“Kitobsevar millat” gʻoyasining uzviy davomi

    “Har qanday xazina bir kun kelib tugashga mahkum. Faqat ilm (bilim) xazinasi qancha ishlatganingiz sari shuncha koʻpayib borish xususiyatiga ega... Turli xodisalar, inshootlar, kashfiyotlar dunyoning yetti moʻjizasi sifatida keltiriladi.

    Aslida kitob dunyoning birinchi raqamli va hayratlanarli moʻjizasidir... Yaxshi va yomon asarni farqlash imkoniyati boʻlishi, yaxshi kitoblar eʼtirof etilishi kerak... Asarning mukammal tahlili oʻquvchini kitobga qaytaradi... Respublika miqyosidagi “Bolajon” va “Aqlvoy” telekanallari faqat saqichni emas, kichkintoylar uchun chop etilgan yangi kitoblarni ham reklama qilib borsa boʻladi-ku!”.

    Shu va boshqa eʼtirof hamda fikr-mulohazalar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, UzReport telekanali, Respublika Manaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda yurtimizning taniqli shaxslari, soha mutasaddilari, yozuvchi-shoir, munaqqid, tarjimon, noshirlardan iborat maʼruzachilar tomonidan taʼkidlandi.

    Maʼruzachilarki, Oʻzbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ibrohim Gʻafurov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xoʻjayev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Minhojiddin Mirzo va yana koʻplab millatimiz oydinlari edi.

    Tadbirki, “Bitmas xazina” kitob festivali. Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan “Green Hills Resort” dam olish maskani mezbonlik qilgan anjumanni oʻtkazishdan asosiy maqsad jamiyatimizda, ayniqsa, yoshlar orasida mutolaa madaniyatini yuksaltirish, kitobga qiziqishni oshirishdan iborat boʻldi.

    Festival dasturida mamlakatimizda chop etilayotgan kitoblar sifati, mazmun-mohiyati, adabiyot, kitob savdosidagi muammo va ularning yechimlarini ijodkorlar va noshirlar ishtirokida muhokama qilish masalalari bor edi. Shu bilan birga, kitob savdosi bilan shugʻullanadigan tashkilotlar, tarjimonlar ishtirokida davra suhbatlari, bahs-munozaralar hamda “Bitmas xazina” kitob koʻrgazma-yarmarkasi kabi tadbirlar oʻrin oldi.

    Festivalning ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar kitobxonlikni, mutolaa madaniyatini keng targʻib qilishda bunday tadbirlar sonini koʻpaytirish zarur ekanini taʼkidladi. Shuningdek, “Kitobsevar millat” shiori ostida kitobxon yoshlarni birlashtirayotgan anjumanlar zamonaviy adabiyotni rivojlantirish, mumtoz asarlarni oʻquvchilarga qimmatini saqlagan holda yetkazishda adabiy maydon sifatida xizmat qilishini qayd etdilar.

    – Keng koʻlamdagi yana bir “Bitmas xazina” kitob festivali va koʻrgazma-yarmarkasi kitobxonlarning sevimli bayramiga aylanishiga ishonamiz, – deydi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xoʻjayev. – “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi nashriyot va matbaa korxonalarining erkin rivojlanishi uchun barcha imkoniyatni yaratib berdi. Natijada respublikamizda 2020-yilda 168 ta nashriyot faoliyat yuritgan boʻlsa, 2024-yil 1-avgust holatida ularning soni 562 taga yetdi. Bu davrda matbaa korxonalari soni 300 taga oshdi. 680 dan ortiq ixtisoslashgan kitob savdo majmuasi tashkil etildi.

    Ushbu majmualar orqali respublikaning chekka hududlariga tezkor yetkazib berish boʻyicha loyihalar joriy etildi. “Kitobsevar millat” shiori ostida festival va tanlovlar, ijodiy seminar va forumlar, xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkalari muntazam oʻtkazilmoqda.

    Nashriyot va matbaa korxonalarini soliqlardan ozod qilish va ularga imtiyozli kreditlar ajratish, badiiy tarjima sohasida xalqaro mukofot, bolalar uchun yaratilgan eng yaxshi asarlar boʻyicha Prezident mukofotini taʼsis etish, mahallalarda kitobxonlik darajasini oshirish qonunchiligimizda qator meʼyoriy hujjatlar bilan mustakamlab qoʻyilgan.

    Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi “2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan milliy dastur tasdiqlangan. Unga asosan, tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish yuzasidan jami 44 ta meʼyoriy-huquqiy hujjat qabul qilindi.

    – Festivalning “Bitmas xazina” deb nomlanishi bejiz emas, – deydi Uzreport TV axborot agentligi rahbari Ravshan Joʻrayev. – Telekanalimiz orqali 2016-yildan buyon efirga uzatilayotgan, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishni maqsad qilgan teleloyihaning nomi ham aynan “Bitmas xazina”. Endi koʻrsatuv quloch yoydi, uni kitob festivali sifatida anʼanaviy tarzda oʻtkazishga qaror qilindi. Shuningdek, loyiha doirasida “Bitmas xazina” nomli durdona asarlardan iborat 5 tomli kitoblar toʻplamini har yili nashr qilib borishni rejalashtirganmiz. Undan dunyo tan olgan mumtoz adabiyot namunalari, oʻzbek adabiyoti dargʻalari qalamiga mansub asarlar, yangi tarjima va nazmiy bitiklar joy oladi. Tadbir doirasida oʻtkazilgan mazkur loyiha taqdimoti ishtirokchilar tomonidan qizgʻin qabul qilindi.

    Anjuman ishi “Mualiflik huquqi va tarjima masalalari” mavzusidagi konferensiya, “Noshirlik ishi, yozuvchilar bilan hamkorlik” va “Xalqaro tajriba: Adabiy agentlik va metsenatlik faoliyatlari” mavzusidagi davra suhbatlari bilan davom etdi. Unda oʻzbek adabiyotlarini xorijiy tilga va yetuk xorijiy asarlarni oʻzbek tiliga tarjima qilish, mualliflik huquqini himoyalash, qalam haqi va boshqa muhim masalalar yuzasidan muloqot boʻlib oʻtdi, taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.

    – Hamma narsaning, barcha eshiklarning kaliti ilmdir, bugun kitob oʻqiyotgan bola ertaga kitob oʻqimaydigan oʻnta bolani boshqaradi, deya bot-bot uqtirib kelinadi, – deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov. – Bugun kitob koʻpaydi, lekin sifat-chi? Duch kelgan kitobni oʻqish ham, unga vaqt sarflash ham xato. Demak, bugun yoshlarda kitob tanlash didini uygʻotish lozim. Qaysi kitobni oʻqish, qaysisini oʻqimaslik kerakligini saralay olish darajasiga yetish ham katta natija.

    Muloqotlar davomida bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha kelgusida amaliy ishlar, yangi loyihalar oʻtkazishga kelishib olindi. Chunki kitobxonlik har qanday davr va zamonda yosh avlodni yetuk hamda komil inson qilib tarbiyalashning eng yaxshi usuli, maʼnaviy ozuqa manbai ekani urgʻulandi.

    – Yaxshi va yomon asarni farqlash imkoniyatini yaratib berishimiz lozim, – deydi “Akademnashr” nashriyoti rahbari Sanjar Nazar. – Yaxshi kitoblar eʼtirof etib borilishi kerak. Afsuski. yaxshi asarlar tahlili yoʻq. Munaqqidlarimiz bu masalada tashabbus koʻrsatsa, ayni muddao boʻlur edi. Tahlil oʻquvchini kitobga qaytarish kuchiga ega. Qani edi, bir platforma yaratilsa-yu, u yerda yangi ijod namunalariga taqriz va tahlillar berib borilsa. Maktab va oliy oʻquv yurtlarida oʻquvchi hamda talabalar darslar doirasida ushbu chiqishlarni oʻqib-oʻrganishsa, muhokama qilishsa...

    Festivalda faoliyat boshlayotgan yosh ijodkorlar, noshirlar malakali mutaxassislar bilan tajriba almashdi, oʻzini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

    Nodir MAHMUDOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri


    Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 190-sonida (2024-yil 18-sentyabr) chop etilgan.