Keytering: natijalar ijobiy

    Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi maktablarning boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bosqichma-bosqich bepul ovqat bilan taʼminlash tizimini yoʻlga qoʻyish belgilangan edi.

    — 23 yildan buyon boshlangʻich sinf oʻqituvchisiman, — deydi Nukus shahridagi 11-umumiy oʻrta taʼlim maktabi muallimasi Roziya Qodirbergenova. — Tajribamdan bilamanki, bir sinfda har xil qobiliyatli bolalar oʻqiydi. Shuning uchun ularning har biri bilan alohida ishlash lozim. Ayni paytda sinfimda 30 oʻquvchi bor. Davlatimiz tomonidan boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash tizimi yoʻlga qoʻyilishi juda ajoyib ish boʻldi. Ilgari bolalarning biri ovqatlansa, ikkinchisining ovqatlanishga puli boʻlmasdi. Shuningdek, koʻplab bolalar dars paytida oshxonaga borishni oʻylab oʻtirardi. Hozir barchasining bir vaqtda bepul ovqatlanishiga imkoniyat yaratildi. Bu bolalarning ruhiyatiga ijobiy taʼsir qilyapti. Eng muhimi, sinfda hamma teng, bir xil sharoitga ega, bir xil ovqat yeydi.

    Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi maktablarning boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bosqichma-bosqich bepul ovqat bilan taʼminlash tizimini yoʻlga qoʻyish belgilangan edi.

    Oʻtgan vaqtda tizimni ishga tushirish yoʻlida dastlabki qadamlar qoʻyildi. Amudaryo tumanida bu borada muayyan ishlar qilinmoqda. Mavjud 85 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabining barchasida 1-4 sinf oʻquvchilarini bepul ovqatlantirish tashkil etilgan.

    — Tumanimizdagi 85 ta maktabda tahsil olayotgan 14 ming 769 nafar boshlangʻich sinf oʻquvchisiga 4 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan yengil nonushta yetkazilib berilmoqda, — deydi Amudaryo tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi Saida Sodiqova. — “Shohnur Azatovich” MCHJ 13 ta, “Navroʻz” MCHJ 29 ta, “Mangʻit milk” MCHJ 14 ta hamda “Tabassum” MCHJ 29 ta umumtaʼlim maktabining boshlangʻich sinf oʻquvchilarini oʻz vaqtida va sifatli yengil nonushta bilan taʼminlayapti.

    Boshlangʻich sinflar oʻquvchilarini keytering usulida sogʻlom ovqatlantirish maqsadida tumandagi barcha maktablarning oshxonalarida hamda sinf xonalarida sanitariya va gigiyena talablariga mos shart-sharoit yaratilgan. Bu borada maktablarda maxsus komissiyalar tashkil qilingan. Ularning tarkibiga maktab direktori, hamshirasi, direktorning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, amaliyotchi psixolog, sinf rahbari va ota-onalar vakillari kiritilgan. Ular kunlik hisobotlarni, 1-4-sinf oʻquvchilari davomatini tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimiga har kuni berib borishadi.

    — Boshlangʻich sinf oʻquvchilarini keytering usulida bepul ovqatlantirishning standart talablariga mosligini kundalik koʻrikdan oʻtkazib borish maqsadida ishchi guruh ham tuzilgan, — deydi Saida Sodiqova. — Bu guruhlar tarkibida tuman hokimining birinchi oʻrinbosari, tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi, tibbiyot birlashmasi, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimi, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tuman boʻlimi boshliqlari bor. Ular oʻquvchilarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sanitariya-gigiyena talablari hamda taomnomaga mosligini va miqdorini muntazam ravishda koʻrikdan oʻtkazib boradi.

