Madaniy merosga doir qonun hujjatlarining Qashqadaryo viloyatidagi ijrosi muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 30 Oktabr 2020 384

    2020-yil 29 okyatbr kuni Qashqadaryo viloyatida Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashi bilan qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Ishchi guruhi tomonidan “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Qashqadaryo viloyatida ijro etilishi holatini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.

    Majlisda senatorlar, mahalliy Kengashlar deputatlari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Taʼkidlanganidek, ayni paytda Qashqadaryo viloyatida jami 1468 ta moddiy madaniy meros obyekti mazkur yoʻnalishdagi koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.

    Majlisda ushbu obyektlarni oʻrganish davomida madaniy meros sohasida bir qator kamchilik va muammolar aniqlangani qayd etildi.

    Jumladan, normativ-huquqiy hujjatlarga koʻra, aholi uy-joylari mahalliy ahamiyatga molik moddiy madaniy meros obyektlarining qoʻriqlanadigan tegrasidan kamida 50 metr uzoqlikda joylashishi kerak. Aholi uy-joylari Respublika ahamiyatiga molik moddiy madaniy meros obyektlaridan 100 metr uzoqlikda boʻlishi zarur. Biroq Qashqadaryo viloyatidagi ayrim obyektlarda mazkur talab bajarilmayapti.

    Bundan tashqari, VII-XII asrlarga oid “Qalandartepa” arxeologiya yodgorligida noqonuniy tuproq qazish ishlari olib borilgan. Qarshi shahrida “Qalʼai-Zaxoki-Maron” arxeologiya yodgorligida hokimlik qarorlari asosida hamda oʻzboshimchalik bilan 12 ta uy-joy qurilishi oqibatida madaniy meros obyektiga 93,3 mln. soʻm miqdorida zarar yetkazilgan

    Yakkabogʻ tumani “Darxon” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan “Sariqtepa” arxeologiya yodgorligida olib borilgan noqonuniy tuproq qazish ishlari natijasida obyektga 7,8 mlrd. soʻm miqdorida zarar keltirilgan.

    Qolaversa, birgina Shahrisabz shahrida fuqarolar tomonidan himoya hududiga kirgan yer maydonlarida, jami 12 obyektda 77 ta noqonuniy uy-joylar qurilgan.

    Yana bir jihat. Tarixiy obyektlarning kadastr hujjatlari mavjud emasligi va muhofaza belgilari oʻrnatilmagani ham ularni saqlashda juda katta muammolarni keltirib chiqarmoqda. Vaholanki, 2019-yilda tasdiqlangan Davlat dasturiga koʻra, bu ishlar allaqachon tugatilishi kerak edi. Madaniy meros departamenti oʻz imkoniyatidan kelib chiqib 67 foiz obyektlarning kadastrini tayyorlashga mablagʻ topgan. Aslida kadastr ishlari uchun mablagʻlar mahalliy byudjetdan ajratilishi belgilab qoʻyilgan boʻlsa-da, departamentga tuman va shaharlarning mahalliy byudjetidan mablagʻ ajratilmagan.

    Majlisda yuqorida keltirilgan muammolarni bartaraf etish borasida tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilariga koʻrsatmalar berildi.

    Koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Senat Qoʻmitasi va xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashining qoʻshma qarori qabul qilindi.