Hanns Zaydel jamg'armasining (Germaniya) O'zbekistondagi vakolatxonasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar fikrimiz dalilidir.
Yaqinda ushbu hamkorlik doirasida agentlik direktorining birinchi o'rinbosari Muxtor Shonazarov va jamg'armaning Markaziy Osiyo bo'yicha loyiha koordinatori janob Maks Georg Maer bilan uchrashuvida o'zaro samarali kelishuvlarga erishildi.
Birinchi: “O'zbekistonda mahalla: kecha – bugun – ertaga” mavzusida tahliliy ishlanmalarni hayotga joriy etish, mahalla tizimini samarali tashkil etish maqsadida O'zbekiston mahallalarida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni takomillashtirishga qaratilgan 5 yillik kontseptsiya va strategiyani ishlab chiqishga kirishish.
Buning uchun nemis ekspert-mutaxassislari pilot loyiha sifatida belgilangan hududdagi mahalla tizimini o'rgangan holda, uni yanada rivojlantirish bo'yicha o'z takliflarini ishlab chiqadi. Keyinchalik bu takliflar asosida tegishli vazirlik va idoralar tarkibida Ishchi guruh shakllantirilib, mahalla tizimini samarali yo'lga qo'yish yuzasidan hamkorlikda maxsus kontseptsiya va strategiya ishlab chiqiladi.
Ikkinchi: har 6 oyda “O'zbekistondagi mahallalar” mavzusida zarur islohotlar yuzasidan davra suhbatlari yo'lga qo'yilib, takliflar kiritib boriladi (yangi qonun hujjatlari, mahallalar muvaffaqiyatli faoliyatining yaxshi namunalari, savol-javoblar va boshqa).
Uchinchi: Bavariyaning mahalla tizimi modeli asosida mahallalarni boshqarish bo'yicha qo'llanmalarni ishlab chiqish (qonunchilik, byudjet, ta'minot va boshqa) ishlari yo'lga qo'yiladi.
To'rtinchi: “Germaniya hududlarida o'zini o'zi boshqarish tashkilotlari” borasidagi nemis qo'llanmalari o'zbek tiliga tarjima qilinib, mamlakatimizdagi mahalla tizimi faoliyatiga aloqador vazirlik va idoralar vakillariga taqdim etilib boriladi.
Beshinchi: mahallalarda faoliyat yuritayotgan ma'sul xodimlar bilim va malakalarini oshirish maqsadida uzoq muddatli o'quv dasturlarini ishlab chiqib, eng faol ishtirokchilarni Bavariyadagi mahallalar tizimini o'rganish uchun xizmat safariga yuborish choralari ko'riladi.
Umuman olganda, Hanns Zaydel jamg'armasi bilan bu kabi hamkorlik va samarador loyihalarni birgalikda hayotga tatbiq etish amaliyoti mahalla tizimini yanada rivojlantirish va aholi turmushi farovonligini ta'minlashga xizmat qiladi. Chunki bugungi kunda Germaniya mahallalaridagi joriy amaliyot o'zini to'la oqlab, aholi bandligi va daromad manbai yuqoriligini ta'minlayotgani bilan e'tiborlidir.
Ma'lumot uchun: Hanns Zaydel jamg'armasining O'zbekistondagi vakolatxonasi ish boshlaganiga hali ko'p vaqt bo'lmadi. SHunga qaramay mazkur jamg'arma vakolatxonasi mamlakatimizda mahalliy va davlat boshqaruvi sohasida faoliyat yuritayotgan yosh rahbar kadrlarni Germaniyaning ilg'or tajribasi asosida malakasini oshirish, qayta tayyorlash orqali professional davlat xizmatchisini tayyorlash vazifasini beg'araz amalga oshirishda faol ish boshlagan.
Jamg'arma O'zbekistondagi faoliyatini mahallalar kesimida tashkil etishga alohida e'tibor qaratib keladi. Jumladan, jamg'arma tashabbusi va ko'magi bilan o'tgan yili O'zbekiston delegatsiyasining Germaniyaga tashrifi tashkil etilib, bu mamlakatdagi mahalla instituti faoliyati keng o'rganildi.
Bugungi kunda Hanns Zaydel jamg'armasi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi va boshqa bir qator davlat boshqaruvi tuzilmalari, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.