- Bir tupidan 8 kilogacha hosil olaman, - deydi u. – Oʻtgan yili yetishtirgan kartoshkalarimning eng kattasi bir kilodan ziyod boʻldi. 2004-yildan beri shu ish bilan shugʻullanaman. Avvaliga farzandlarim bilan tomorqamizdagi 12 sotixlik yer maydonida kartoshka yetishtirib koʻrdik.
Birinchi yili 8 tonna hosil oldik. Oʻsha paytda bozorda bir kilo kartoshkaning narxi 300 soʻm edi. Yelkamga orqalab bozorga olib chiqqan bir qop kartoshka puli bor-yoʻgʻi 15 ming soʻm boʻlardi. Shuning uchun omborga joylab qoʻygan kartoshkaning barini qoʻni-qoʻshnilarga 250 soʻmdan qarzga tarqatdik. Koʻklamga kelib, uning narxi 2600 soʻmga koʻtarilib ketdi. Turmush oʻrtogʻim bilan hisoblab koʻrib, agar kartoshkani shu paytgacha saqlab turganimizda uning puliga “Lasetti” mashinasini sotib olishimiz mumkinligini oʻylab qoldik. Ammo afsuslanganimiz yoʻq. Yana kartoshka yetishtirishda davom etdik.
Bugungi kunga kelib, Toʻraqul aka gektarlab maydonda dehqonchilik qilyapti. Bundan ikki yil avval 2 gektar yerga kartoshka urugʻini qadagandi, ammo...
- 2021-yil 18-fevral kuni 2 gektar maydonga 40 million soʻmdan ziyod xarajat qilib, urugʻ qadadim. - deydi u. - Biroq 20-fevral kuni havo harorati pasayib, -11º daraja boʻldi. Shu sabab ekkanimizning aksariyat qismini sovuq urdi. Bu zarardan keyin, hokimlik eshigini taqillatishga majbur boʻldim. Mahalladagi hokim yordamchisi koʻmagi bilan yer maydoni va kredit ajratiladigan boʻldi.
Toʻraqul aka oʻtgan yili 31 million soʻm imtiyozli kredit evaziga urugʻ sotib oldi va 1 gektar yerda kartoshka yetishtirdi.
- Bizga ajratilgan yer katta yoʻl yoqasida joylashgan, - deydi T.Berdimurodov. - Oʻtgan yili Buxorodan Samarqandga borayotgan yoʻlovchilardan biri boʻlgan otaxon toʻxtab, biz parvarishlayotgan kartoshkalarni koʻzdan kechirdi va 50 tonna hosil olish mumkinligini aytdi. Uning soʻzlariga ishonmadim. 30 tonna hosil olamiz, deb oʻylagandim. Otaxon haq ekan. 50 tonnaga yaqin hosil olib, 120 million soʻm daromad qildik. Bankdan olgan kreditni butunlay qaytardik. Shu yil 3 gektar maydonga kartoshka ekish niyatidamiz.
Oddiy, samimiy, kamtarin, shu bilan birga tajribali dehqon Turdiqul Berdimurodov oʻzi yashayotgan Xalqobod mahallasida qiziqqan kishilarga kartoshka yetishtirish sirlarini oʻrgatishga tayyorligini aytdi.
- Menga ergashib, yon qoʻshnilarim ham katta maydonlarda kartoshka yetishtiryapti, - deydi Toʻraqul aka. - Mahallamiz yoshlari orasida ham bu ishga qiziqayotganlari koʻp. Men ularga qoʻlimdan kelgancha dehqonchilik sirlarini oʻrgatishga harakat qilyapman.
Toʻraqul Berdimurodovning maqsadi boshqa joylardagi kabi Xalqobodda ham “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida ishni yoʻlga qoʻyish.