Maʼnaviyat – eng muhim va hamma shugʻullanishi kerak boʻlgan masala

    Fikr 20 Yanvar 2021 4526

    Maʼnaviyat millatni taraqqiyotga yetaklovchi, davlatning qudratini oshiruvchi muhim omil sanaladi. Zero, insonning jamiyatdagi oʻrni uning moddiy boyliklari bilan emas, balki yuksak maʼnaviy qiyofasi bilan belgilanadi.

    Soʻnggi yillarda yurtimizda milliy madaniyatni yana-da rivojlantirish boʻyicha qator qarorlar qabul qilinib, yangi Oʻzbekistonning yangi tarixini yaratish yoʻlida izchil islohotlar olib borilmoqda. Bu oʻzgarish esa maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni davlatimiz siyosatida yana-da yuksak oʻringa koʻtardi.

    Ammo bugun dunyoda keskin kurash va raqobat hukm surmoqda, manfaatlar toʻqnashuvi kuchaymoqda. Globallashuv jarayonlari insoniyat uchun beqiyos yangi imkoniyatlar bilan birga kutilmagan muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Achinarli jihati, milliy oʻzlik va maʼnaviy qadriyatlarga qarshi tahdid va xatarlar tobora ortmoqda.

    Bunday tahlikali vaziyatda yoshlarni maʼnaviyatli qilib tarbiyalash, ularni kitob mutolaasiga jalb qilish, yoshlar oʻrtasida mutolaa madaniyatini manzilli qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish eng asosiy masala hisoblanadi. Chunki, barkamol avlodni voyaga yetkazishda kitobning tarbiyaviy ahamiyati beqiyos. Aynan mutolaa insonga bilim va axborot beradi, uning maʼnaviy olamini boyitadi.

    Shu jihatdan, bugun badiiy, maʼrifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etish, ular bilan taʼlim muassasalarini taʼminlash hayotiy zaruratdir. Qolaversa, kutubxonalarni yana-da yangilash, ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan adabiy asarlar sonini koʻpaytirish va sifatini yaxshilash lozim.

    Joriy yilning 19-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari bu masalaga alohida toʻxtalib, agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyat ekanini taʼkidladi.

    Ijtimoiy-maʼnaviy muhitni ilmiy asosda tahlil qilishni davrning oʻzi talab etayotgani, jamiyatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar shunday asosda yoʻlga qoʻyilmagani uchun ham kutilgan natijani bermayotganini aytgan holda, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ishini tanqidiy oʻrganib chiqib, faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligi qayd etdi.

    Videoselektor yigʻilishida ushbu markazning “Maʼnaviyat targʻibotchisi” oʻquv muassasasi negizida Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar institutini tashkil etish taklifi ilgani surilgani, aytish mumkinki, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga koʻtarishda muhim qadam boʻldi.

    Hozirgi kunda maʼnaviyat targʻiboti bilan oʻnlab tashkilotlar shugʻullanishi hech kimga sir emas. Lekin, ularning faoliyati aniq muvofiqlashtirilmayotgani, yagona tizimga birlashmagani sababli bir-birini takrorlash holatlari kuzatilyapti. Yigʻilishda bundan buyon Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi barcha hududiy kengashlarning, vazirlik, idora va tashkilotlarning maʼnaviy-maʼrifiy faoliyatini muvofiqlashtirib borishi belgilandi.

    Bu jarayonda markaz va uning tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnik taʼminoti keskin kuchaytirilishi, uning faoliyati ilmiy tadqiqot va targʻibot-tashviqot yoʻnalishlarida qayta tashkil qilinishi, aminmanki, xalqimizning intellektual salohiyati oʻsishiga, inson resurslari sifati oshishiga, respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy hamda innovatsion taraqqiyotiga xizmat qiladi.

    Yigʻilishda maktablar, oʻrta maxsus va oliy taʼlim dargohlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berilib, barcha oliygoh va ularning filiallarida mavjud shtat birliklari doirasida yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor lavozimi joriy etilishi taʼkidlandi. Maqsad bitta – erkin fikrlaydigan, jamiyat maqsad va manfaatlarini tushunib yetadigan, har tomonlama yetuk komil insonni tarbiyalash.

    Yana bir muhim jihat, bugun maktablarda yoshlarga taʼlim va tarbiya berish bilan bir qatorda, ularga maʼrifat va maʼnaviyatni chuqur oʻrgatish har qachongidan ham muhimroq. Bu borada joylarda yashab ijod qilayotgan professor-oʻqituvchi va yozuvchilarni keng jalb qilish, ularning ijod va isteʼdodlaridan unumli foydalanish yuqori samara berishi tayin.

    Yigʻilishda mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilib, “Bir ziyoli – bir mahallaga maʼnaviy homiy” tamoyili asosida har bir mahallaga professor-oʻqituvchi va taniqli ziyolilar biriktirilishi aytildi. Bunday anglash mumkinki, endilikda mahallalarga, oilalarga kitoblar bilan birga, maʼnaviyat, maʼrifat kirib boradi.

    Bir soʻz bilan aytganda, maʼnaviyat – eng muhim va hamma shugʻullanishi kerak boʻlgan masala hisoblanadi. Shunday ekan, mahallalarga yangi nur, yangi ziyo kirib borishi har bir rahbar, deputatlarning ham asosiy ishiga aylanishi lozim. Zotan, har qaysi davlat, har qaysi xalq intellektual salohiyati, yuksak maʼnaviyati bilan qudratlidir.

    Faxriddin SAMATOV,

    Oliy Majlis Qonunchilik

    palatasi deputati,

    OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi