Seleksiya — oziq-ovqat xavfsizligida muhim yoʻnalish

    Agrosektor 27 Iyul 2023 1191

    “Obi-novvot”, “Boʻrikalla”, “Mramorniy”, “Yusupov”, “Obidov”... Bozorda qovun-tarvuz, pomidor va kartoshkaning bu kabi navlari juda xaridorgir. Sotuvchilaru, dehqonlar ham aynan shu nomlarni aytib xaridor chorlaydi. Negaki, odamlar bu mahsulotlar aslligini biladi. Deyarli har bir oila tomorqasida bunday betakror taʼmli tabiiy mahsulotlar yetishtiriladi.

    Lekin negadir bir muddat mana shunday asl mahsulotlar bozorlarimizda kamayib, ular oʻrnini yangi navlar egallay boshladi. Dehqonlarimiz chetdan keltirilgan super ertapishar urugʻlar orqali hosilni tezroq bozorga chiqarib, koʻproq daromad olishga oshiqa boshladi. Buni kimlardir bozor talabi, ilmiy izlanishlar natijasi, degan boʻlsa, yana boshqalari chetdan keltirilgan urugʻlar mahalliy navlarni siqib chiqarib yuborishidan choʻchidi. Biroq, shunisi aniqki, bugun xoh pishiqchilik mavsumi, xoh erta bahor yoki qish fasli boʻlsin, dasturxonimizda bu kabi neʼmatlar mavjud. Demak, jarayon davom etmoqda. Yaʼni dehqonlar mehnat qilyapti, olimlarimiz izlanishda. Binobarin, vaqt kutib turmaydi. Har bir soha davr taqozosi bilan takomillashib, rivojlanib boraveradi. Bundan seleksiya ishlari ham mustasno emas.

    Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida bu kabi ishlarni amalga oshirishda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining alohida oʻrni bor. Chunki mazkur dargohning toʻqson yillik faoliyati davomida olimlar tomonidan respublikamiz qishloq xoʻjaligi uchun koʻplab yangiliklar joriy etildi, yangi navlar yaratildi. Maqola boshida nomlari sanalgan mashhur navlar ham aynan mana shu ilm maskanida yaratilgan. Bugungi kunda mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida, xususan, seleksiya yoʻnalishida qanday yangiliklar bor, qanday loyihalar yoʻlga qoʻyilmoqda? Bu borada ilm-fan va amaliyot uygʻunligining ahamiyati nimalarda koʻrinadi?

    Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Rustam NIZOMOV bilan shular xususida fikrlashdik.

    — Sabzavotchilik qishloq xoʻjaligidan tashqari, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi Rustam Nizomov. — Masalan, bugun dunyo boʻyicha sabzavot ekinlarining 1,5 mingdan ziyod turi boʻlsa, shundan 200 turi ommaviy tarzda parvarishlanadi. Yaʼni bugun insoniyat ovqat ratsionida 200 xil sabzavot mahsulotlari mavjud. Respublikamizda esa 50 ga yaqin turdagi sabzavot yetishtiriladi va isteʼmol qilinadi.

    Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti 1933-yil Respublika sabzavot stansiyasi negizida tashkil etilgan boʻlib, Respublika Prezidentining 2014-yil 10-fevraldagi va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil oktyabrdagi qarorlari bilan qayta tashkil etilgan.

    Institutimiz sabzavot va kartoshkachilik boʻyicha yetakchi ilmiy muassasa hisoblanadi.

    Institutda olib borilgan ilmiy ishlanmalar tufayli yurtimizda sabzavotchilik anʼanaviy xususiy sektordan qishloq xoʻjaligining rivojlangan zamonaviy tarmogʻiga aylandi. Ilm-fanga katta eʼtibor qaratilayotgani bois soha yanada rivojlanmoqda. Xususan, 2021-yilda institutimiz toʻgʻridan-toʻgʻri byudjetdan moliyalashtirish tizimiga oʻtkazildi.

    Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentyabrdagi qarori bilan institut tuzilmasiga oʻzgartirish kiritilib, laboratoriyalar soni 14 taga yetkazildi. Institutning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm, Andijon viloyatlarida ilmiy-tajriba stansiyalari tashkil etildi.

    Davlatimiz rahbarining 2023-yil 7-iyuldagi “Agrar sohada ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish orqali sifat va samaradorlikni oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori esa olimlarimiz ishini yanada jadallashirish, faoliyatini qoʻllab-quvvatlashda yangi imkoniyatlarni yuzaga chiqaradi. Chunki unda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish, agrar sohada ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlashga qaratilgan muhim maqsadlar koʻrsatib oʻtildi.

