Kushon xazinasi qanday topilgan?

    Vatanimiz hududida ming yillar davomida o'nlab sulolalar, yuzlab shohu sultonlar hukmronlik qildi. Ana shunday qudratli davlatlardan biri eramizning I-IV asrlarida hukmronlik qilgan Kushon podshohligi edi.

    Ushbu saltanat hududida oʻz davrida 60 million kishi, aniqrogʻi oʻsha paytda Yer shari aholisining 20 foiziga yaqini istiqomat qilgan. 400-yil hukm surgan Kushon davlatida savlo-sotiq, hunarmandchilik, arxitektura va madaniyat gullab-yashnagan. Mamlakat xalqi turli tillarda gaplashgan, turli dinlarga eʼtiqod qilgan, buddaviylik, zardoʻshtiylik va hind ibodatxonalari qad rostlagan.

    Kushonlar kim edi?

    Iskandar Maqduniy saltanatining vorisi oʻlaroq yuzaga kelgan Yunon-Baqtriya davlati inqirozga yuz tutgan bir paytda Sharqdan yuyechjilar atalmish qavm kirib keladi va uning yetakchilari mintaqada boshqaruvni qoʻlga olishadi.

    Baʼzi manbalarda yuyechjilarning Garay ismli sarkardasi ushbu davlatga asos solgani aytilsa, boshqa maʼlumotlarga koʻra, milodiy 20-yilda Guyshuan qabilasi yetakchsi Kudzula Kadfiz beshta yirik qabilani birlashtirib, taxtga oʻtirishi bilan Kushon saltanatiga asos solingan.

    Kushonlarning kelib chiqishi, tili haqida hozir ham turli fikrlar mavjud. Koʻpgina olimlar ularning tili sharqiy-yeroniy tillar guruhiga mansub boʻlgan, degan fikrda. Shuningdek, ular turklarning qadimiy ajdodlari ekanligi haqida ham maʼlumotlar uchraydi. Chunki, Kudzula Kadfiz shohlar-shohi – “yabgʻu” unvoniga sazovor boʻlgan. Bu Sharqiy turk hoqonlarininig ham unvoni sanalgan. Mahmud Koshgʻariyning ”Devonu lugʻotit-turk” asarida izohlangan turkiy “yabgʻu” atamasi Kushon tangalarida ham uchraydi. Bu muhim dalil Kushonlar asosan turkiy xalqlar birlashmasidan iborat boʻlgani ehtimolini yuzaga chiqaradi.

    Kushonlar hududi

    Kushon shohi keyinchalik qoʻshni hududlarga yurish uyushtirib, Hindistonning shimoli-gʻarbiy qismini zabt etadi, Amudaryo boʻylari, Kobul, Qandaxor, Parfiya, Afgʻoniston va Kashmirni qoʻlga kiritadi. Shu tariqa Kushon sulolasi davrida Oʻzbekiston davlatchiligi tarixida ilk yirik imperiya darajasiga koʻtariladi.

    Kudzula Kadfizdan keyin taxtga oʻtirgan Vima Kadfiz hukmronligi davrida Kushon saltanati to shimoliy-gʻarbiy Hindistonga qadar boʻlgan hududdarni egalladi. Tez orada Baqtriyadan Hindiston yarimoroligacha boʻlgan hududda qudratli davlat yuzaga keladi. Vima Kadfiz shaʼniga Hindistonning Mathur shahrida tosh haykal qad koʻtaradi.

    Afsuski, toʻrt asr davom etgan Kushon davlati haqidagi yozma manbalar juda oz. Bu davlat haqida xitoy, arman, fors manbalaridan olingan ayrim maʼlumotlar, shuningdek qadimiy bitiklar, arxeologik topilmalar, haykallar, tangalardagi bitiklar muayyan tasavvur beradi, xolos.

    Diniy bagʻrikenglik ifodasi

    Kushon davlati, xususan Surxondaryo hududidan topilgan topilmalar bu yerda bir qator diniy eʼtiqodlar mavjud boʻlganini koʻrsatadi.

    Maʼlumki, Kushon davlati qaror topa boshlagan paytda mamlakatimizning janubiy hududlarida zardoʻshtiylik tarqalgan edi. Kushon hukmdori Kanishka davriga kelib, butun mamlakat hududida buddaviylik davlat dini sifatida oʻrnatiladi. Bu yerlarga diniy aqidalar bilan birga buddaviylar sanʼati kirib keladi. Shu davrlarda Termiz va uning devori atrofida buddaviylar ibodatxonalari, xonaqoxlari va boshqa inshootlar quriladi. Termiz buddaviylikning muqaddas ziyoratgohlaridan biriga aylanadi.

    Shunga qaramay, mamlakat hududida har kim oʻzi istagan dinga eʼtiqod qilgani koʻrinib turibdi. Chunki bu hududlardan Budda ibodatxonalari qoldiqlari, buddaviy haykallar bilan birga zardoʻshtiylar daxmalari, nauslar ham topilgan.

