Ma’muriy hujjat va ma’muriy akt tushunchalari bir ma’noni anglatadimi?

    Fikr 25 May 2023 2959

    Ma’lumki, rivojlangan davlatlarning deyarli barchasida ma’muriy hujjat va ma’muriy akt tushunchalari keng qo‘llanilmoqda.

    Shuningdek, mamlakatimizda ham ma’muriy hujjat tushunchasiga ko‘p bora duch kelmoqdamiz. Masalan, qandaydir tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchisiz va uni qonuniy yo‘l bilan amalga oshirishni lozim deb topdingiz. Hech kimga sir emaski, mamlakatimizda noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar kam emas. Faoliyatingizning qonuniyligini ta’minlash uchun ham ruxsatnoma yoki litsenziya olishingiz zarur. Vakolatli organ tomonidan sizga berilgan litsenziya mu’muriy hujjat hisoblanadi. Endi esa ular haqidagi ma’lumotlarga to‘xtalib o‘tsak. Ma’muriy hujjat tushunchasini sodda qilib tushintiradigan bo‘lsak, bevosita ma’muriy organlar tomonidan ommaviy huquqiy munosabat faoliyatini amalga oshirish natijasi bo‘yicha chiqariladigan hujjat va u hujjatda manfaatdor shaxslar uchun huquq o‘rnatilishi, o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin bo‘lgan ta’sir chorasi hisoblanadi. Shu o‘rinda ma’muriy hujjat tushunchasi yanada tushunarliroq bo‘lishi uchun misol keltirib o‘tamiz. Masalan, siz birorta korxonaning rahbarisiz. Korxonada rahbar nima qiladi? Albatta, uni o‘z vakolatlaridan kelib chiqqan holda boshqaradi. Xodimingiz belgilangan ichki tartib qoidalariga rioya qilmasdan ularni buzdi va siz boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun unga nisbatan chora qo‘lladingiz. Bu chora ma’muriy hujjat hisoblanadi. Ma’muriy hujjat o‘ziga xos belgilarga ega:

    -ma’muriy organ tomonidan qabul qilinishi;

    -muayyan xatti-harakatni amalga oshirishga huquq beradi, o‘zgartiradi yoki bekor qiladi;

    -muayyan bir harakatlarni amalga oshirish choralarini belgilab beradi;

    -umummajburiy xususiyatga ega emas;

    -huquqni qo‘llash hujjati hisoblanadi;

    -individual xarakter kasb etadi.

    Yuqoridagi xususiyatga ega bo‘lgan hujjatlar ma’muriy hujjat hisoblanadi. Ta’kidlab o‘tganimizdek, ma’muriy hujjat kundalik hayotimizda ham uchrab turadi. Qay holatlarda deysizmi? Masalan, hokim tomonidan sizga tegishli tartibda yer ajratib berilganda yoki bo‘lmasa egalik qilib kelyotgan yeringizni olib qo‘yganda, shuningdek, ota-onasiz hamda voyaga yetmagan shaxslarga, muomala layoqati cheklangan shaxslarga homiy yoki vasiy tayinlanganda ma’muriy hujjat chiqariladi.

    Ma’muriy hujjat va ma’muriy akt bir ma’noni anglatadimi yoki yo‘q? Biz o‘qigan ayrim dasrliklarda bu ikki tushunchani bir ma’noni, shuningdek ayrim darsliklarda esa ikki xil ma’no anglatilishi keltirib o‘tilgan. Bu ikki jumla amaliyotda umuman farqlanmaydi, nazariyada esabir qancha farqlarga ega. Demak, bu farqlar quyidagicha:

    -ma’muriy hujjat ma’muriy organ huquq ishtirokchilarining huquqlarini o‘rnatuvchi, o‘zgartiruvchi yoki bekor qiluvchi huquqiy normalar yig‘indisi bo‘lsa, ma’muriy akt esa bevosita boshqaruv bilan bog‘liq bo‘lgan barcha xatti-harakatlarni tartibga solib turuvchi ta’sir chorasi sanaladi;

    -ma’muriy hujjat yozma shaklda tuziladigan ta’sir chorasi, ma’muriy akt esa yozma shaklga ega emas. Masalan, yo‘l belgilari, harakatlar, davlat avtomobil nazorati xodimlarining imo-ishoralari, shuningdek, signallar ham ma’muriy akt deb hisoblanishi mumkin.

    Chunonchi, ma’muriy akt hamda ma’muriy hujjatni birlashtirib turuvchi belgilar ham mavjud. Bular:

    -har ikkisi ham ma’muriy organ tomonidan qabul qilinadi va chiqariladi;

    -har ikkalasi ham individual xarakterga ega.

    Ma’muriy akt ma’muriy hujjatga qaraganda kengroq tushuncha hisoblanadi. U o‘zining ichiga ma’muriy hujjatlarni ham olishi mumkin. Ma’muriy aktda ma’muriy huquqiy munosabatlari vujudga keltiradi. Bu munosabatlarda taraflar o‘zaro teng bo‘lishmaydi va doim bir taraf bo‘lib davlat organi (ma’muriy organ, ya’ni mahalliy davlat hokimiyati organi, fuqarolarning o‘zini- o‘zi boshqarish organi va ularning mansabdor shaxslari) ishtirok etadi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, ma’muriy hujjat ustidan sudlarga murojaat qilish huquqi mavjud. Agarda siz ma’muriy hujjat huquqlaringiz va qonuniy manfaatlaringiz buzyapti deb hisoblasangiz yoki buzilyotganligini bilib qolsangiz, bilgan vaqtingizdan boshlab olti oy ichida sudga o‘sha ma’mumiy hujjat ustidan shikoyat bilan murojaat qilishingiz mumkin. Demak, ma’muriy hujjat yozma shaklga ega bo‘lgan qaror yoki boshqa hujjat ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Ma’muriy akt esa belgilar, harakatlar shaklida namoyon bo‘ladi. Ma’muriy hujjat va ma’muriy akt tushunchalari faqatgina nazariyada farqlanadi. Amaliyotda esa deyarli hech qanday farqlanmaydi va bu ikkisi bir tushuncha sifatida qo‘llaniladi.

    Madina Xaydarova,

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    Xususiy huquq fakulteti 2-kurs talabasi