Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan navbatdagi sammiti tarixiy ahamiyatga egaligi va yuksak darajadagi muhim xalqaro tadbir ekani bilan ajralib turadi. U faqat tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlarining emas, balki konstruktiv muloqot va ishonchli hamkorlik qilish istagidagi mamlakatlar vakillarining ham uchrashuvi boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Oʻzbekistonning mezbon sifatida oliy darajadagi tadbirni tashkil etish va oʻtkazish borasidagi saʼy-harakatlari keng miqyosda e ʼtirof etilmoqda. Samarqand sammiti yakuni va mamlakatimizning SHHTdagi raisligi natijalarini sarhisob qilar ekanmiz, Oʻzbekiston nafaqat mazkur tashkilot, balki butun insoniyat oldida turgan dolzarb masalalarni oʻzaro muloqot va ishonchga asoslangan hamkorlik orqali yechish borasida asosli taklif-tashabbuslar bilan chiqqanini koʻrdik.

Davlatimiz rahbarining SHHT kun tartibidagi dolzarb va kelgusida muhim ahamiyat kasb etishi kutilayotgan masalalar boʻyicha takliflari tashkilot miqyosida ijobiy kutib olindi. Ularning aksariyati oʻzaro konstruktiv muloqotni yoʻlga qoʻyish, hamkorlikni mustahkamlash hamda takomillashtirishga qaratilgani bilan diqqatga sazovor. Bu jarayonda xavfsizlik sohasidagi masalalar, tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasida transport logistikasi va savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tashkilotning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish hamda SHHT miqyosida rivojlanishning yangi oʻsish nuqtalarini topish boʻyicha ilgari surilgan taklif hamda tashabbuslar oʻzbek diplomatiyasining xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar faoliyatida yangicha qarash va yondashuvlarga egaligini namoyon etdi.

Konstruktiv muloqot va hamkorlik

SHHTning Samarqand sammiti mazkur tashkilot tarixida birinchi marta 14 ta davlat yetakchilari va 10 ta xalqaro tashkilot rahbarlari hamda vakillari ishtirok etgani bilan ajralib turadi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyo, shuningdek, Sharqiy va Janubiy Osiyo hamda Yaqin Sharq, Kaspiy dengizi mintaqasi davlatlari rahbarlarini bir stol atrofida toʻpladi. Sammit davlatlar yetakchilari uchun mintaqaviy va global kun tartibidagi qator dolzarb mavzularni muhokama qilishda samarali platforma boʻlib xizmat qildi.

“Bu pandemiya sinovlaridan soʻng uzoq kutilgan doʻstlarning yuzma-yuz uchrashuvi, shaxsiy muloqot va mamlakatlarning kelajagini belgilab beruvchi qoʻshma qarorlar qabul qilish imkoniyatidir”, dedi Oʻzbekiston Prezidenti. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida tashkilot faoliyati keng hamkorlikka yoʻnaltirilgan boʻlishi hamda Markaziy Osiyo SHHTning “geografik yadrosi” maqomini saqlab qolishi lozimligiga urgʻu berdi.

Eʼtiborga molik jihati shundaki, Prezidentimizning chiqishi SHHT faoliyatining bir qator konseptual jihatlarini qamrab olgan. Jumladan, tashkilotning bloklarga qoʻshilmaslik maqomini va uning ochiqligini saqlab qolish, xavfsizlikning yaxlitlik tamoyiliga qatʼiy rioya qilish, iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohasidagi hamkorlikning amaliy taʼsirchanligini oshirish bugun nechogʻliq muhim masalalar ekanini davrning oʻzi koʻrsatib turibdi.

SHHT faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri

Hozir mamlakatimizning xalqaro munosabatlarida Afgʻoniston yetakchi mavzuga aylangan. Xususan, soʻnggi besh yilda Oʻzbekiston yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning barcha uchrashuv, forum va yigʻilishlarida, albatta, Afgʻoniston mavzusiga eʼtibor qaratib kelmoqda. Oʻzbekiston tashabbusi bilan Afgʻoniston mavzusida alohida xalqaro darajadagi konferensiya va uchrashuvlarning tashkil etilayotgani va yuqori saviyada oʻtkazilayotgani ham oʻzbek diplomatiyasining katta saʼy-harakatlari natijasidir.

Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish SHHTning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlishi haqida Samarqand sammitida yana bir bor eslatildi. Prezidentimiz joriy yilning 25-26-iyul kunlari boʻlib oʻtgan Toshkent konferensiyasini qoʻllab-quvvatlagani uchun hamkasblariga alohida minnatdorlik bildirdi.

Davlatimiz rahbari oʻz chiqishida afgʻon xalqi yaxshi qoʻshnichilik yordamiga har qachongidan ham koʻproq muhtojligini, Afgʻonistonni uning muammolari bilan yolgʻiz qoldirmaslik va Kobul bilan konstruktiv aloqalarni yuritish zarurligini taʼkidladi. Istiqbolda Oʻzbekistonning SHHT doirasidagi faoliyatida katta ahamiyat kasb etuvchi masalalardan biri, shubhasiz, mintaqa davlatlarining mavjud xalqaro transport logistikasi va tranzit salohiyatidan unumli foydalanish boʻladi.

Bu borada, ayniqsa, Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy oʻzaro bogʻliqlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish, bunday ulkan loyihaga, albatta, Afgʻonistonni ham jalb etgan holda, afgʻon zaminining ikkita mintaqani bogʻlovchi koʻprik sifatidagi rolini oshirishga erishish strategik ahamiyat kasb etadi. Bu borada davlatimiz rahbari strategik jihatdan yana bir muhim loyiha — “Termiz — Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar” temir yoʻli koridori qurilishini ham qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.

Ushbu loyiha oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash, savdo va investitsiyalarni koʻpaytirish, umuman olganda, SHHT makonida barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun keng imkoniyatlar ochishi mumkinligiga urgʻu berildi. Bundan tashqari, Prezidentimiz Termiz shahrida Afgʻonistonni gumanitar qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maxsus fondni birgalikda taʼsis etishni taklif etdi. Mazkur fond mablagʻlari afgʻon zaminidagi ijtimoiy inqirozni bartaraf etish, yoshlar uchun taʼlim dasturlari va sogʻliqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga yoʻnaltirilishi maʼlum qilindi.

Yuqorida bildirilgan fikrlarni umumlashtirib, Oʻzbekistonning SHHTga raisligi hamda Samarqand sammitining yuksak darajada tashkil etilishi va oʻtkazilishining oʻziga xos qator jihatlariga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq.

Birinchidan, Oʻzbekistonning ochiq va konstruktiv muloqot uchun qulay maydon sifatidagi roli yaqqol namoyon boʻldi. Buni biz soʻnggi yillarda mamlakatimizning xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega qator uchrashuv va forumlar hamda konstruktiv muloqot oʻtkaziladigan oʻziga xos platformaga aylanganida koʻrishimiz mumkin. Markaziy Osiyo mintaqasida oʻzaro hamkorlik va integratsiya masalalari, qoʻshni Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish hamda ushbu zaminning kelgusi taraqqiyoti bilan bogʻliq masalalar yuzasidan oʻtkazilgan koʻplab tadbirlar shular jumlasidandir. SHHTning Samarqand sammiti esa ana shunday tadbirlarning eng nufuzlisi boʻldi, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Ikkinchidan, samaradorlik nuqtayi nazaridan Oʻzbekistonning SHHTga raisligi hamda Samarqand sammiti alohida oʻringa ega boʻldi. Xususan, Samarqand sammiti doirasida jami 40 dan ortiq hujjat imzolangani ushbu anjumanning samaradorligi va natijadorligini koʻrsatib turibdi. Mazkur hujjatlarning aksariyat qismida Oʻzbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan maqsad va vazifalar mujassam boʻlib, tashkilot faoliyati uchun katta ahamiyat kasb etadi. Bulardan 18 tasi qaror, 4 tasi xalqaro shartnoma va 22 ta boshqa hujjatdir.

