Karim Ifrak: zamonaviy texnologiyalar, hatto sunʼiy yoʻldosh ortida Muhammad Xorazmiy turibdi

    Oʻzbekiston fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozma Qurʼonlar bizni ilhomlantirib, tadqiqot olib borishga undamoqda.

    Poytaxtimizda 18-oktyabr kuni boshlangan Madaniy meros haftaligi (“Sharq Renessanslari fenomeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar”)da ishtirok etayotgan Fransiya Milliy ilmiy-tadqiqotlar markazi ijrochi direktori, islomshunos olim Karim Ifrak mazkur xalqaro tadbirda Oʻzbekistonning qoʻlyozma qurʼonlari loyihasi bilan ishtirok etayotganini aytdi.

    «Oʻzbekiston qoʻlyozma qurʼonlarini dunyoning boshqa kutubxona va muzeylaridan ham topishingiz mumkin. Aynan Oʻzbekistondagisi alohida bir mavzu. Bu yerda tadqiqot olib borish davomida shunga amin boʻlamizki, aynan Oʻzbekistondagi qoʻlyozma qurʼonlar kutubxona va fondlarda topilmaydi, kamyob.

    Bunga 2 ta misol aytishim mumkin — Katta Langar Qurʼoni va Islom muzxafi qurʼonlari. Shu kabi Oʻzbekiston fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozma qurʼonlar bizni ilhomlantirib, tadqiqot olib borishga undamoqda. Tadqiqotlar ichiga kirganimiz sari esa ular bizni noyobligi bilan oʻziga jalb qilyapti.

    Zero, musulmon dunyosi madaniy merosi ming yillar davomida tadqiqotchilar uchun muhim manbalarga ega. Ayniqsa, mana shu diyor va bu diyorda yaratilgan ilmiy, maʼnaviy meroslar, noyob asarlar nima uchun aynan shu zaminda, Movarounnahrda yaratilganiga haligacha butun dunyo hayratlanib keladi.

    Qoʻlimizdagi telefon, har kuni ishlatayotgan zamonaviy texnologiyalarimiz, hatto sunʼiy yoʻldosh — hammasining ortida Muhammad Xorazmiy chekkan zaxmatlar, kashfiyotlar turibdi. Shu maʼnoda aytish mumkinki, insoniyat tarixida musulmon sivilizatsiyasidek sivilizatsiya kuzatilmagan», — dedi Karim Ifrak.