    1993-yilda Afgʻoniston hududidagi Rabotak manzilgohidan topilgan, Kanishka 1 (78-123) hukmronligi davrida yaratilgan bitiktoshda zardoʻshtiylik va hind xudolari nomi yonma-yon tilga olinadi. Bu misollarning barchasi ikki ming yil avval ham yurtimiz hududida diniy bagʻrikenglik siyosati yuritilganini koʻrsatadi.

    Dunyo ustunlaridan biri

    Kushon saltanati monarxiyaga asoslangan boʻlib, davlat boshligʻi – podshoh juda katta mavqe va vakolatga ega boʻlgan. U oliy kohin hisoblanib, podshoh huzuridagi oqsoqollar kengashi maslahat beruvchi organ sifatida faoliyat yuritgan. Oqsoqollar kengashida podshohning yaqin qarindoshlari, ishonchli kishilari va urugʻ boshliqlari ishtirok esa-da, shaxsan uning oʻzi qonun va farmonlarni mustaqil qabul qilgan.

    Kushon davlati hududining kengayib, siyosiy-harbiy salohiyatining oʻsib borishi bilan birga tangalarda “shoh”, “shahanshoh” atamasi koʻp uchraydi. Bunday oʻzgarishlar davlatning harbiy qudrati koʻpchilik mamlakatlar tomonidan tan olinganini bildiradi. Bir qator tarixiy manbalarda Kushon saltanati dunyo ustunlaridan biri sifatida eʼtirof etiladi.

    Vima Kadfiz hukmronligi davrida savdo-sotiq monopoliyasini keng yoʻlga qoʻyish niyatida pul islohoti oʻtkazilgan. Oltin tangalar zarb etib, tashqi savdo ishlarini yoʻlga qoʻyadi. Savdoda joriy etilgan oltin tangalarning ogʻirligi 8 grammni tashkil etib, Rim tangalarining ogʻirligiga teng kelar edi.

    Arxeologik tadqiqotlarning guvohlik berishicha, Kushon davlatida xususan, Kanishka hukmronligi davrida, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar ancha ravnaq topgan. Bu davrda Oʻrta Osiyoning deyarli barcha hududlarida sugʻorma dehqonchilik bilan birga chorvachilik ham rivojlangan. Xorazmda, Zarafshonda koʻplab sugʻorish inshootlari qurilgan. Oʻsha davrda dunyoning ilgʻor mamlakatlari hisoblanmish Rim, Parfiya va Xitoy bilan tenghuquqli savdo munosabatlari yoʻlga qoʻyilgan. Kanishka I hukmronligi davrida Kashmir viloyati hududida Kanishkapur shahri qad rostlagan.

    Kushon oltinlarining qaytishi

    Kushon davlati chindan ham juda boy, qudratli edi. Shu bois, ularning xazinalari turli mamlakatlarni, sulolalarni qiziqtirib keldi. Albatta, turli urushlar, istilolalar paytida ularning katta qismi talon-tarpoj qilingan.

    1972-yilda Dalvarzintepa hududi oʻzbek olimlari, tadqiqotchilari va talabalardan iborat ekspedisiya Termizga yuboriladi. Ular orasida B.Turgʻunov, G. Pugachenkova, E.Rtveladze singari taniqli arxeolog va tarixchilar bor edi.

    Oʻsha yilning 25-sentyabrʼ kuni oʻzbek arxeologlari mamlakatimiz hududidan topilgan birinchi eng yirik xazinani qoʻlga kiritishadi. Asrlar orasida tuproq qatlarida yotgan sopol koʻza ichidan umumiy vazni 36 kilogramdan ortadigan 115 dona tilla buyum topiladi.

    “Asr topilmasi” turli shakldagi quyma yombilar, gardish buyumlar, erkak va ayollarning taqinchoqlaridan iborat edi. Yunon-Baqtriya zargarlik sanʼatining namunasi – oltin pektoralning oʻrtasida afsonaviy sher boshini ushlab turgan Geraklning boʻrtma rasmi tushirilgan. Sanʼatkorona ishlangan qubbali uzukning markazida nomaʼlum yirtqich hayvon tasviri mujassam. Uning chetiga qimmatbaho toshlar qadalgan. Tekshiruvlar natijasida bu xazina Kushon saltanati davriga tegishli ekani oydinlashdi.

    Bu bebaho xazinani qoʻlgan qilgan arxeologlar B.Turgʻunov va E.Rtveladze 36 kilogramm sof oltindan yasalgan qadimiy xazinani hech qanday qoʻriqchilarsiz qoʻshni Tojikiston orqali Dushanbega olib oʻtishadi va u yerdan samolyotda Toshkentga uchishadi. Shu tariqa Kushon xazinasi xalqimiz mulkiga aylanadi.

    Ayni paytda “Dalvarzin xazinasi”nomini olgan bu nodir topilmalar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Qimmatbaho maʼdanlar agentligida saqlanadi.

    2019-yilning avgust oyida Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tashabbusi bilan “Oʻzbekiston – buyuk yoʻllar va sivilizasiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar” meros haftaligi doirasida “Dalvarzin xazinasi” koʻrgazmasi oʻtkazilgan edi...

    Rustam Jabborov