Azim Buxoroning olis Vobkent tumani haqida eshitmagan kishi boʻlmasa kerak. Chunki bu manzilning shoʻrdanagi, quruq mevalari, shirinliklariyu hunarmandlik mahsulotlari azaldan maʼlum va mashhur.
Qishloq ayollari ushbu mahsulotlarni tayyorlashda bir xonadonga yigʻilib, laparxonlik bilan mehnat qilishni odatga aylantirgan. Ular qishni sovuq, yozni issiq, deb oʻtirmaydi. Eplagan imkon topadi, eplamagan bahona, deya tabiatning toʻrt faslida ham tinim bilmaydi.
Shakarkent mahallasida 4500 dan ziyod aholi istiqomat qilayotgan boʻlsa, ular “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida oʻz tomorqasida istalgan faslda moʻl hosil yetishtirishning hadisini olgan. Pomidor, bodring, kartoshka, karam va boshqa sabzavot mahsulotlari, toʻqsonbosti ekinlar, qolaversa, koʻkat yetishtirib, moʻmay daromad olish, erta bahordan aholi tomorqalari uchun issiqxonalarda koʻchat yetishtirib sotish borasida ham katta tajribaga ega.
Necha yildirki, bu hudud aholisi oʻz issiqxonalarida yetishtirgan barakali hosilni qoʻshni tumanlar bozorlarida ham sotib, yaxshi daromad olyapti.
Yuqori Xalach qishlogʻida yashovchi Ramziya Tosheva bu borada koʻpchilikka namuna boʻlmoqda. Tomorqasida kartoshka, piyoz, pomidor, bodring va turli koʻkatlar bilan birga, sitrus mevalar yetishtiradi.
— Chogʻroqqina hovlimiz etagida issiqxona tashkil qildik. Hozirgi kunda bu yerda 30 tup limon, 6 tup mandarin, 6 tup apelsin mevaga kirgan, — deydi Ramziya Tosheva. — Limonning sovuqqa chidamli va hosildor navlaridan oʻtqazganmiz. Issiqxonamizda ortiqcha yoqilgʻi ishlatilmaydi. Izgʻirinli tunlarda isiriq solib tutatamiz, bu esa koʻchatlarni sovuq urishdan asraydi. Bir parcha yerdan topayotgan daromadimiz orqasidan yaxshi hayot kechiryapmiz. Birovdan kam joyimiz yoʻq. Aytishadi-ku, ishlagan xor boʻlmas, deb.
Shohnigor mahallasi esa tuman markazidan 13 kilometr olisda joylashgan. Mahallada 2200 ga yaqin aholi yashaydi.
Bu mahallada barpo qilingan issiqxona xoʻjaliklarida ayni qish paytida ham istalgan poliz mahsulotlarini sotib olishingiz mumkin. Tomorqa mehnatida mushtini bir yerga uradigan shohnigorliklar tinim bilmay ishlaydi.
Mahallada tashkil qilingan issiqxonalarda yoki ochiq maydonda “duga”li sim tortib, plyonka ostida pomidor, bodring, kartoshka va koʻkatlaru sabzi, baqlajonlargacha peshma-pesh yetishtirilib, roʻzgʻor ehtiyoji uchun jamgʻariladi.
— Vobkent tumanining ikkinchi sektoridagi mazkur mahallamizda mavjud har qarich tomorqa yeri daromad manbai sifatida alohida qadr-qimmatga ega. Chunki tomorqa yoxud undagi issiqxona vaqt oʻtishi bilan barqaror daromad manbaiga aylanishi mumkin. Shuni alohida taʼkidlab oʻtish joizki, oʻtgan yili hududda ijtimoiy muhofazaga olingan 621 ta daromadi yetarli boʻlmagan oiladan 589 tasining moddiy sharoiti ularni ish bilan band qilish, takroriy ekin uchun yer maydonlari berish, imtiyozli kredit mablagʻi ajratish va boshqa turdagi yordamlar koʻrsatish hisobidan yaxshilangani sababli “Temir daftar” roʻyxatidan chiqarildi, — deydi Vobkent tumani hokimligi matbuot xizmati rahbari Shuhrat Sharopov. — Usmon Rajabov oilasi necha yildirki, oʻz tomorqasida halol mehnat qilib, moʻl-koʻl hosil olishning uddasidan chiqyapti. Xonadon sohibi tijorat bankidan 220 million soʻm imtiyozli kredit olib, tomorqasida issiqxona barpo etdi. Qish-qirovli kunlarda ham mirishkor oila 60 sotixdan iborat issiqxonasida pomidor va bulgʻor qalampiri parvarish qilmoqda.
Chindan ham oʻz yeringda hosil yetishtirishning huzuri va barakasi oʻzgacha boʻladi. Tomorqada qilingan mehnat roʻzgʻorning gʻorini toʻldirib, oiladagi yetishmovchiliklarga ham barham beradi.
— Issiqxonamizda pomidorning “Chinto”, “Adriatika” va “Alamina”, bodringning esa “Pantino” navi bilan birga, bulgʻor qalampirining ham bir necha sara navlaridan 20 ming tupgacha koʻchat parvarishlayapmiz. Issiqxona xoʻjaligini dastlab bir sotixdan boshlab, sekin-asta kengaytirdik. Roʻzgʻordan orttirgan mahsulotimizni el dasturxoniga yetkazib, qoʻshimcha daromad ola boshladik, — deydi ham dehqon, ham tadbirkor Usmon Rajabov. — 2023-yilning kech kuzida bulgʻor qalampirlaridan 80 million, 5 sotixda yetishtirilgan pomidordan 50 million soʻm daromad oldik. Umuman, bir yillik mehnatimiz mahsulini hisob-kitob qiladigan boʻlsak, 250 million soʻm atrofida foydaga erishibmiz.
Ayni damda Usmon Rajabov xoʻjaligida yetishtirilgan bulgʻor qalampiri va pomidor hosilining har kilosi 35 ming soʻmdan sotilmoqda. Endi roʻzgʻorga kirayotgan barakani oʻzingiz chamalab olavering.
Mehnatning rohati, xonadonning barakasi yerdan, degan hikmatning chin maʼnosini oʻz tomorqasidan hosil olayotganlar yaxshi biladi. Shu bois, vobkentliklar hayoti tobora farovon va dasturxoni toʻkin boʻlib bormoqda.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri