoflikni oshiradi. Shundan kelib chiqib, bir qator yangi yondashuvlar ­joriy etilmoqda, mavjudlari takomillashtirilmoqda. Jumladan, Milliy statistika qoʻmitasi mikrofirma va kichik korxonalar faoliyati haqidagi maʼlumotlarni Soliq qoʻmitasining axborot tizimidan olib, tegishli statistik koʻrsatkichlarni shakllantiradi. Natijada tadbirkorlar uchun maʼmuriy yuklama kamayib, maʼlumotlar yigʻish jarayoni tezlashadi.

    Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmining aniq statistik hisob-kitobini yuritish maqsadida Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Kadastr agentligi va boshqalarning maʼlumotlaridan keng foydalaniladi. Bu esa tarmoqdagi real holatni tahlil etish va samarali qarorlar qabul qilishda qoʻl keladi.

    Milliy statistika qoʻmitasi davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan toʻgʻridan toʻgʻri integratsiya qilinishi orqali elektron maʼlumot almashish huquqiga ega boʻladi. Bu jarayon maʼlumotlar uzatilishini avtomatlashtirib, statistik tahlil tezkorligi va aniqligini taʼminlaydi. Bunday oʻzgarishlar raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish, inson omilini kamaytirish va statistik maʼlumotlar sifatini oshirishda ayni muddaodir.

    Yangi filial tashkil etiladi

    Milliy statistika tizimida zamonaviy talablarga javob beradigan mutaxassislar tayyorlash maqsadida 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab Milliy statistika qoʻmitasi huzurida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining iqtisodiy statistika kafedrasi filiali tashkil etiladi. Filial statistika sohasida nazariy va amaliy bilimlarni uygʻunlashtirgan holda yuqori malakali kadrlar tayyorlaydi. Taʼlim jarayoniga qoʻmitaning tajribali mutaxassislari jalb qilinib, nazariya va amaliyot uygʻunligi taʼminlanadi. Talabalar amaliyotlari bevosita statistika organlarida tashkil etiladi. Bu tashabbuslar soha uchun malakali kadrlar tayyorlash, taʼlimda nazariya va amaliyot integratsiya­si, statistika tizimini rivojlantirish va taʼlimni zamonaviy talablarga moslashtirishga xizmat qiladi.

    Xalqaro standartlar boʻyicha muhim tashabbuslar amalga oshiriladi

    Joriy yil yakuniga qadar milliy statistika tizimida sifatni boshqarishning ilgʻor mexanizmlarini joriy etish holati baholanadi va mavjud muammolar aniqlanadi. Shuningdek, sifatni oshirish uchun xalqaro tajribalar oʻrganilib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqiladi.

    Yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayoni ularning faoliyat yoʻnalishlari va iqtisodiy tasniflagichlar asosida tartibga solinadi. Bu ham rasmiy roʻyxatga olish jarayonini soddalashtirish va tadbirkorlar uchun qoʻshimcha qulaylik yaratadi.

    Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda 2026-2030-yillarga moʻljallangan Statistikani rivojlantirish milliy strategiyasi ishlab chiqiladi. Strategiya­da milliy statistika uslubiyatlarini xalqaro tashkilotlar standartlariga uygʻunlashtirish, tadbirkorlar uchun hisobot yukini kamaytirish, raqamli yechimlardan keng foydalanish hamda talab yuqori ­boʻlgan tahliliy maʼlumotlarni ­tayyorlash mexanizmini joriy etish nazarda tutiladi. Bular mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishi bilan birga, iqtisodiy oʻsishning barqarorligini taʼminlash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi. Shaffof va aniq statistika esa toʻgʻri qarorlar qabul qilishning eng muhim garovidir.

    Usmon ABDURASULOV,

    Milliy statistika qoʻmitasi axborot va media markazi rahbari

    Telegram kanalimiz
    Text to speech