    Oʻquvchilarga sifatli yengil nonushta tayyorlash va yetkazib berishda “Navroʻz” masʼuliyati cheklangan jamiyati Qoraqalpogʻistondagi eng namunali korxona deb topildi. U tumandagi 29 ta maktabdagi boshlangʻich sinflarning 4983 nafar oʻquvchisini yengil nonushta bilan taʼminlayapti. Taomnomadagi oziq-ovqat mahsulotlarining 60 foizi MCHJning oʻzida ishlab chiqariladi va shu kuni qadoqlanib, maktablarga yetkaziladi.

    — Bolalar – kelajagimiz. Ularning jismonan va maʼnan sogʻlom boʻlib ulgʻayishi koʻp jihatdan sogʻlom va sifatli ovqatlanishiga ham bogʻliq, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Ahmed Narimbetov. — Shunday ekan, bu borada nazorat oʻrnatish nafaqat masʼul idoralarning, balki keng jamoatchilikning ham vazifasi boʻlmogʻi kerak. Qoraqalpogʻistondagi 716 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 139 577 nafar boshlangʻich sinf oʻquvchisi keytering usulida bepul tayyor oziq-ovqat bilan taʼminlangan. Respublika Vazirlar Kengashidagi xarid komissiyasiga geografik joylashuvi va ular oʻrtasidagi masofani inobatga olgan holda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini alohida lotlarga boʻlib, Etender.uzex.uz elektron tizimining maxsus platformasiga joylashtirish va tanlovda savdolarga qoʻyish vazifasi yuklangan. Keytering tashkilotini tanlab olish “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov yakunlari boʻyicha amalga oshirildi.

    — Keytering Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan hamda tasdiqlangan namunaviy mavsumiy taomnomalar, taom tayyorlash boʻyicha texnologik kartalar asosida tashkil qilingan, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining umumtaʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etish va tibbiy xizmat koʻrsatishni muvofiqlashtirish shoʻbasi bosh xodimi Sulaymon Habibov. — Keytering tashkilotlari qadoqlangan tayyor taomlarni maxsus avtotransport vositalarida yetkazib beradi, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq oʻquvchilarga tarqatishni tashkil etadi va chiqindilarini oʻz vaqtida utilizatsiya qilib boradi. Koʻrsatilgan xizmatlar hisob-kitobi shartnoma oylik summasining 15 foizi oldindan, 85 foizi esa haqiqatda koʻrsatilgan xizmatlar summasidan kelib chiqib, taqdim qilingan hisob-fakturalarga asosan amalga oshirilmoqda.

    — Tumanimizdagi 23 ta maktabning boshlangʻich sinflarida taʼlim olayotgan 2875 nafar oʻquvchi bepul ovqatlanmoqda, — deydi Taxtukoʻpir tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Muyassar Allambergenova. — Boʻlimimiz sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish yuzasidan doimiy monitoring olib boryapti. Oʻquvchilar va ularning ota-onalari oʻrtasida muntazam soʻrovnomalar oʻtkazib kelyapmiz.

    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda barcha umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi yuzasidan tasdiqlangan jadval asosida har oyda oʻrganishlar tashkil etmoqda.

    — Oziq-ovqat mahsulotlarini sinf rahbarlari nazoratida sanitariya qoidalariga amal qilgan holda maktab oshxonalarida yoki sinf xonalarida uchinchi soatdan soʻng, katta tanafus paytida oʻquvchilarga tarqatib berish nazarda tutilgan, — deydi Moʻynoq tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligi Maqsetboy Ametov. — Oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida ishchi guruh aʼzolari 1-4 sinf oʻquvchilariga berilayotgan yengil nonushta mahsulotlarining tayyorlanishi va tarqatilishini koʻzdan kechirib, tegishli xulosalar ham berib boryapti. Ularning fikrlari asosida oʻzgarishlar qilinyapti.

    Xulosa qilib aytish mumkinki, keytering tizimi oʻzini oqlayapti. Ota-onalar farzandlari maktablarda bepul oziq-ovqat bilan taʼminlanayotganidan xursand. Eng muhimi, keytering oʻquvchilarning darslarni oʻzlashtirishiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

    Minajatdin QUTLIMURATOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri