Xususan, 16-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining eng yirik fraksiyalari — OʻzLiDeP va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining alohida, 17-may kuni mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish va ushbu masalani Oliy Majlis palatalari kengashlari muhokamasiga kiritishga bagʻishlangan qoʻshma yigʻilishlari boʻlib oʻtdi.
Shu bilan bogʻliq holda, 20-may kuni Senat va Qonunchilik palatasi kengashlarining qoʻshma majlisi oʻtkazildi. Bu yigʻilishda Konstitutsiyaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilib, uning tarkibi va vazifalari belgilandi. Mazkur Konstitutsiyaviy komissiya tarkibiga barcha hududlardan deputatlar, senatorlar, jamiyatning turli qatlamlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, yetuk huquqshunos va siyosatshunoslar hamda boshqa ekspertlar (jami 46 kishi) kiritildi.
Xoʻsh, parlamentimizning bunday qaroriga sabab nima va u nima bilan bogʻliq? Konstitutsiyaviy islohot nimaga kerak, uning asl, tub gʻoyasi nimadan iborat? Komissiya faoliyati qanday yoʻl bilan va qaysi tamoyillar asosida tashkil etiladi? Bular mazkur mavzu yuzasidan global tarmoq va ijtimoiy sahifalarda berilayotgan savollar roʻyxatining kichik bir qismi, xolos.
KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOT — AHOLINING KENG QATLAMI VA SAYLOVCHILAR AMRI
Avvalo, Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy islohotning bosh gʻoyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev, asosiy tashabbuskori esa mamlakatimiz aholisining keng qatlamidir.
Birinchidan, 2021-yilning oktyabr oyida Oʻzbekiston Prezidenti saylovi jarayonida barcha nomzodlarning elektorat vakillari bilan uchrashuvlari chogʻida hayotiy talabdan kelib chiqqan va mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning mantiqiy davomi boʻlgan muhim taklif ilgari surildi. Bu — konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirish.
Xususan, Konstitutsiyaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga oid birinchi taklif OʻzLiDePdan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovchilar bilan Qoraqalpogʻistonning Boʻzatov tumanida boʻlib oʻtgan uchrashuvi chogʻida ilgari surilgan edi. Nafaqat mintaqaviy, balki jahon koʻlamiga ega ekologik fojia — Orol dengizi qurishi bilan bogʻliq vaziyatda amaldagi Konstitutsiyada oʻz aksini topmagan, insonning ekologik huquqlari, yurtimiz aholisining yashab turgan va boʻlajak avlodlarining qulay va toza atrof-muhitga boʻlgan huquqlarini mamlakat Bosh qonunida aks ettirishning dolzarbligi va hayotiy ahamiyati taʼkidlandi.
Kelgusida Shavkat Mirziyoyevning hududlardagi saylovchilar bilan yana 7 ta viloyatda boʻlib oʻtgan uchrashuvlari jarayonida xususiy mulk muhofazasiga doir konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarni yanada mustahkamlash tashabbuslari, jumladan, yer va yerosti boyliklariga boʻlgan huquq, inson qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, mamlakatda millatlar va elatlararo totuvlikni kuchaytirish, milliy demokratik institut — mahallaning oʻrni va maqomini oshirish, kelajak avlodlargacha anʼanaviy insoniy qadriyatlarni asrab-avaylagan holda yetkazish, oila institutining ahamiyati, davlat yoshlar va gender siyosatini, innovatsion iqtisodiyot va “bilimlar iqtisodiyoti”ni rivojlantirish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaga investitsiyalar hajmini kengaytirish kabi tashabbuslar ilgari surildi.
Eng muhimi — keltirilgan barcha masalalar saylovchilar, jumladan, oʻqituvchilar, tadbirkorlar, fermerlar, fuqarolik jamiyati institutlari va milliy-madaniy markazlari vakillari — mamlakatning oddiy aholisi tomonidan koʻtarildi. Oʻz navbatida, bu, bir tomondan, Prezidentimizning Yangi Oʻzbekiston strategiyasi doirasidagi demokratik islohotlar siyosati keng qoʻllab-quvvatlanayotganidan dalolat bersa, ikkinchi tomondan, saylovchilar ularning natijadorligidan, ularni yanada chuqurlashtirish va saylovoldi dasturda belgilangan maqsadlarga erishishdan manfaatdorligini koʻrsatadi.
Quyidagi partiya nomzodlarining uchrashuvlari chogʻida ham:
- Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi — mamlakatimizning konstitutsiyaviy tengligini belgilash, milliy anʼana va qadriyatlarni mustahkamlash va muhofaza qilish yuzasidan;
- Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi — sud hokimiyati mustaqilligi, qonunlar va sud qarorlari odilligi, Konstitutsiya va qonunlar, inson huquqlari ustuvorligining, korrupsiyaga qarshi kurashishning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan;
- Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi — aholining himoyaga muhtoj qatlamlarining, ayniqsa, nogironligi bor shaxslarning konstitutsiyaviy va ijtimoiy himoyasini kengaytirish, ijtimoiy yoʻnalishga ega davlat qurish borasida;
- Oʻzbekiston Ekologik partiyasi —
mamlakatda yashil iqtisodiyotga oʻtish, ekologik noqulay hududlarda vaziyatni yaxshilash boʻyicha takliflar bildirildi.
Taʼkidlash joizki, bularning barchasi saylov va prezidentlikka nomzodlar bilan uchrashuvlar jarayonida saylovchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza, taklif va xohish-istakdir.
Ikkinchidan, saylovchilarning xohish-istaklarini chuqur oʻrgangan holda, Oʻzbekiston Prezidenti konstitutsiyaviy islohotlar zaruriyatiga alohida urgʻu berdi:
- oʻtgan yilning 6-noyabr kuni oʻzining inauguratsiya nutqi vaqtida Prezident akademik taʼlim va ekspertlar hamjamiyati oldida konstitutsiyaviy rivojlanishda milliy va xorijiy tajribani oʻrganish vazifasini qoʻydi, deputat va senatorlardan ushbu masalaga eʼtibor bilan yondashib, uni oʻrganish va aniq takliflarni ishlab chiqishni soʻradi;
- Prezidentimiz Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan yoʻllagan tabrigida saylovchilarning amri va xohish-istaklariga, tez surʼatga ega demokratik oʻzgarishlar ehtiyojlariga asoslangan konstitutsiyaviy islohotning ustuvor yoʻnalishlarini belgiladi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari “Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” fundamental mualliflik monografiyasining ikkinchi qayta koʻrib chiqilgan va toʻldirilgan nashriga konstitutsiyaviy islohotning zaruratiga bagʻishlangan va saylovoldi kampaniya jarayonida berilgan barcha takliflarni umumlashtirishga asoslangan boʻlimni kiritdi. Kitobda Oʻzbekistondagi konstitutsiyaviy islohotning asosiy ustuvor yoʻnalishlari belgilangan.
Uchinchidan, siyosiy partiyalar, avvalo, OʻzLiDeP va “Milliy tiklanish” DP kutilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarga nisbatan oʻz elektoratining kayfiyati va istaklarini chuqur oʻrganishni tashkillashtirdi.
Ushbu ikki partiyaning 1,5 milliondan ortiq aʼzosi Konstitutsiyaning modernizatsiyasini qoʻllab-quvvatlabgina qolmay, uning xalq tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga erishishning, mamlakat va jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar hayotidagi barcha sohalarni yanada tez va jadal isloh qilish uchun zarur huquqiy asoslarni yaratishning muhim sharti sifatida zarurligini koʻrsatdi.
KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLAR: DUNYODAGI ZAMONAVIY TENDENSIYALAR
Bugungi kunda dunyoda 500 dan ortiq amaldagi konstitutsiya boʻlib, ulardan 200 ga yaqini mustaqil davlatlar, 300 dan ortigʻi federatsiyalar subyektlariga tegishli. Shu bilan birga, Shumer shohi Ur-Nammuning Qonunlar toʻplami dunyoning eng qadimgi yozma konstitutsiyasi, deb hisoblanadi. U muhrlangan sopol peshlavhachalarning yoshi 4 ming yildan oshgan.
Bunda Konstitutsiya aqida emas, balki harakatlarning, barqaror taraqqiyotning dasturi. Tuzatish, oʻzgartirish kiritish imkoniyati barcha konstitutsiyalarning fundamental xususiyatidir. Jamiyat tarixiy rivojlanishining turli bosqichlarida birdek xizmat qiladigan konstitutsiyaviy matnni bittada va abadiy yaratib qoʻyishning iloji yoʻq.
Shunday qilib, XX asrning oxirgi oʻn yilligi va XXI asrning boshi dunyo yurisprudensiyasi tarixiga jahon hamjamiyati vakillarining konstitutsiyaviy tuzumida konstitutsiyaviy islohotlarning yangi sifat bosqichiga chiqishi, konstitutsiyaviy dunyoqarashda sifat jihatidan chuqur oʻzgarishlar davri oʻlaroq kiradi. Xususan, soʻnggi 30 yil ichida dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida konstitutsiyaviy islohotlar oʻtkazildi, 57 davlatda yangi konstitutsiya qabul qilindi. Eʼtiborlisi, konstitutsiyaga eng koʻp oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritgan davlatlar oʻntaligida Meksika, Yangi Zelandiya, Braziliya, Shveysariya, Avstriya, Isroil, Chili, Kolumbiya, Gruziya va Hindiston mavjud. Bunda konstitutsiyaviy islohotlarning aksariyati davlat va jamiyatni modernizatsiya qilish yoxud siyosiy, iqtisodiy yoki ijtimoiy inqirozlarga yoʻl qoʻymaslik, oqibatlarini bartaraf etish doirasida amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda dunyoda dastlabki tahrirdagi konstitutsiyalar deyarli qolmagan. Hozirgi kunda eng qadimiy hisoblangan konstitutsiyalarga ham AQSH da 27 ta tub oʻzgartirish, Norvegiyada 200-martadan ortiq (bunda Bosh qonun moddalaridan taxminan 1/3 qismigina oʻzining dastlabki koʻrinishida qolgan), Niderlandiyada 24-marta (biroq 1983-yilda matni puxtalik bilan modernizatsiya qilinishi natijasida undagi deyarli barcha moddalar oʻzgargan) oʻzgartirish kiritilgan.
Zamonaviy globallashuv sharoitida butun dunyo mamlakatlari jadal tarzda konstitutsiyaviy rivojlanishning oʻz modelini izlamoqda. Shu bilan birga, Konstitutsiya davlatning siyosiy va ijtimoiy barqarorligini taʼminlashning asosiy omillaridan biri boʻlib qolmoqda. Bunda konstitutsiyaviy tamoyillar quyidagilarni koʻzda tutadi:
birinchidan, insonning asosiy huquq va erkinliklarini kengaytirish (shaxs konstitutsiyasi);
ikkinchidan, “jamoat huquqlari”, “umumjamiyat huquqlar”ning himoyasini mustahkamlash, yaʼni fuqarolik jamiyati institutlarini muvofiqlashtirish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish (jamiyat konstitutsiyasi);
uchinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimini tashkillashtirish, bevosita demokratiya shakllari bilan uygʻunlashgan vakillik demokratiyasini (saylov, referendum, umumxalq muhokama) takomillashtirish, hokimiyat vakolatlarini boʻlish, jumladan, qonunchilik va ijroiya hokimiyati oʻrtasidagi oʻzaro nazorat va muvozanatni saqlash hamda sud organlari mustaqilligi tamoyilini qoʻllash, mansabdor shaxslarning masʼuliyati va hisobdorligini yanada oshirish (davlat konstitutsiyasi).
