баннер
30 Mar 2025
05:28

    Kasaba uyushmasi: farovonlikni taʼminlash pirovard maqsad

    Fikr 17 Fevral 2021 3840

    Mamlakatimizda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar, inson manfaatlarini taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlar zamirida xalqimiz turmush darajasini oshirish, odamlar ertaga emas, bugun yaxshi yashashini va farovonligini taʼminlash kabi ezgu maqsadlar mujassamdir.

    Bunda kasaba uyushmalari faoliyatining ham salmoqli hissasi bor. Kasaba uyushmasi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonuni, “Jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunlari, Taʼlim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Ustavi va boshqa huquqiy hujjatlar asosida yuritadi.

    2019-yil 6-dekabrdagi Oʻzbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, Qonunning maqsadi fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqini amalga oshirish, shuningdek, kasaba uyushmalarini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.

    Kasaba uyushmasi – fuqarolarning oʻz faoliyati yoki oʻqishi turi boʻyicha umumiy kasbiy manfaatlari bilan bogʻliq boʻlgan, ularning mehnatga oid, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish maqsadida tuziladigan, oʻz ustavi asosida faoliyat koʻrsatadigan ixtiyoriy jamoat birlashmasidir.

    Kasaba uyushmalarining birlashmasi – xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini amalga oshirish hamda himoya qilishda harakatlarning muvofiqlashtirilishiga va birligiga erishish maqsadida tarmoqqa doir, hududiy yoki kasbiy oʻziga xoslikni hisobga oluvchi boshqa belgi boʻyicha tuziladigan ixtiyoriy birlashmadir.

    Mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar, shuningdek, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida taʼlim olayotgan, oʻn besh yoshga toʻlgan shaxslar hech qanday tafovutsiz oʻz tanloviga koʻra va oldindan ruxsat olmay turib, ixtiyoriy ravishda kasaba uyushmalarini tuzish huquqiga, shuningdek, kasaba uyushmalariga ularning ustavlariga rioya etish sharti bilan aʼzo boʻlish huquqiga egadir.

    Qonuniylik, ixtiyoriylik, kamsitishga yoʻl qoʻymaslik, mustaqillik va oʻzini oʻzi boshqarish, teng huquqlilik va oshkoralik, ochiqlik Kasaba uyushmalari faoliyatining asosiy prinsiplari sirasiga kiradi.

    Bundan tashqari, Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari, boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari aholi bandligini taʼminlash, ishdan ozod etilayotgan xodimlarni himoya qilish masalalarini, shuningdek, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir boshqa masalalarni hal qilishda ishtirok etish huquqiga ega.

    Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari insonning munosib hayot kechirishini va erkin rivojlanishini taʼminlovchi shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni shakllantirishda, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda, turmush darajasining asosiy mezonlarini va tirikchilik uchun zarur boʻlgan narsalarning eng kam miqdorini belgilashda ishtirok etish huquqiga ega.

    Kasaba uyushmalarining quyidagi vakolatlari bor:

    - aholi bandligini taʼminlash, ishdan ozod etilayotgan xodimlarni himoya qilish masalalarini, shuningdek, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir boshqa masalalarni hal qilishda ishtirok etish;

    – xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilib sudga daʼvo arizasi, shuningdek sud buyrugʻini chiqarish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilish;

    – xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga taalluqli boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;

    – davlat bandlik dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi, bandlikni taʼminlash, shu jumladan yangi ish oʻrinlarini tashkil qilish va mavjudlarini saqlab qolish, tashkilotlarning faoliyatini yaxshilash, xodimlarning ommaviy ravishda ishdan ozod etilishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar taklif etish;

    – davlat organlaridan, ularning mansabdor shaxslaridan, ish beruvchilardan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlari masalalari yuzasidan bepul axborot olish;

    ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarini tekshirishda ishtirok etish;

    – xodimlarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻilgan hollarda ishlarni toʻxtatib turish toʻgʻrisida, shuningdek mehnatni muhofaza qilish talablarining buzilishlarini bartaraf etish haqida ish beruvchiga takliflar kiritish;

    – mehnatni muhofaza qilishning holatini oʻrganadi, ish beruvchilarning jamoa shartnomalari va kelishuvlarida nazarda tutilgan mehnatni muhofaza qilishga doir majburiyatlarining bajarilishini nazorat qilish;

    – davlat organlariga, ularning mansabdor shaxslariga, ish beruvchilarga, ularning birlashmalariga (ittifoqlariga, uyushmalariga) arizalar, shikoyatlar va takliflar bilan murojaat qiladi, ularga soʻrovlar yuboradi.

    Bir soʻz bilan aytganda, farovon hayotimizni taʼminlash va haq-huquqlarimizni taʼminlashda kasaba uyushmasining oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.

    Abror OTABOYEV,

    Fargʻona viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi

    Yoshlar masalalari boʻyicha rais maslahatchisi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech