“Ketmoni uchayotgan” onlayin kasblar

    Bugun bir necha kilometr masofadan ishga qatnagandan ko'ra, uyda o'tirib ishlash tobora ommalashib bormoqda. Avvallari uydan chiqmasdan turib pul topish mumkinligini o'ylab ham ko'rmaganmiz. Onlayin ishlar sekin asta hayotimizga kirib keldi va bugun ko'plab insonlar, ko'plab sohalarda masofadan turib ishlashmoqda.

    Ma'lumotlarga qaraganda dunyodagi 16 foiz kompaniyalar butunlay masofadan turib ishlaydi. Shu bilan birga, ushbu formatni afzal ko'rgan xodimlar soni ham ortib bormoqda. Aksariyat ish izlovchilar mansab va shaxsiy hayot o'rtasidagi muvozanatga erishish, har kuni idoragacha ketadigan vaqtni tejash imkoniyatiga ega bo'lish uchun masofaviy kasblarni tanlamoqda. Onlayn ishlayotgan xodimlarning 77 foizi uyda ishlash orqali samarali natijalarga erishayotganini bildirgan.

    SMM mutaxassisi

    SMM bu Social Media Marketing yoki ijtimoiy media marketing. Ushbu soha mutaxassislarining vazifalari ma'lum darajada marketologlarnikiga o'xshaydi, faqat SMM menejerlari ko'proq ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat olib boradi.

    Ma'lumotlar tahlilchisi

    Ayni paytda aniq ma'lumotlar ko'plab sohalarda, jumladan, bank, moliya, trening, marketing, konsalting va savdolarda qo'llaniladi. Tahlilchi ma'lumotlarni to'playdi, qayta ishlaydi va ularni izohlaydi. Bu soha egalari uchun kompyuter va internet kerak xolos, masofadan turib bemalol ishlashi mumkin.

    Dizayner

    Ushbu kasb bir necha yo'nalishlarga ega. Bular UX dizayneri (user experience) veb-saytlar va ilovalar qulayligiga mas'ul hisoblanadi, UI dizayneri (user interface) veb-saytlarning tashqi ko'rinishi, tovar yoki xizmatlarning vizual tasvirlarini yaratadi. Bu vazifalarning bir qismini neyron tarmoqlar bajarishi mumkinligiga qaramay, 2023-yilda dizayn bo'yicha mutaxassislarga talab 1,7 barobar oshdi.