    Umuman, toʻqqizta banddan iborat strategiyaning birinchi bandi oziq-ovqat xavfsizligiga bagʻishlangani ushbu vazifalar global ahamiyatga ega boʻlib borayotganidan dalolatdir. Shu bois, keyingi yillarda yerdan samarali foydalanish va ekin turlarini diversifikatsiya qilish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

    Ilm va amaliyot uygʻun boʻlsa...

    Institutda 2016-yildan buyon sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari seleksiyasi va urugʻchiligini rivojlantirish boʻyicha 40 ta ilmiy loyiha, shu jumladan, 2022–2023-yillarda Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 6 ta amaliy va 5 ta innovatsion loyiha boʻyicha tadqiqotlar olib borildi. Qovunning issiqxonada, ochiq maydonlarda ekiladigan eksportbop yangi navlarini yaratish, Xorazm viloyati tuproq iqlim sharoitiga mos, serhosil va eksportbop mahalliy qovun navlari birlamchi urugʻchiligini rivojlantirish, noanʼanaviy va eksportbop sabzavot ekinlari introduksiyasi va birlamchi urugʻchiligini tashkil etish, organik dehqonchilikda tuproq unumdorligi va qishloq xoʻjaligi ekinlarining kasalliklarga bardoshliligini oshiruvchi nanomikrozarrachalarni qoʻllash agrotexnologiyasini yaratish kabi mavzulardagi amaliy hamda innovatsion loyihalar shular jumlasidan.

    Umuman olganda, 37 ta ekin turining 280 ta mahalliy nav hamda duragaylari yaratilib, Davlat reyestriga kiritilgani eʼtiborga molik. Shundan 199 tasi sabzavot, 69 tasi poliz, 12 tasi kartoshka navlaridir.

    2022-yil misolida oladigan boʻlsak, sabzavot va poliz ekinlarining 12 ta, jumladan, achchiq qalampirning “Sharq gavhari”, bamiyaning “Toshkent tuhfasi”, piyozning “Xamal”, “Qizil shohzoda”, qovunning “Oftob”, qulupnayning “Tong ifori”, turpning “Murod”, jambilning “Hushtaʼm”, rayhonning “Ixlos”, bodringning issiqxona uchun “Ezgu Gʻ1”, batatning “Filial”, pomidorning “Mustaqillik – 28” navlari Davlat reyestriga kiritildi.

    Intellektual mulk agentligidan bodringning “Musaffo”, “Gʻalaba”, artishokning “Janub goʻzali”, rokablning “Baraka”, sarimsoqning “Janub”, Surxon vohasi”, rayhonning “Gulchaman” singari navlariga patent olindi.

    Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti va uning ilmiy-tajriba stansiyalarida har yili sabazvot, poliz va kartoshkaning 32–35 ta navidan oʻrtacha hisobda 200 tonna onalik sabzavotlar, 25–36 tonna sabzavot ekinlari urugʻlari, 5–6 tonna poliz ekinlari urugʻlari ishlab chiqariladi.

    2023-yilda sabzavot va poliz ekinlarining 24 turi boʻyicha 34 tonna, kartoshkaning yuqori avlodli 300 tonna mahalliy urugʻliklar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

    Kartoshka, dunyo miqyosida, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham eng koʻp isteʼmol qilinadigan mahsulotlardan hisoblanadi. Bugungi kunda bizda fermer xoʻjaliklari va klasterlar uchun urugʻlik kartoshkaga boʻlgan ehtiyojni qondirish imkoniyati yetarli emas. Shu bois, uni xorijdan import qilamiz. Yurtimizda har yili 300 ming gektar maydonga takroriy ekin sifatida zarur qishloq xoʻjaligi ekinlari, xususan, kartoshka urugʻlari qadalishi ham ana shu talabni taʼminlashga qaratilgan. Qolaversa, ekinlar hosildorligini oshirishda ilmiy yondashuv ham alohida oʻrin tutadi.

    Ayni paytda institut va uning tajriba maydonlarida birgina kartoshkaning 2,5 milliondan ziyod mikro va mini tugunaklarini yetishtirish boʻyicha tadqiqotlar olib borilyapti. Bunday tuganaklar keyingi bosqichlarda 5–6 taga koʻpayishini inobatga olsak, bu kichkina raqam emas. Buni kartoshka importini kamaytirishga qaratilgan muhim qadamlardan biri, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

    Institut olimlarining sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarini resurs va suv tejamkor, intensiv texnologiyalar asosida yetishtirish boʻyicha ishlanmalari ishlab chiqarishga izchil joriy qilinmoqda. Bular sirasiga poliz ekinlari urugʻlarini ekishdan oldin turli preparatlar bilan dorilab ekish, pomidordan ekologik sof mahsulot yetishtirish, yangi sabzavot ekinlaridan salatbop va bargli sholgʻom yetishtirish, Oʻzbekistonning boʻz tuprogʻida sabzavot soyasi yetishtirish, kartoshkaning tezpishar va oʻrta tezpishar navlari jadallashgan birlamchi urugʻchilik texnologiyalarini kiritish mumkin.

    Xalqaro hamkorlik samarasi

    Institutda xorijiy aloqalarni kengaytirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar diqqatga sazovor. Bu borada Xalqaro kartoshkachilik markazi, Turkiyaning hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ), Rossiyaning Sabzavotchilik Federal ilmiy markazi, Ozarbayjon Sabzavotchilik ilmiy-tadqiqot instituti, Qozogʻiston Meva-sabzavotchilik ilmiy-tadqiqot instituti, Vengriyaning Qishloq xoʻjaligi va tabiiy fanlar universiteti, Yaponiyaning “The Musashino Seed Co. Ltd.” kompaniyasi, Janubiy Koreyaning KOICA, KOPIA xalqaro markazlari, Turkiyaning Oqdeniz universiteti, “Merkez Anadolu Kimya”, “Natural Zemın ve Peyzaj” va “Natural”, “Anamas Tohum” kompaniyalari institutimizning yaqin hamkoriga aylangan.

    Institut jamoasi oʻz oldiga sabzavot, poliz va kartoshkachilik ilmini yanada rivojlantirish boʻyicha ulkan rejalarni belgilagan xolda tadqiqot ishlarini davom ettirmoqda. Vaholanki, bir muddat oldin institut jamoasining imkoniyati, izlanish uchun sharoit cheklangan edi. Aytaylik, shu paytgacha ilmiy izlanishlarda oʻtgan asr texnologiyasidan foydalanib kelinargan edi. Endi institutimiz ham zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlandi. Zarur mablagʻ ajratilyapti, grantlar qoʻlga kiritilyapti. Eng muhimi, bu ishlarga yoshlar kuchli intilmoqda. Buning sababi esa bitta: Oʻzbekistonda ilm ahliga eʼtibor kuchaydi, ularning gʻoyalari izchil qoʻllab-quvvatlanyapti. Buning ortidan qishloq xoʻjaligi ekin dalalari innovatsiyalar maydoniga aylanmoqda. Va bu eng toʻgʻri yoʻl. Chunki innovatsiya, tejamkorlik, samaradorlik kelajak talabidir.

    Mutaxassislar bugun yer yuzida iqlim oʻzgarishi, turli tabiiy ofatlar, suv tanqisligi, qurgʻoqchilik kabi omillar oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishga ham oʻz taʼsirini koʻrsatayotganini taʼkidlamoqda. Bu esa sohaga ilmiy asoslangan ishlanmalarni jadal tatbiq qilishni taqozo etadi.

    Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda yiliga 20 million tonnadan ortiq meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi. Xususan, joriy yilda 4 million gektar asosiy, bogʻ-tok qator oralari, lalmi va takroriy maydonlarda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish belgilangan. Yaʼni, bu yil dalalarimizda 8,1 million tonna boshoqli don, 528 ming tonna sholi, 579 ming tonna dukkakli, 345 ming tonna moyli, 12,2 million tonna sabzavot, 2,5 million tonna poliz, 4,1 million tonna kartoshka, 3,1 million tonna meva va 2 million tonna uzum yetishtirilishi kutilyapti.

    Shuningdek, hududlarda dala chetlariga 71 mingta fermer xoʻjaligi tomonidan jami 59 ming gektar tut, tok, terak, mevali koʻchatlar hamda 24 ming gektar poliz, sabzavot va boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi ekinlari ekildi. Bulardan koʻrinadiki, yurtimizda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror taʼminlashga eʼtibor jiddiy. Sohaga ilmiy yondashuv esa ishlar natijadorligini yanada oshiradi.

    Dilshod ULUGʻMURODOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri