JSST: Superbakteriyalar yiliga 1,3 million kishining hayotiga zomin boʻlmoqda

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus oʻz bayonotida ushbu global muammo haqida toʻxtalib, superbakteriyalar sayyoramiz boʻyicha har yili 1,3 million kishining oʻlimiga sabab boʻlayotganini qayd etdi.

    Dorilarga chidamli bakteriya, virus, zamburugʻ va parazitlar koʻpayishi qator xastaliklarni davolash jarayonini qiyinlashtiradi yoki muolaja imkoniyatini yoʻqqa chiqaradi. Shu tariqa superbakteriyalar paydo boʻlishi jadallashishi mumkin.

    JSST rahbari bu muammoga qarshi kurashishda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Mikroblarga qarshi chidamlilik boʻyicha siyosiy deklaratsiyada belgilangan ustuvor maqsadlar dasturilamal boʻlishini qayd etdi.

    Buning uchun hukumatlar saʼy-harakatlarni faollashtirish, hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlarini koʻrishlari kerak.

    Eslatib oʻtamiz: ekspertlar hisob-kitoblariga koʻra, 2050-yilgacha dori-darmonlarga chidamli infeksiyalar 39,1 million insonning hayotiga zomin boʻlishi, qolaversa, bu bilan bogʻliq patologiyalar tufayli 169 million oʻlim holati yuz berishi prognoz qilinmoqda.