“Kosonlik zahmatkash fermerlar bu yil 63 ming 680 tonna paxta topshirdi. Joriy yilda 1120 ta fermer xoʻjaligi tomonidan 21 ming 700 gektar maydonda gʻoʻzaning «Porloq”, “Buxoro-6”, “Buxoro-8” navlari ekilib, agrotexnik qoidalar asosida parvarishlandi. Paxtani qisqa muddatlarda sifatli qilib terib olish, terimga ish bilan band boʻlmagan aholini ixtiyoriy jalb etish boʻyicha barcha zaruriy choralar koʻrildi», – deydi Koson tumani hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Fahriddin Nomozov.
Aytish joiz, bu yil Koson tumanida terim mavsumi har yilgidek uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Hosilni yigʻib olish ishlari uchun 259 ta terim otryadlari tuzildi. Bu otryadlarda 32 ming nafarga yaqin terimchi mehnat qildi.
Terim ishlarining dastlabki kunlaridan kosonlik fermerlar birinchi terimdanoq paxta topshirish rejasini bajara boshladi. Koson, Gulbogʻ, Bobur, Andabozor, Guvalak, Beruniy, Arabxona hududlari bu borada peshqadamlikni qoʻldan boy bermadi.
“Bu yil Koson tumanida yetishtirilgan hosilni yigʻib olish uchun chetdan terimchi jalb qilinmadi. Mahalliy aholining daromad topishga boʻlgan ishtiyoqi tufayli 63 ming tonnalik xirmon koʻtarildi. Bunda fermerlarimiz, qishloq xoʻjaligi xodimlarining ham mehnati beqiyos boʻldi”, – deydi tuman fermerlar kengashi raisi Said Donayev.

Terim ishlari boshlangandan soʻng, Koson tumani hokimi Asrol Boykarayev tuman ahliga murojaat bilan chiqdi.
“Ayni mavsum daromadsiz qolganlar uchun qulay fursat. Ishsiz fuqarolar paxta terib pul topaman desa, barcha sharoitni yaratib beramiz. Dalaga borish uchun avtobus tashkillashtiriladi. Issiq ovqat beriladi. Terim pullari muntazam ravishda dala boshida yetkaziladi. Faqat fuqarolarimiz bu imkoniyatdan foydalanib, oq oltinimiz hisoblangan paxtani terib olishga yordam berishlari kerak. Va yana taʼkidlayman, hech kimni paxta terasan deb majburlash yoʻq. Ayniqsa, byudjet tashkilotlari, maktablar, tibbiyot muassasalarining hech bir xodimini paxtaga jalb qilish aslo mumkin emas. Buning uchun javobgarlik borligini rahbarlar yaxshi bilishi kerak”, – dedi hokim.

Hokimning murojaatidan soʻng, joylarda majburiy mehnatning oldini olish borasida targʻibot olib borildi. Shu bilan birga, ishsiz va daromadsiz qolgan fuqarolarga paxta terib, moddiy ahvolni yaxshilash mumkinligi tushuntirildi. Bu natija ham berdi.
Kosonlik koʻplab oilalar birinchi terimdayoq oʻz roʻzgʻori uchun 30 mln soʻmga yaqin mablagʻ jamgʻardi.
“Bir kunda 1 mln 200 ming, 1 mln 300 ming pul topyapmiz, – deydi ana shunday oila boshligʻi Azamat Jumayev. – Men, ayolim, ikki nafar oʻgʻlim, qizim va kelinim bilan jami 6 kishi terim ishlarida qatnashyapmiz. Kuniga 1 tonna, baʼzan 1 tonna 200 kg paxta tergan vaqtlarimiz ham boʻldi”.

“Gulbogʻ” mahallasida istiqomat qilayotgan mazkur oila ayni kunlarda paxta terib, 41 mln 80 ming soʻm pul ishladi.
Jumayevlar oilasi kabi koʻplab oilalar oilaviy terim ishlarida qatnashib, daromadini oshirdi. Birgina Koson tumani terimchilari uchun shu kunga qadar 80 mlrd soʻm pul tarqatildi. Bu pul pandemiya davrida ishsiz qolgan fuqarolarning oilaviy byudjetini oshirishga hissa qoʻshmay qolmaydi.
“Kosonliklar mehnatdan qochmaydi. Mehnatingizga yarasha yaxshi haq toʻlanishi esa ishingiz unumdorligini belgilaydi, – deydi «Boʻlmas” qishlogʻida istiqomat qiluvchi Renat Oʻngboyev. – Ishsizman, ish yoʻq deb oʻtirgan fuqarolarimizga tavsiya etaman, paxta tering, pul toping. Bir kunda 100 kg paxta tersangiz, 120 ming soʻm topasiz. 10 kunda esa 1 mln 200 ming soʻm, bir oyda bemalol 5 mln soʻmgacha daromad olishingiz mumkin.

Yana bir muhim maʼlumot, Koson tumanida nafaqat terimchi kuchidan, balki paxta terish mashinalaridan ham foydalanildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan zamonaviy, yuqori samarali paxta terish mashinalarini ishlab chiqarish va terimni mashinada tashkil etish hisobiga ham vaqt tejalmoqda, ham ishchi kuchiga boʻlgan talab qondirilmoqda. SE-220 rusumli paxta terish mashinalari transformer shaklida ishlab chiqarilayotgan boʻlib, mavsumda paxta terish mashinasi sifatida qolgan davrlarda universal-haydov traktori sifatida foydalanish imkonini beradi. Terim kunlarining dastlabki kunida tumanning olis hududlariga 10 ta terim mashinalari keltirildi. Keyinchalik bu mashinalar soni 40 taga yetdi.
Sifatli paxta tolasini yetishtirishda fermerlarning ham hissasi katta boʻldi. Guvalak fermerlar hududida faoliyat olib borayotgan “Boʻstondagi Nurmat bogʻi” fermer xoʻjaligi bu yil ham yaxshi natijaga erishdi.
“Fermer xoʻjaligimizning umumiy yer maydoni 190 gektarni tashkil qiladi. Bu yil shundan 108 gektariga paxta yetishtirdik. Reja 271 tonna etib belgilangan edi. Biz 299 tonna, 110 foiz paxta topshirdik. Hozirda ikkinchi va uchinchi terim ishlari dalalarimizda uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Rejani 120 foizga yetkazmoqchimiz”, – deydi fermer xoʻjaligi rahbari Madamin Sultonov.


Prezident Shavkat Mirziyoyev klaster tizimiga toʻxtalar ekan: “Qishloq xoʻjaligining barcha yoʻnalishlaridagi klasterlar joylarda tadbirkorlikni rivojlantirishning lokomotivi boʻlishi kerak”, “klaster tizimi – bu manfaatdorlik, sohaga ilm-fan va innovatsiyaning kirib kelishi, qishloq xoʻjaligining kelajagi va raqobatbardosh boʻlishi demakdir”, – deb alohida taʼkidlagandi.

Paxta xomashyosini yetishtirishda davlat buyurtmasi toʻliq bekor qilinib, qishloq xoʻjaligida erkin bozor tamoyillari shakllana boshladi. Koson tumanida ham paxta yetishtirishda klaster tizimining hissasi katta boʻldi. Tumanda tashkil qilingan “Bunyodkor” va “Baxt” klasterlari fermerlarga agrotexnik tadbirlar bajarilishi va barcha jarayonda yaqindan yordam berdi.
Ayni kunlarda tumanda birinchi terim ishlar yakunlanib, hududlarda ikkinchi terim ishlari tashkil qilinmoqda.
Eʼtiborlisi, dastlab Koson tumanida qoʻlda terilgan 1 kilogramm paxta uchun 1200 soʻmdan haq toʻlangan boʻlsa, endilikda 1600 soʻmdan toʻlanib, 50 kilogrammdan ortiq paxta tergan terimchilarga oʻsimlik yogʻi ragʻbatlantirish maqsadida tarqatilmoqda.
Dalalarimizda hali hosil moʻl. Bu esa bobodehqonlarimiz uchun yil omadli kelganidan darak beradi.