Konstitutsiyaviy islohot hozirgi va kelajak barqaror rivojlanishning zarur yuridik zaminidir. Xususan, u hokimiyat tarmoqlari oʻrtasida oʻzaro nazorat va muvozanatni saqlash tizimini mustahkamlashga, hisobdorlik, shaffoflik, ishtirok va kelajakni koʻra bilishni oshirishga koʻmaklashuvchi konstitutsiyaviy “qoidalar”ni oʻzgartirish yoʻli bilan “samarali boshqaruvning” hayotiy ahamiyatga ega instrumenti boʻlishi mumkin. Boshqaruvning sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan oʻzgarishlar siyosiy tizim barqarorligiga imkon beradi. Bu, oʻz navbatida, iqtisodiyot uchun foydali boʻlib, investitsiya va taraqqiyot uchun barqaror zamin yaratadi.
Dunyodagi konstitutsiyaviy oʻzgarishlarni oʻrganish oʻziga xos jihatni — davlat Bosh qonunini zamon talablariga moslashtirish, uning vujudga kelayotgan daʼvatlarga javob berish qobiliyatini oshirish zaruratini namoyon qilmoqda.
Dunyoda zamonaviy konstitutsiyaviy rivojlanishning ustuvor tendensiyalari quyidagilarga jamlanmoqda:
- konstitutsiyaviy islohotlarning tizimliligi. Ular siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va gumanitar sohalar, shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlar bilan modernizatsiya jarayonlarining oʻzaro bogʻliqligi va oʻzaro shartlanganligi;
- konstitutsiyaviy tartibga solishning kengayishi, davlat hokimiyati mexanizmini isloh qilish va boshqaruv shaklini oʻzgartirish;
- konstitutsiyaviy koʻlam sohasini rivojlantirish, huquqiy suverenitetni mustahkamlash va davlat konstitutsiyaviy oʻziga xosligini belgilash;
- inson huquq va erkinliklarining sud himoyasini oshirish, konstitutsiyaviy odil sudlov vakolatini kengaytirish, fuqarolarga Konstitutsiyaviy sudga bevosita murojaat qilish huquqini berish;
- konstitutsiyaviy huquq ijodkorligining globallashuvi, dunyo davlatlari konstitutsiyalarida xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyil va normalarini aks ettirish;
- davlat va jamiyatning konstitutsiyaviy rivojlanishini ekologiyalashtirish, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish prinsipini amalga oshirish;
- raqamli huquqlarni mustahkamlash va rivojlantirish, axborot jamiyatini institutlashtirish, kiberxavfsizlikni huquqiy jihatdan tartibga solish.
OʻZBEKISTON: KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOT YOʻLIDA
Oʻzbekiston konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda katta tajribaga ega. Xususan, Harakatlar strategiyasida koʻzda tutilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida 7-marta Konstitutsiyaning 21 moddasiga 32 ta oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilgan. Xususan, ular parlament, Prezident va hukumat faoliyatiga, sud hokimiyatining mustaqilligi va rivojlanishiga, hokimiyat tarmoqlari oʻrtasida oʻzaro nazorat va muvozanatni saqlash tizimiga, saylov tizimini demokratlashtirish va mahallaga tegishli boʻlgan.
Konstitutsiyaviy tuzum, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼnaviy sohalarni tubdan rivojlantirish, yangi Oʻzbekistonni bunyod etish, erkin va odil fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan oʻzaro bogʻliq va shartlangan demokratik siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy chuqur islohotlarni konstitutsiyaviy taʼminlashga alohida eʼtibor berilgan.
Shu bilan birga, globallashtirish, raqamlashtirish, iqlim oʻzgarishi davri va jadallik bilan oʻzgarib borayotgan hayotiy voqelik mamlakatni yanada modernizatsiya qilish, tinchlik, barqarorlik va milliy mustaqillikni mustahkamlash boʻyicha oʻta muhim va dolzarb boʻlgan yangi, kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarni qoʻymoqda.
Shu tariqa, Oʻzbekistonning konstitutsiyaviy taraqqiyoti umumjahon konstitutsiyaviy islohotlari yoʻlidan ketmoqda.
KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLARNING USTUVOR YOʻNALISHLARI
Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” kitobida demokratik islohotlarni yangi sifat bosqichiga olib chiquvchi yanada jiddiy vazifalar qoʻyilgan. Ular qonunchilik hamda huquqni anglash va qoʻllash tizimini, jamiyatning siyosiy-huquqiy ongini umuminsoniy qadriyatlar va barqaror rivojlanish tamoyillariga yoʻnaltiradi. Yangi Oʻzbekistonga muvofiq keladigan yangi konstitutsiyaviy prinsip va normalarni belgilash koʻzda tutilgan.
Avvalo, bu “Inson qadri uchun” ustuvor tamoyilini hayotga tatbiq etishga tegishlidir. Bunda inson qadri — mamlakatning har bir fuqarosi uchun tinch va xavfsiz hayotni, fundamental huquq va erkinliklari, malakali tibbiy xizmat, sifatli taʼlim, kuchli va manzilli ijtimoiy himoya hamda sogʻlom ekologik muhit taʼminlanishini, munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilmaning bosqichma-bosqich yaratilishini anglatadi.
Konstitutsiyaviy islohotlarning quyidagi ustuvor yoʻnalishlari belgilangan:
birinchidan, avval amal qilgan “davlat — jamiyat — inson” paradigmasini yangi “inson — jamiyat — davlat” paradigmasiga oʻzgartirib, konstitutsiyaviy qonunchilik va konstitutsiyaviy amaliyotda mustahkamlash;
ikkinchidan, iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini taʼminlash. Bu xalqchil davlatni bunyod etishning eng muhim shartidir;
uchinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni va maqomini, “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” tamoyilini konstitutsiyaviy mustahkamlash;
toʻrtinchidan, oila institutini rivojlantirish, boʻlajak avlodlarga anʼanaviy insoniy qadriyatlarni asrab-avaylagan holda yetkazish, mamlakatda millatlararo totuvlikni mustahkamlashning konstitutsiyaviy asoslarini belgilash;
beshinchidan, Konstitutsiyada davlat yoshlar siyosatini, yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari — yoshlarning har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishini, ularning huquqi, manfaatlari va majburiyatlarini aks ettirish;
oltinchidan, hozirgi kunda Oʻzbekiston ijtimoiy davlat va odil fuqarolik jamiyatini qurish sari ildam borayotganini hisobga olgan holda “Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyilini konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlash;
yettinchidan, inson huquqlarini himoya qilish tizimi samaradorligini oshirish, bolalar mehnatiga yoʻl qoʻymaslik, nogironligi bor shaxslar va keksa avlod vakillari huquqlarining ishonchli muhofazasini taʼminlash;
sakkizinchidan, Konstitutsiyaga maxsus ekologik qoidalar, global iqlim oʻzgarishlariga tegishli huquqiy meʼyorlarni kiritish;
toʻqqizinchidan, bolalar bogʻchalari, maktablar, Uchinchi Renessans asoslarining oʻzaro bogʻliq jihatlari boʻlgan oliy taʼlim va fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash.
Prezidentimiz: “Atoqli davlat va siyosat arbobi Uinston Cherchillning “Yaxshi boʻlish uchun — oʻzgarish kerak, yaxshilarning yaxshisi boʻlish uchun esa yanada koʻproq oʻzgarish kerak”, degan soʻzlarida, oʻylaymanki, teran hayotiy maʼno mujassam”, deya urgʻu berdi. Darhaqiqat, jadal oʻzgarib borayotgan zamona zamonaviy talablarga javob beradigan Konstitutsiyaga ega boʻlish uchun muvofiq xatti-harakatlar va oʻzgarishlarni talab qiladi.
