Kuchli parlament – huquqiy demokratik davlat asosidir

    Fikr 16 Avgust 2020 4199

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil yanvar oyidagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida parlament nazorati kuchaytirish hamda qonun ijodkorligi borasida muhim masalalarga toʻxtalib, parlamentning davlat va jamiyat boshqaruvi hamda aholining huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi rolini yana-da oshirishga qaratilgan takliflar ilgari surilib, aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

    Mazkur vazifalardan kelib chiqib, joriy yilning 10-avgustida “Qonun ijodkorligi hamda parlament nazorati jarayonlari yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.

    Ushbu Qonunning maqsadi avvalo davlat boshqaruvini takomillashtirish, mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid eng muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati va qabul qilinayotgan qarorlar ustidan samarali xalq nazoratini oʻrnatish va amalga oshirish boʻyicha Parlament vakolatlarini hamda uning rolini yana-da kengaytirishga qaratilgan

    Jumladan, amaldagi “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq Oliy Majlis palatalari faqat hukumat aʼzolarining axborotini eshitishga haqliligi belgilangan boʻlsa, endilikda yangi qabul qilingan Qonunga asosan, Qonunchilik palatasi va Senat hukumat aʼzolari va davlat organlari rahbarlaridan tashqari xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining ham oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitishi mumkinligi mustahkamlandi va bu borada Parlamentning vakolati yana-da kuchaytirildi.

    Qonunlarga kiritilgan yangiliklardan biri parlament nazoratining turi hisoblanmish parlament tekshiruvi institutini jonlantirish va kengroq qoʻllash amaliyotini joriy qilishga qaratilgan.

    Sababi, parlament tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha amaldagi tartibda bir qator kamchiliklar mavjud edi. Xususan, Oliy Majlis palatalarida parlament tekshiruvini oʻtkazish borasida alohida qaror qabul qilish imkoniyati yoʻq edi.

    Shunga koʻra, mazkur Qonun bilan parlament tekshiruvi Qonunchilik palatasining yoki Senatning alohida qarori bilan yoxud Oliy Majlis palatalarining qoʻshma qarori bilan oʻtkazilishi mumkinligi belgilanmoqda.

    Ikkinchidan, davlat byudjeti xarajatlarini nazorat qilishda xalq vakilarining vakolatlari va rolini oshirildi.

    Shu oʻrinda aytish kerakki, hozirgi kunda mamlakatimizning hududlarini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun katta mablagʻlar ajratilmoqda. Holbuki, hududlarda ajratilgan mablagʻlardan notoʻgʻri foydalanish, ularni talon-toroj qilish, korrupsiya holatlari uchrab turibdi.

    Shu kabi holatlarga qarshi kurashishda hamda byudjet mablagʻlarining maqsadli ishlatilishini nazorat qilishda joylardan saylangan xalq vakillarining ishtiroki deyarli sezilmayapti.

    Mazkur qonundagi yangi normalar xorijiy mamlakatlar qonunchiligining oʻrganilishi asosida qabul qilingan boʻlib, “parlament nazorati” institutining kengaytirilishiga, yaʼni, davlat byudjeti xarajatlarini nazorat qilishda joylardagi deputatlarning rolini oshirish, yillar davomida xalqni qiynab kelayotgan tizimli muammolarni aniqlash va ularni yechish hamda xalq manfaatini himoya qilishga qaratilgan.

    Uchinchidan, qonunda parlament nazoratining taʼsirchanligini kuchaytirish, xususan, parlament soʻroviga javob berish tartibi borasida yangi normalar ham belgilab berildi.

    Oʻrganishlar natijasi shuni koʻrsatdiki, Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari tomonidan mansabdor shaxslar nomiga yuborilayotgan soʻrovlarga mansabdor shaxslarning oʻzi emas, koʻpincha, ularning oʻrniga turli darajadagi xodimlar javob berayotganini kuzatish mumkin.

    Bunday salbiy holatlarni bartaraf etish maqsadida, ushbu Qonun bilan parlament, deputat va senator soʻroviga javob xati, soʻrov kimning nomiga yuborilgan boʻlsa aynan oʻsha mansabdor shaxs tomonidan yoki uning vazifasini bajarish yuklatilgan shaxs tomonidan imzolanishi toʻgʻrisidagi majburiy norma belgilab qoʻyildi. Bu esa soʻrovlarning taʼsirchanligini yana-da oshirishga va xalqni qiynayotgan muammolarga hal etishga xizmat qiladi.

    Toʻrtinchidan, mazkur qonunda “parlament diplomatiyasi” institut huquqiy jihatdan mustahkamlandi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi oʻrinbosariga parlament diplomatiyasini amalga oshirish va xalqaro shartnomalarning hukumat tomonidan bajarilishini nazorat qilishga doir ishlarni tashkil etish vazifalari belgilandi.

    Bu, oʻz navbatida, parlamentning xalq vakili sifatida mamlakatimiz tashqi siyosatini amalga oshirishdagi roli yana-da kuchayib borayotganidan hamda islohotlarni samarali amalga oshirishda qulay tashqi muhit yaratish borasida parlamentning imkoniyatlari yana-da keng jalb etilayotganidan dalolat beradi.

    Shu bilan birga, mazkur qonun bilan jamiyat va davlatning eng muhim manfaatlariga dahl qiluvchi, mamlakat xavfsizligi asoslariga, uning barqaror rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan muayyan faktlarni, voqea-hodisalarni va jarayonlarni oʻrganish maqsadida parlament tekshiruvi oʻtkazilishi vakolati ham belgilandi. Ushbu yangi normalar Buyuk Britaniya, AQSH, Yaponiya, Italiya, Ispaniya, Germaniya va boshqa rivojlangan davlatlarning tajribasini chuqur tahlillar va oʻrganishlar natijasida qabul qilindi.

    Aytish joizki, mazkur xuquqiy hujjat parlamentning qabul qilinayotgan qonunlar, muhim ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy ahamiyatga ega davlat dasturlarining ijrosini taʼminlashdagi vakolatlari sohasida amaldagi qonunchilikda mavjud boʻshliqlarni bartaraf etishga yoʻnaltirilgan.

    Ushbu Qonun 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni hayotga toʻlaqonli tadbiq etish borasidagi asosiy qadamlardan biri boʻlib, Oʻzbekistonda huquqiy demokratik davlat asoslarini mustahkamlash va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish yoʻlidagi bosqichma-bosqich olib borilayotgan islohotlarning samarali natijasi hisoblanadi. Bir soʻz bilan, mazkur qonunda belgilangan yangi normalar xalq vakili boʻlgan parlamentning rolini yangi bosqichga olib chiqadi hamda mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jarayonlarda xalqning yana-da keng va faol ishtirokini taʼminlaydi. Bu oʻzgarishlar “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilning amalda qaror topayotganidan dalolat beradi.

    Dilshod BAXRIYEV

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

    Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti

    yetakchi ilmiy xodimi