Mazkur topshiriqlar ijrosi yuzasidan konsepsiya va takliflar ishlab chiqildi. Xususan, Uzun shaharchasini rivojlantirish, hududlarda geliokollektor va quyosh panellarini oʻrnatish, choʻl-dasht hududlaridagi boʻsh yerlardan oqilona foydalanish, charm sanoatini rivojlantirish masalalari ilgari surildi. Bugun bu borada ham ishlar bosqichma-bosqich bajarilmoqda.
Surxondaryo viloyati ulkan iqtisodiy, geografik va transport imkoniyatiga ega. Oʻziga xos tabiiy iqlim sharoiti tufayli vohada yiliga ikki-uch marta hosil olish, issiqsevar oʻsimliklar yetishtirish mumkin. Yaratilgan imkoniyatlar ortidan zamonaviy korxonalar tashkil etilib, yangi ish oʻrinlari ochilmoqda. Qishloq xoʻjaligi hamda kichik biznes izchil rivojlanmoqda.
Bunday ishlar natijasida Muzrabotdan Sariosiyoga qadar, Bobotogʻdan Boysuntoqqacha boʻlgan hududda yashovchi 2 million 880 mingdan ortiq kishi bugunidan rozi yashamoqda, hududlar obod va fayzli boʻlayotir.
Zotan, xalq ishonchini oqlash yoʻlidagi muhim qadamlar davlatimiz rahbari Prezident sifatida faoliyat boshlagan dastlabki kunlardanoq qoʻyilgandi. Oʻtgan davrda baxtli va farovon hayot kechirish umidi bilan yashayotgan xalqimiz orzularini roʻyobga chiqarish yoʻlida katta tashabbuslar, keng koʻlamli chora-tadbirlar, salmoqli loyihalar amalga oshirildi. Mana shu islohotlar natijasini Surxon vohasi ahli ham oʻz hayoti misolida koʻrib, his qilmoqda.
Joylarda Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Hamma idora va tashkilotda “Fuqarolar qabulxonasi” ochildi. Rahbarlar hududlarda aholi bilan ochiq va sayyor muloqotlar oʻtkaza boshladi. Viloyatning eng chekka, hatto qoʻshni davlatlarga chegaradosh hududlaridagi oddiy xalq vakillari, turli kasb egalari bilan bevosita muloqotda boʻlib, ularning murojaatlariga yechim topilyapti. Orzulari ijobat boʻlib, armoni ushalishiga koʻmaklashilyapti. Davlat idoralari rahbarlari bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqot qilish, fikr-mulohazalarini bildirish imkoniyatiga ega boʻlgan surxondaryoliklar kayfiyati oʻzgardi, tafakkuri yangilandi, marrani baland oladigan boʻldi.
Xalq hayotini yaxshilash, farovonligini oshirish, fuqarolarning ertaga emas, balki bugunidan rozi boʻlishiga erishish amaldagi islohotlarning bosh maqsadiga aylandi. Bunda, eng avvalo, bandlik, ijtimoiy sohalar, ayniqsa, sogʻliqni saqlash, taʼlim-tarbiya, tabiiy gaz va elektr energiyasi, ichimlik suv taʼminoti, kommunal xizmat, yoʻl qurilishi sohalaridagi muammolar, odamlarni qiynayotgan masalalar izchil bartaraf etilmoqda.
Natijada Surxon vohasida qator yutuqlarga erishildi. Birgina misol: soʻnggi 2 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi amaliy saʼy-harakatlar tufayli yalpi hududiy mahsulot hajmini 106,1 foiz, sanoat-ishlab chiqarishni 111 foiz, qurilish ishlarini 108,5 foiz, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni 103,8 foiz va xizmat koʻrsatish hajmini 117,9 foiz oshirishga erishildi.
Yangi ish oʻrinlari yaratish, aholini tadbirkorlikka jalb etish maqsadida oxirgi 2 yilda 8 mingga yaqin tadbirkorlik tuzilmasi tashkil etildi. Natijada ishsizlik darajasi 7,4 foizdan 6,1 foizga qisqardi. 60 mingdan ziyod oila kambagʻallikdan chiqarilib, kambagʻallik darajasi 10,6 foizdan 7 foizga tushirildi.
Davlatimiz rahbari vazirliklar va hokimliklar ish vaqtining kamida 50 foizi tadbirkorlar muammolarini oʻrganish va ularga yordam berishga sarflanishi, ular faoliyatini baholashda tadbirkorlikni rivojlantirish holatiga alohida eʼtibor berilishini davlat siyosati darajasiga chiqardi. Natijada bir vaqtlar tadbirkorlarni “quvgʻin qilish”da faol ishtirok etgan rahbarlar bugun ularning eng yaqin yordamchisi, koʻmakchisiga aylandi.
Bu borada vohada ijobiy oʻzgarishlar koʻp. Xususan, soʻnggi 2 yilda qiymati 16,3 trillion soʻmlik 1765 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi hamda 28 mingdan ortiq yangi ish oʻrni ochildi. 1,2 milliard dollar toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi. Bu bilan oʻsish surʼati 200 foizni tashkil etdi.
2023-yilda Termiz shahridagi 2,1 gektar maydonda yosh tadbirkorlar uchun “Tinchlik” yoshlar sanoat zonasida “sanoat ipotekasi” asosida 47 ta lotda loyihalar ish boshladi. Jami 523 million dollarlik tovar va xizmatlar eksportga chiqarilib, 10 ta yangi davlat bozorlariga chiqishga erishilib, yana 43 turdagi mahsulotlar eksporti yoʻlga qoʻyildi. Shu bilan eksportga chiqarilayotgan tovarlar turi 323 taga yetdi. Misol uchun, 10 dan ortiq davlatga Surxondaryo viloyati hokimligi delegatsiyasining safari uyushtirilib, investitsiya, savdo hamda ijtimoiy-madaniy aloqalarga doir 50 ga yaqin kelishuvga erishildi.
Yillik xizmat koʻrsatish qiymati jami 10 million dollarga teng boʻlgan 26 gektar maydonda joylashgan “Termiz xalqaro savdo markazi” faoliyati yoʻlga qoʻyildi hamda 500 dan ortiq savdo shoxobchasi ochildi. Afgʻon fuqarolariga 15 kunlik vizasiz rejim joriy etilgani hamda savdo va eksport faoliyatiga imtiyozlar berilgani natijasida 7,8 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Natijalar bu bilan cheklanib qolgani yoʻq. Angor tumani “Top Quality-Brand” MCHJ tomonidan charm ishlab chiqarishga moʻljallangan, qiymati 23,2 million dollarga teng loyiha ishga tushirildi. Sherobod tumanida BAAning “Masdar” kompaniyasi tomonidan 457 MVt quvvatli, qiymati 260 million dollarlik quyosh elektr stansiyasi loyihasi amalga oshirildi. “Oltinsoy Cotton Cluster” MCHJ tomonidan Oltinsoy tumanidagi 40 gektar yerda Oltiariq tajribasi asosida qiymati 8 milliard soʻmlik uzumzor barpo etildi. Boysun tumanida “Narzi Qushbegi” XK tomonidan qiymati 5,8 million dollarga teng mehmonxona va hunarmandlar markazi ishga tushirildi. “Termez National Carpets” MCHJ tomonidan qiymati 20 million dollarlik gilam va sunʼiy kalava ip ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi. “Oravit keramik” MCHJ tomonidan keramik santexnika mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Viloyatda yer osti boyliklari va maʼdanlarining salmoqli zaxirasi mavjud. Oʻtgan yillarda 20 ga yaqin kon salohiyatli investorlarga ajratildi. Bugun 4 ta koʻmir konida qazib olish va ishlab chiqarish ishlari boshlab yuborilgan. Misol uchun, “Turon Eko Kumir” MCHJ tomonidan yillik quvvati 100-150 ming tonna koʻmir mahsuloti qazib olishga moʻljallangan qiymati 50 million dollarlik “Koʻmir ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi, “Ekspo Group Soal” MCHJ tomonidan qiymati 21,9 million dollarlik “Koʻmir qazib olish va qayta ishlash” loyihasi ishga tushirildi. Sariosiyo tumanida “Shargʻunkoʻmir” AJ tomonidan qiymati 1,3 trillion soʻmlik loyiha foydalanishga topshirildi.
