Tadbirda Parlament a’zolari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida “Taraqqiyot strategiyasi” ekspertlari “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan maqsad va vazifalar bo‘yicha beshta ustuvor yo‘nalishlar kesimida ishtirokchilarga ma’lumotlar berishdi.
2024-yilgi Davlat dasturida “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, ekologik holatni yaxshilash, suv va boshqa tabiiy resurslardan unumli foydalanish standartlarini keng joriy qilish hamda xalq manfaatlariga yo‘naltirilgan boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar haqida fikr almashildi.
Shuningdek, bu yilgi davlat dasturida nodavlat notijorat tashkilotlariga belgilangan vazifalar haqida so‘z bordi. Jumladan, joriy yilning 1-dekabridan boshlab yolg‘iz yashayotgan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga Toshkent shahrida eksperiment tariqasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi mablag‘lari hisobidan tegishli yo‘nalishdagi nodavlat tashkilotlar orqali ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari davlat dasturiga ko‘ra qonun ijodkorligi jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishning yangicha tartibi joriy etiladi.
Yana bir muhim jihati, bu yil “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” harakatiga Davlat dasturining amalga oshirilishini, xususan, joylarga chiqib, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tanqidiy o‘rganib borish vazifasi ham yuklatilganligi keng jamoatchilik e’tiboriga yetkazildi.
Davra suhbati davomida davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan joylarda jamoatchilik nazorati tartibida monitoring ishlarini olib borish va bu borada davlat tashkilotlari, mahalliy hokimliklar bilan yaqin hamkorlik qilish masalalari haqida so‘z bordi.