Xususan, strategik hujjatlar sifatida SHHTga aʼzo davlatlarning uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomani amalga oshirish boʻyicha 2023-2027-yillarga moʻljallangan kompleks rejasi, “Oʻzbekiston — Qirgʻiziston — Xitoy” temir yoʻli qurilishi loyihasi boʻyicha uch tomonlama bitim hamda Iqlim oʻzgarishiga munosabat boʻyicha SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining qoʻshma bayonoti kabilarni koʻrsatib oʻtish mumkin. Oʻzbekiston SHHTni 2040-yilgacha rivojlantirish strategiyasini tayyorlashga kirishish taklifini ham ilgari surdi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston va SHHT oilasiga kiruvchi davlatlar oʻrtasida jami 36 ta hujjat, jumladan, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida 15 ta hamda Oʻzbekiston va Eron oʻrtasida 15 ta hujjat imzolandi. Samarqand sammiti doirasida qabul qilingan muhim hujjat va qarorlar Shanxay hamkorlik tashkilotini kelgusida taraqqiy toptirish va rivojlantirishning muhim yoʻnalishlarini belgilab beradi. Shuningdek, oʻzaro munosabatlar va aloqalarning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlaydi.

Uchinchidan, tashabbuskorlik Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining yorqin xususiyatiga aylandi. Ushbu xususiyat soʻnggi yillarda oʻzbek diplomatiyasi samarali faoliyatining ajralmas qismi sifatida namoyon boʻlmoqda. Oʻzbekiston dunyodagi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar faoliyatida hamda hamkor davlatlar bilan munosabatlarda mintaqa va dunyo taraqqiyotining dolzarb masalalari hamda insoniyatning barqaror rivojlanishi, shuningdek, ikki va koʻp tomonlama munosabatlarni yuritish va mustahkamlash yuzasidan asosli taklif va tashabbuslarni ilgari surmoqda. Ayniqsa, mamlakatimiz soʻnggi yillarda SHHT doirasida 50 dan ortiq taklif va tashabbus bildirgani ham fikrimiz isbotidir.

Toʻrtinchidan, Oʻzbekistonning SHHTga raisligi hamda Samarqand sammiti xalqaro ilmiy va akademik doiralarda yuksak eʼtirofga sazovor boʻlmoqda. Shunday eʼtiroflardan biriga eʼtibor qaratish oʻrinli boʻlar edi. Jumladan, jahondagi ilmiy va ekspert-tahliliy doiralarda yuqori nufuzga ega mutaxassis, Markaziy Osiyo boʻyicha Kembrij forumi raisi Siddxart Saksena bunday deydi: “SHXTning Samarqandda boʻlib oʻtgan sammiti boshqalarni siqib chiqarish va bosim oʻtkazish orqali emas, balki barchani birlashtirish orqali keyingi rivojlanish pozitsiyasini belgilashda hal qiluvchi rol oʻynadi.

Aynan shu yerda Shavkat Mirziyoyev hamjihatlik boʻyicha ajoyib tashabbusni ilgari surdi. Markaziy Osiyoning ijobiy tajribasi bugun global Samarqand tashabbusiga aylanmoqda. Xitoy va Hindistondan tortib Turkiya va Turkmanistongacha turli siyosiy va ijtimoiy tizimlar vakillari mushtarak maqsad yoʻlida birlashdilar. Bu inklyuzivlik, multilateralizm va sivilizatsiyalararo oʻzaro hamkorlik ruhining haqiqiy namoyonidir”.

Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti chin maʼnoda tarixiy uchrashuv boʻldi. SHHTga Oʻzbekiston raisligi davomida shakllangan “Samarqand ruhi” uzoq yillar davomida tashkilot faoliyatida aks etib turadi.