Ijtimoiy sohadagi ishlar ham aholining roziligiga sabab boʻlyapti. Jumladan, Toʻpalang suv omboridan Termiz shahrigacha sifatli ichimlik suv yetkazib kelish loyihasi amalga oshirildi. Uning doirasida viloyatdagi 1,7 million kishi istiqomat qiladigan 493 ta mahallaning suv taʼminotini tubdan yaxshilash loyihasining 1-bosqichi ishga tushirildi. Termizda 300 oʻrinli tibbiyot klasteri tashkil etildi. Surxondaryo tajribasi asosida dastlab Angorda, keyinchalik barcha hududlarda patronaj tizimi joriy etildi.
Viloyatda har qarich yerdan samarali foydalangan holda yuqori hosil olish ustuvor vazifa qilib belgilangan. Shu maqsadda foydalanishdan chiqqan 30 ming gektardan ortiq yer qayta foydalanishga kiritildi. Amudaryo qirgʻogʻidagi 20 ming gektar yer oʻzlashtirilib, sholi yetishtirish yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, 2022-2024-yillarda 15 ming 830 gektar yer 22 ming ishsizga ajratildi.
Aholi tomorqasida yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash uchun esa 74 ta (4035 tonnalik) sovitkich ombor va 88 ta (16 tonnalik) quritish uskunasi ishga tushirildi. Agrologistika quvvati esa 110 ming tonnaga yetkazildi. Gʻalladan hosildorlik esa 70 sentnerdan 86,2 sentnerga yetkazildi.
Turizm va madaniyat sohasida ham viloyatimizda salmoqli ishlar bajarildi. Soʻnggi 2 yilda viloyatga jami 1,2 millionga yaqin xorijiy, 3,5 million ichki sayyoh keldi. Turizm xizmatlari eksporti 140 million dollarni tashkil etdi. 45 ta mehmonxona va xostel barpo etildi. 16 ta madaniy meros obyektida restavratsiya va qazishma-oʻrganish ishlari bajarildi. Sayyohlarga qulay infratuzilma yaratish maqsadida oxirgi 2 yilda 23 ta madaniy meros obyektiga olib boruvchi 73 kilometr yoʻlning holati yaxshilandi.
Termiz shahridagi Bobur bogʻi 20 milliard soʻm evaziga yoshlar sayilgohiga aylantirildi. Qoʻshimcha zamonaviy amfiteatr, kutubxona, ovqatlanish shoxobchasi, attraksionlar hamda boshqa xizmat koʻrsatish obyektlari foydalanishga topshirildi. Xorijiy turistlar oqimini koʻpaytirish maqsadida bir qancha mamlakatda oʻtkazilgan 10 dan ortiq xalqaro turizm yarmarkasida viloyat delegatsiyasi ishtirok etdi.
Yangi Oʻzbekistonda xalqni rozi qilish barcha rahbarning eng ustuvor vazifasiga aylandi. Zero, xalqning ishonchini, mehrini qozonish eng oliy saodatdir. Bu yoʻlda, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Bir tanu bir jon boʻlib harakat qilsak, yangi Oʻzbekistonni albatta bunyod etamiz!”.
Ulugʻbek QOSIMOV,
Surxondaryo viloyati hokimi, senator