KONSTITUTSIYAVIY KOMISSIYA: ASOSIY VAZIFALARI VA TAMOYILLARI
Oliy Majlis palatalari kengashlari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- takliflarni toʻplash, umumlashtirish, shakllantirish asosida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish;
- davlat organlari, nodavlat tashkilotlar va mansabdor shaxslardan hujjatlar, ekspertlik va turli xulosalar, statistik maʼlumotlar va boshqa axborotlarni soʻrab olish;
- ilmiy-tadqiqot muassasalari, olimlar, ekspertlar va mutaxassislarning Konstitutsiyaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflari yuzasidan tavsiyalarini, shuningdek, ekspertlar xulosalarini olish;
- Konstitutsiyaviy komissiyaning ishiga davlat organlari va nodavlat tashkilotlar vakillarini ekspertlar sifatida jalb qilish;
- zarurat tugʻilganda, manfaatdor davlat organlari va nodavlat tashkilotlarga oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqish uchun taqdim qilingan takliflarga asosan, boshqa qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;
- konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar buzilishi haqida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni tegishli idoralarga koʻrib chiqish uchun yuborish.
Konstitutsiyaviy komissiya ishining eng muhim tamoyillari quyidagilardan iborat:
birinchidan, faoliyat ochiqligi va shaffofligi. Bunda konstitutsiyaviy islohotlarning eng muhim vazifalarini jamiyatda ochiq, shu jumladan, xalqaro ekspertlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida muhokama qilish uchun barcha sharoitlar taʼminlanadi.
Bunda Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmatining faoliyati alohida oʻrin tutadi, xususan, u oddiy fuqaro uchun sodda va tushunarli tilda konstitutsiyaviy islohotlarning, konstitutsiyaviy novellalarning (yangiliklarning) zaruriyati, ustuvorliklari va asosiy yoʻnalishlarini yetkazishni taʼminlaydi.
Bundan tashqari, avval ikki marotaba oʻtkazilgan, kutilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning turli jihatlariga bagʻishlangan xalqaro konferensiyalarning ijobiy tajribasini hisobga olgan holda, ilmiy konstitutsiyaviy forumlarni tashkillashtirish davom etadi. Bularning barchasi yangi Oʻzbekistonning oʻz fuqarolari uchun ham, xalqaro hamjamiyat uchun ham ochiqligidan dalolat beradi;
ikkinchidan, kollegiallik. Konstitutsiyaviy komissiyaning barcha aʼzolari qaror qabul qilishda bir ovozga va teng huquqlarga egaligi bunga kafil boʻladi;
uchinchidan, Prezidentning “Xalq — qonun ijodkori” gʻoyasini amalga oshirish, Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatida fuqarolik jamiyati institutlari, akademik, tadqiqot va tahlil markazlarining keng ishtirokini taʼminlash.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Inson huquqlari boʻyicha milliy markazi, “Barqaror rivojlanish markazi” NNT va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi Davlat va huquq instituti tomonidan “Konstitutsiyaviy islohotlar: dunyo mamlakatlarining tajribasi” mavzusida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Ushbu tadqiqotlar, xorijiy va xalqaro konstitutsiyaviy rivojlanishini eʼtiborga olgan holda, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash uchun amalga oshirilmoqda.
Umuman olganda, konstitutsiyaviy islohotlar aholi farovonligi va mamlakat ravnaqini yanada yuksaltirishga, uning iqtisodiy qudratini va dunyodagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga qaratilgan vazifalarni amalga oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Akmal SAIDOV,
Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha
takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni
amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya raisi
(“Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 102-soni, 2022-yil 24-may)